Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda.  Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.

Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.

Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring