Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya rasmiysi Isroil josuslariga qarshi amaliyotga munosabat bildirdi

Turkiya rasmiysi Isroil josuslariga qarshi amaliyotga munosabat bildirdi

Turkiya prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun mamlakatda Isroil razvedkasiga xizmat qilayotgan josuslarni qo‘lga olish bo‘yicha o‘tkazilgan amaliyotga munosabat bildirdi.

F.Altun ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Turkiya OAVning josuslarga qarshi amaliyot haqidagi xabarini ilova qilar ekan, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning Isroil rasmiylariga yo‘llagan ogohlantirishidan iqtibos keltirgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2023 yil dekabr oyida Isroil razvedkasi HAMASning xorij, jumladan, Turkiyadagi yetakchilarini o‘ldirmoqchi ekani haqida xabar tarqalgan edi. O‘shanda prezident Erdo‘g‘on Isroilni qaltis harakatlarning ayanchli oqibatlaridan ogohlantirgandi.

«Bu ishni ko‘zlaganlar Turkiya va turklarni yaxshi bilmaydi shekilli. Agar ular xato ishga qo‘l ursa (HAMASning Turkiyada yashayotgan yetakchilariga suiqasd nazarda tutilmoqda – tahr.), buning uchun katta tovon to‘lashlarini bilishlari kerak... Qolaversa, biz kecha paydo bo‘lgan davlat emasmiz. Buni hech kim unutmasligi lozim», – deya Tel-Aviv rasmiylariga jurnalistlar vositasida murojaat qilgan Erdo‘g‘on.

Turkiyaning yuqori martabali mulozimi F.Altun Erdo‘g‘onning ushbu fikrini keltirar ekan, 2 yanvar kungi operatsiya orqali ogohlantirishdan amaliy ishga o‘tilganiga ishora qilgan.  

Turkiya matbuoti xabariga ko‘ra, 2024 yilning ikkinchi kunida Turkiya maxsus xizmati (MIT) boshqa huquq idoralari bilan hamkorlikda Isroil foydasiga xizmat qilgan josuslarni qo‘lga olish operatsiyasini o‘tkazdi. Istanbulning 8 ta nohiyasida 34 nafar fuqaro, asosan, xorijliklar qo‘lga olindi. Istanbul bosh prokuraturasi olib borayotgan tergov doirasida Isroil razvedkasiga aloqador 46 nafar shaxs aniqlangan. Amaliyot davom ettirilishi xabar qilingan. Bu so‘nggi uch yil ichida Turkiya huquq idoralari Isroil josuslarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazgan to‘rtinchi amaliyot sanaladi.

Avvalroq Turkiya milliy razvedka idorasi Isroilning «Temir gumbaz» deb nomlangan havo hujumidan mudofaa tizimini buzishga muvaffaq bo‘lgan falastinlik muhandisni «Mossad» qo‘lidan qutqarib qolgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring