Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Odamlar ilk marotaba «Jahannam qudug‘i» tubiga tushishdi (video, foto)

Odamlar ilk marotaba «Jahannam qudug‘i» tubiga tushishdi (video, foto)

Foto: Oman Cave Exploration Team/Oman Cave Exploration Team

Yamanda «Jahannam qudug‘i» nomini olgan chuqurlik bor. Mahalliy aholi uni yer osti dunyosiga eltuvchi darvoza va jinlar makoni deb o‘ylaydi.

O‘monlik speleologlar yurak yutib 112 metrli ushbu quduq tubiga tushgan ilk insonlar bo‘lishdi. Tafsilotlar «Frans-press» agentligi tomonidan e’lon qilindi.

Rasman Barxaut qudug‘i deya ataluvchi chuqurlik Yaman sharqidagi Al-Mahra viloyatida, O‘mon chegarasiga yaqin sahroning qoq o‘rtasida joylashgan. Dahani diametri 30 metrlik dahshatning o‘zi. Garchi havaskor-speleologlar ilgari ham quduqqa «bosh suqib ko‘rishgan bo‘lsa-da», hali hech birov qop-qorong‘u tublikkacha tushib ko‘rmagandi.

O‘tgan haftada Omani Caves Exploration Team (OCET)ning 10 nafar tadqiqotchisi Barxaut qudug‘ida tadqiqot o‘tkazishdi. Ular shkivlar tizimidan foydalanib quduqning tubiga tusha olishdi (shkivlar qancha ko‘p bo‘lsa yukni ko‘tarish uchun shuncha kam kuch sarflanadi). Quduq tubigacha jami 8 kishi tushdi, ikki tadqiqotchi tepada qoldi.

Foto: Oman Cave Exploration Team/Oman Cave Exploration Team
Foto: Oman Cave Exploration Team/Oman Cave Exploration Team
Foto: Oman Cave Exploration Team/Oman Cave Exploration Team

Tadqiqotchilar quduq tubida ilonlarni, o‘lgan hayvonlarni, g‘or marvaridlarini uchratishdi, ammo na jinlarni, na jahannamga yo‘lni topishdi, deyiladi xabarda.

G‘or marvaridlari — karstli g‘orlarda suvlarning tomchilashidan hosil bo‘ladigan kulrang yoki limon-yashil rangli kalsit sharlari.

«Suv, tosh, tuproq va ayrim o‘lgan hayvonlar namunalarini olib chiqdik, ularni endi o‘rganamiz», — dedi O‘mondagi Germaniya texnologiya universiteti geologiya professori Muhammad al-Kindi. U ekspeditsiyaning batafsil hisoboti tez orada e’lon qilinishini qo‘shimcha qildi.

Barxaut qudug‘ining yoshi fanga ma’lum emas, ayrim olimlarning fikricha, millionlab yillar avval paydo bo‘lgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring