Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

OAVning erkinlashuvi shunchaki sohaviy o‘zgarish emas

OAVning erkinlashuvi shunchaki sohaviy o‘zgarish emas

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida jamiyatimizda erishilgan eng salmoqli yutuqlardan biri — so‘z erkinligi va OAV sohasidagi islohotlar bo‘ldi.

Bugun global axborot makoni davlatlar taraqqiyotiga bevosita va kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. So‘z erkinligi nafaqat jurnalistikaning kasbiy ehtiyoji, balki davlat boshqaruvi samaradorligi hamda fuqarolik jamiyati rivojini aks ettiruvchi ko‘zgudir. Muammolar ochiq aytiladigan, fikrlar erkin bildiriladigan va sog‘lom muloqot bor joydagina islohotlar o‘z mevasini beradi. Bugun O‘zbekistonda ham ochiqlik va jamoatchilik bilan doimiy muloqot davlat boshqaruvining bosh qoidasiga aylanmoqda.

Ochiq jamiyatda matbuot — davlat, jamiyat va fuqaro o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikdir. Bugun so‘z erkinligi nafaqat jurnalistlarning kasbiy huquqi, balki har bir fuqaroning o‘z fikrini qo‘rqmasdan ayta olishini anglatadi. Aynan shu sababli zamonaviy jurnalistikadan voqealarni shunchaki yoritish emas, balki ularning sabab va oqibatlarini tahlil qilish, muammolarning tub ildiziga yetib borish talab etilmoqda.

Mamlakatimizda 2017-yilda qariyb 1500 ta ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ularning soni 2700-taga yaqinlashdi. Shularning qariyb 67 foizi nodavlat nashrlar va platformalardir. Ilgari jamoatchilik fikrini shakllantirgan axborot maydonlari — televideniye, radio va gazetalar safiga yanada keng axborot taratish imkoniyati va auditoriyaga ega internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlar ham qo‘shildi.

Foto: O‘zJOKU

Infratuzilma, ekologiya, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi hayotiy sohalardagi muammolarni ochiq muhokama qilmasdan turib, ularning tizimli yechimiga erishib bo‘lmaydi. Ayniqsa, davlat organlaridan axborot olish qiyinlashgan vaziyatda jamoatchilik nazorati eng samarali dastakka aylanadi. Bunday nazorat qarorlar qabul qilinishini shaffoflashtiradi va ijro hokimiyatining xalq oldidagi hisobdorligini ta’minlaydi. Shu bois, davlat idoralari matbuot xizmatlarining faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqilib, ularning OAV bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, tizimli muloqoti yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, davlat organlari qoshidagi axborot xizmatlari rahbarlarining maqomi va mas’uliyati oshirilib, ularga rahbarning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi darajasi berildi. Vazirlik va hokimliklar matbuot xizmatlari faoliyatini doimiy baholab borish tizimi joriy etildi. Shuningdek, rasmiy munosabat bildirish tezkorligini oshirish maqsadida barcha davlat idoralarida matbuot anjumanlari va brifinglar o‘tkazish bo‘yicha majburiy tartib belgilandi.

Davlat organlari matbuot xizmatlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi, 2021-yil.
Foto: Facebook

Bugun xususiy telekanallar, internet nashrlari va blogerlar jamiyatni qiynayotgan muammolarni tobora faolroq kun tartibiga olib chiqilmoqda. Noqonuniy qurilishlar, daraxtlarning kesilishi, yo‘llardagi xavfsizlik yoki davlat idoralari ishidagi kamchiliklar haqidagi chiqishlar katta jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lyapti.

Mana shunday chiqishlar davlat boshqaruvida ochiqlik, mas’uliyat va xalq oldida hisob berish talabini kundan-kunga kuchaytirishga xizmat qilyapti. Endilikda OAV yoki bloglarda ko‘tarilgan masalalar ko‘p vaziyatlarda mas’ul tashkilotlarning e’tiborini muammoga qaratishning eng muhim va eng ta’sirli vositasiga aylanib ulgurdi.

Milliy matbuotimizning eng zaif nuqtalaridan biri — voqea-hodisalarni yuzaki bayon etish, muammolarning asl sabablarini tizimli tahlil qilolmaslik bilan bog‘liq edi. Vaholanki, davlatimiz rahbari sohadagi islohotlarning ilk davridayoq OAV oldiga aniq talab qo‘ygan: matbuot shunchaki kuzatuvchi emas, muammolarning tub omillarini ochib beruvchi va tanqidiy tahlil yurituvchi qudratli kuch bo‘lishi shartlgini ta’kidlagandi:

El-yurtimizning ezgu orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, bu yo‘lda g‘ov bo‘lib turgan turli to‘siqlarni, byurokratizm, loqaydlik, ta’magirlik, korrupsiya kabi salbiy illatlarni dadillik bilan ko‘tarib chiqib, ularga qarshi murosasiz jamoatchilik fikrini shakllantirishni o‘z kasbi, o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb biladigan jurnalistlarni men haqiqiy jurnalist deb hisoblayman.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari erkinligi va senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi alohida mustahkamlandi. Shuningdek, Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosining chiqarib tashlanishi axborot sohasini liberallashtirish yo‘lidagi tizimli qadam bo‘ldi.

Mazkur huquqiy o‘zgarishlar raqamli nashrlar va mustaqil loyihalarning faollashishiga, axborot makonining kengayishiga xizmat qildi. Xususan, qonunchilikdagi bunday yengilliklar jamiyatda muqobil fikrlilik muhitini shakllantirib, ilgari tilga olinishi murakkab bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni dadil ko‘tarib chiqishga yo‘l ochdi. Natijada an’anaviy nashrlar bilan bir qatorda yangi axborot platformalari, surishtiruv loyihalari va tarmoqlardagi mualliflik bloglari jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi, davlat idoralarining faoliyatiga xolis baho beruvchi ta’sirchan kuchga aylandi.

Raqamli texnologiyalar axborot makonidagi an’anaviy muhitni butunlay o‘zgartirdi. Endilikda auditoriya faqatgina tayyor kontentni iste’mol qilmay, balki axborotni mustaqil yaratish va tarqatish imkoniyatiga ham ega.

Bunday shiddatli jarayonda tezkorlik bilan bir qatorda ma’lumotlarning xolisligi, faktlarni chuqur tekshirish (faktcheking) va kasbiy mas’uliyat ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Raqamlashuv axborot tarqatishdagi avvalgi yakkahokimlikka (monopoliyaga) chek qo‘yib, davlat organlari va tahririyatlardan yangi voqelikka tezroq moslashishni hamda ish uslublarini yangilashni taqozo qilmoqda.

OAV va matbuot sohasida kadrlar muammosini bartaraf etish maqsadida qilingan muhim ishlardan biri Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilishi bo‘ldi. O‘quv dasturlariga mediamenejment, faktcheking (axborotni tekshirish) va raqamli jurnalistikaga oid zamonaviy fanlar kiritildi. Bu kabi o‘zgarishlar soha uchun zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan, kasbiy standartlarni yaxshi biladigan mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Foto: O‘zJOKU

Shavkat Mirziyoyev yaqinda soha xodimlari yo‘llagan tabrigida davlatning so‘z erkinligi borasidagi qat’iy pozitsiyasini yana bir ta’kidladi:

Men mamlakat rahbari sifatida milliy ommaviy axborot vositalarimiz davlat va jamiyat o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajarish barobarida xalqimizni umummilliy manfaatlar asosida birlashtiradigan, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni ezgu maqsadlar sari yetaklaydigan qudratli ma’naviy kuchga aylanishi uchun barcha yordam va ko‘makni ko‘rsatishga doimo tayyorman.

Muxtasar aytganda, OAVning erkinlashuvi va transformatsiyalar — shunchaki sohaviy o‘zgarish emas, balki kuchli fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lidagi strategik qadamdir. Jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarni chuqur tahlil qila oladigan va faktlarga tayanadigan muhitni yaratish orqali biz milliy manfaatlarimizni axborot xurujlaridan himoya qila olamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring