Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toyvo Klaar: “Yevropa Ittifoqi har qadamda Ukraina bilan hamnafas”

Toyvo Klaar: “Yevropa Ittifoqi har qadamda Ukraina bilan hamnafas”

Foto: YeI delegatsiyasi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga sodiqdir. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar Toshkentda Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi boshlanganining to‘rt yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ko‘rgazma ochilishida ma’lum qildi. 

“Yevropa Ittifoqi Ukrainaga siyosiy, iqtisodiy, harbiy va diplomatik jihatdan eng yirik ko‘mak beruvchi tomon bo‘lib qolmoqda hamda adolatli va barqaror tinchlikka olib boruvchi har qanday ishonchli yo‘lni qo‘llab-quvvatlashga sodiqdir. Biz har qadamda siz bilanmiz va YeI timsolida siz doimo ishonchli va barqaror hamkorni topasiz”, – dedi elchi Toyvo Klaar.

YeI delegatsiyasi Ukraina elchixonasi bilan birgalikda “Ilhom” teatrida tashkil etgan ko‘rgazmada Ukraina madaniy ramzlari, ijtimoiy hodisalar, tarixiy voqealar va an’analarga oid turli nuqtai nazarlarni aks ettiruvchi asarlar jamlanmasi taqdim etilmoqda.

Ukrainalik illyustratorlar ijodiga mansub asarlarda zamonaviy vizual san’at orqali Ukrainaning go‘zalligi va boyligini ko‘rsatish, mamlakatning milliy o‘ziga xosligi va madaniy merosini keng jamoatchilikka taqdim etish ko‘zda tutilgan.

Foto: YeI delegatsiyasi

Ko‘rgazma joriy  yil 25-28 fevral kunlari “Ilhom” teatrida davom etadi.

Dastur doirasida ukrainalik teleboshlovchi Anton Ptushkinning “Biz, uy hayvonlarimiz va urush” nomli hujjatli film ham namoyish etildi. Kartina urushda jabr ko‘rgan hayvonlarni qutqarish uchun hayotini xavf ostiga qo‘yayotgan askarlar va ko‘ngillilar – ukrainaliklar hamda xorijliklar haqida hikoya qiladi. Bu shunchaki urush tasviri emas, balki insonparvarlik, mehr-shafqat va inson bilan hayvon o‘rtasidagi favqulodda bog‘liqlik haqidagi hikoyadir.

24 fevral kuni O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan YeIga a’zo davlatlar elchilari boshqa yevropalik hamkorlar bilan birgalikda qo‘shma videomurojaat yo‘llab,  Rossiya agressiyasi natijasida halok bo‘lgan yuzlab bolalar xotirasini yod etdilar.

YeI kengashi

Urushning to‘rt yilligi munosabati bilan Bryusseldagi YeI kengashi binosida birdamlik ramzi sifatida Ukraina bayrog‘i ranglari aks etdi. 

Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen 24 fevral kuni Kiyevga tashrif buyurdi va Bryussel Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi. 

Ma’lumotlarga qaraganda, YeI urush boshlangan 4 yil mobaynida Ukrainaga 200 milliard yevrodan ziyod ko‘mak ko‘rsatgan.

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya keng ko‘lamli urush boshlagan holda Ukraina hududiga bostirib kirgan edi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha monitoring missiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan to‘rt yil ichida kamida 15172 nafar tinch aholi vakili, jumladan, 763 nafar bola halok bo‘ldi. Bu faqat tasdiqlangan holatlar bo‘lib, real son bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

Urush Ukraina xalqi boshiga yana ko‘plab musibatlarni yog‘dirdi.

Avval xabar berganimizdek, Rossiya agressiyasining to‘rt yilligi munosabati bilan maxsus bayonot bergan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatni panohgohlarga kirishga majbur qilish mumkinligi, ammo ukrainaliklar aslo bosqinchiga bo‘ysunmasligini ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring