Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qahvaxonalar, akvaparklar va hashamatli savdo markazlari: Shimoliy Koreyada yangi davr boshlanyaptimi?

Qahvaxonalar, akvaparklar va hashamatli savdo markazlari: Shimoliy Koreyada yangi davr boshlanyaptimi?

Foto: Reuters

Shimoliy Koreyada aholi uchun ko‘ngilochar maskanlar va iste’mol imkoniyatlari kengayib bormoqda. Mamlakat rahbari Kim Chen In aholining mablag‘ sarflashini rag‘batlantirish orqali iqtisodiy faollikni oshirish va savdoni davlat nazoratida ushlab turishga intilmoqda, deb xabar bermoqda Reuters.

Nashr savdo statistikasi, Shimoliy Koreya davlat OAV xabarlari hamda mamlakatga yaqinda tashrif buyurgan besh nafar xorijlik va ikki nafar shimoliy koreyalik qochqin bilan suhbatlar asosida mamlakatda hashamatli savdo markazlari, plyaj kurortlari, chang‘i maskanlari va boshqa hordiq chiqarish obyektlari ko‘payib borayotganini ma’lum qildi.

Xususan, Xitoy bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida Shimoliy Koreyaning massaj uskunalari importi 40 baravar oshgan. Yugurish yo‘lakchalari importi esa 600 foizdan ko‘proqqa ko‘paygan. Mamlakatga pianinolar va hatto bamper-karlar ham olib kirilmoqda.

Pxenyanda aholiga mo‘ljallangan yangi savdo va ko‘ngilochar obyektlar ham ochilmoqda. Reuters tomonidan tekshirilgan ijtimoiy tarmoq videolarida poytaxtdagi o‘tgan yili ochilgan Rangnang Aeguk Kumgang Service Complex savdo markazida aholi qahva ichib, maishiy texnika xarid qilayotgani ko‘rsatilgan.

Aprel oyida Kim Chen In qizi Kim Ju E bilan Pxenyandagi yangi uy hayvonlari do‘koniga ham tashrif buyurgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu siyosat faqat aholiga ko‘proq hashamatli mahsulot va xizmatlardan foydalanish imkonini berish bilan cheklanmaydi. Hukumat xususiy iste’mol xarajatlarini davlat nazoratidagi savdo va ko‘ngilochar tarmoqlarga yo‘naltirish orqali norasmiy bozorlarning ta’sirini kamaytirish va yangi daromad manbalarini yaratishga harakat qilmoqda.

Seuldagi Hyundai Research Institute ilmiy xodimi Kang Son Xyonning ta’kidlashicha, bunday yondashuv bozorlarda to‘plangan ishlab chiqarish, taqsimot va kapital oqimlarini davlat boshqaradigan rasmiy iqtisodiy makonga olib kiradi.

Bu jarayon Shimoliy Koreyaga qarshi hashamatli tovarlar, energiya va foydali qazilmalar savdosiga oid BMT sanksiyalari amalda bo‘lib turgan bir paytda yuz bermoqda. Janubiy Koreya Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya iqtisodiyoti 2025 yilda 3,5 foizga o‘sgan. Bu ketma-ket uchinchi yil mamlakat iqtisodiyoti 3 foizdan yuqori sur’atda o‘sganini anglatadi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyandagi yangi ko‘ngilochar infratuzilmani moliyalashtirish manbalari qatorida kriptovalyuta o‘g‘irliklari, Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilish uchun Shimoliy Koreya harbiylarining yuborilishi hamda ko‘mir va boshqa foydali qazilmalar eksportidan tushadigan daromadlar bor.

AQSh va boshqa davlatlar rasmiylari hamda kiberxavfsizlik ekspertlari Shimoliy Koreya davlatiga aloqador xakerlarni kriptovalyuta o‘g‘irliklari bilan bir necha bor bog‘lagan. Janubiy Koreyaning Institute for National Security Strategy tahlil markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreya 2023 yil avgustidan 2025 yil dekabrigacha Rossiya-Ukraina urushidagi ishtiroki orqali 14,4 milliard dollargacha daromad olgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring