O‘zbekistonda oliy ta’lim: ochiq eshiklardan — sifat bosqichiga
Yaqinda e’tiborga molik bir raqam e’lon qilindi: bugun O‘zbekistondagi har 25 kishidan biri talaba ekan. Aniqroq aytganda, 2025/2026-o‘quv yili boshida mamlakat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotganlar soni 1 million 535 ming nafarga yetgan.
Mamlakatimizda oliy ta’limga kirish va talabalar soni bo‘yicha rekordlar o‘rnatilmoqda va yangilanmoqda. Xususan, 2025/2026-o‘quv yilida O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlariga 409,7 ming nafar talabalikka qabul qilindi. Bu avvalgi o‘quv yiliga nisbatan 28 ming nafarga yoki 7,3 foizga ko‘pdir.
Foto: Yuz.uz
Ma’lumotlarga ko‘ra, magistraturaga qabul qilinganlar soni bir yil ichida 21,6 ming nafardan 36,8 ming nafarga yetgan. Bu 70,4 foizlik o‘sish degani. Magistraturaning umumiy qabuldagi ulushi ham 5,7 foizdan 9 foizga ko‘tarildi.
Umuman olganda, so‘nggi besh yilda oliy ta’limga qabul qilinganlar soni 235,9 ming nafardan 409,7 ming nafarga yetib, qariyb 74 foizga oshgan. Ayniqsa, qizlar ulushining ko‘payishi, magistratura qabulining keskin o‘sishi va talabalarning umumiy soni 1,5 milliondan oshgani O‘zbekistonda oliy ta’lim qamrovi kengayishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 215 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bular shunchaki raqamlar emas, balki jamiyatimizda yuz berayotgan katta o‘zgarishlar ifodasidir. Vaholanki, yaqin-yaqingacha yoshlarning aksariyati universitet ostonasidan hatlab o‘tishni tasavvur ham qilolmasdi. Talabalik sanoqlilarga nasib etuvchi baxt, oliy ma’lumotli bo‘lish ko‘pchilik uchun armon edi.
Bugun ta’limda o‘zgarishlar katta: xususan, yangi oliy ta’lim muassasalari ochildi, xususiy sektor kirib keldi, qabul imkoniyatlari kengaydi, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish boshlandi, universitetlarning xalqaro aloqalari rivojlanmoqda. Natijada talabalar soni millionlik chegaradan oshib, universitet hayoti jamiyatning keng qatlamlarini qamrab olgan jarayonga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi oliy ta’lim tizimini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta’minlash asosida ta’lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida qabul qilingan. U sohaning uzoq muddatli maqsadlarini belgilab berdi. 2019-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun esa ta’lim tizimidagi munosabatlarni yangi talablar asosida tartibga soldi.
Albatta, oliy ta’limdagi haqiqiy natija faqat talabalar soni yoki universitetlar ko‘payishi bilan emas, balki bitiruvchilarning bilimi, ko‘nikmasi va mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi bilan o‘lchanadi. Tizim oldidagi asosiy vazifalardan biri oliy ta’lim eshiklarini kengroq ochish edi. Endi esa boshqa bosqich: yaratilgan imkoniyatlar qanday natija beryapti, universitetlar qanday mutaxassis tayyorlayapti va bitiruvchilar zamonaviy iqtisodiyot talablariga qanchalik mos kelyapti — shular bosh masalaga aylandi.
Yaqinda Prezidentimiz xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishib chiqdi.
Taqdimot ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga, talabalar soni esa 270 ming nafardan 1,7 million nafarga yetgan (1,5 mln — marra emas).
«Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universiteti hamda O‘zbekiston Milliy universiteti nufuzli xalqaro reytinglarda dunyoning eng yaxshi mingta oliy ta’lim muassasasi qatoridan o‘rin oldi. Oliygohlardagi 157 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Ta’kidlanishicha, 2030-yilga qadar kamida 5 ta oliygohni umumiy reyting bo‘yicha, yana 10 tasini fan yo‘nalishlari kesimida dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatoriga kiritish maqsad qilingan. Shuningdek, 100 ta oliygoh dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, kamida 150 ta texnikumda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish rejalashtirilgan.
Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari va pedagoglarining kamida 30 foizini xorijiy til, kasb va mutaxassislik bo‘yicha xalqaro sertifikatlar bilan ta’minlash, texnikumlarning 2,5 ming nafar hamda oliygohlarning 20 ming nafar pedagogini xorijda malaka oshirishga yuborish vazifalari belgilangan.
Xususiy universitetlar tizimga raqobat olib kirdi
Eng katta o‘zgarishlardan biri — nodavlat sektorning faol shakllana boshlaganidir. Bir necha yil avval mamlakatda oliy ta’lim asosan davlat universitetlari atrofida qurilgan edi. Bugun esa manzara ancha o‘zgargan: xususiy universitetlar, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari va yangi ta’lim modellari paydo bo‘ldi.
Foto: Camuf.uz
Xususiy sektor universitetlar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirdi. Raqobat har qanday tizim uchun muhim harakatlantiruvchi kuchdir. Endi universitetlar nafaqat talabani qabul qilish, balki uning ishonchini oqlash, sifatli ta’lim berish va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassis tayyorlash uchun ham harakat qilmoqda.
Raqamlashtirish — masofalarni yaqinlashtirdi
Mamlakatimizni qamrab olgan raqamlashtirish epkinlari oliy ta’limga yangilanishlar, odamlarimiz hayotiga qulayliklar olib kirdi.
Ilgari abituriyentlar hujjat topshirish uchun boshqa shaharlarga borishi, navbat kutishi va ko‘plab qog‘ozbozlik jarayonlaridan o‘tishiga to‘g‘ri kelardi. Bugun esa bu jarayonlarning katta qismi onlayn amalga oshirilmoqda. Bu nafaqat vaqt va mablag‘ni tejaydi, balki chekka hududlardagi yoshlar uchun ham oliy ta’lim imkoniyatlarini yanada yaqinlashtiradi.
Raqamlashtirish universitet boshqaruvini ham o‘zgartirmoqda. Avval ko‘plab jarayonlar qog‘oz shaklida amalga oshirilgan bo‘lsa, bugun ma’lumotlarni elektron tarzda yig‘ish, tahlil qilish va qaror qabul qilish imkoniyatlari kengaymoqda. Bu nafaqat talabalar uchun qulaylik yaratadi, balki universitet rahbariyatiga ham ta’lim jarayonini yaxshiroq boshqarish imkonini beradi.
Zamonaviy universitet uchun raqamlashtirish — bu faqat texnologiya emas. Bu boshqaruv madaniyatining o‘zgarishidir.
Qizlarning oliy ta’limdagi ishtiroki — ulkan ijtimoiy voqelik
O‘zbekiston oliy ta’limidagi eng muhim tendensiyalardan yana biri — qizlarning ta’lim jarayonidagi ishtiroki ortib borayotganidir.
2025/2026-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan talabalarning 55,4 foizini qizlar tashkil etdi: 409,7 ming nafar yangi talabaning 226,8 ming nafari — qizlar. Umuman olganda, 2023/2024-o‘quv yilidan buyon oliy ta’limga qabul qilinayotgan qizlar soni yigitlar sonidan yuqori bo‘lib kelmoqda.
Bu raqam ortida faqat ta’lim statistikasi emas, balki jamiyatdagi muhim o‘zgarishlar ham ko‘rinadi.
Bugun ko‘plab oilalar qiz farzandining oliy ma’lumot olishiga avvalgidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratayotgani quvonarli holat. Chunki ta’lim nafaqat kasb egallash, balki insonning mustaqil qaror qabul qilishi, o‘z salohiyatini namoyon etishi va jamiyatdagi o‘rnini belgilashiga xizmat qiladi.
Qizlarning oliy ta’limdagi ishtiroki ortishi kelajakda mehnat bozori, ilm-fan va boshqaruv sohalarida ham yangi imkoniyatlarni ochadi.
Bu jarayonni faqat ta’lim sohasidagi natija sifatida emas, balki mamlakatning ijtimoiy rivojlanishidagi muhim o‘zgarish sifatida baholash mumkin.
Oliy ta’limdan ishga
Oliy ta’lim sifatini baholashda eng muhim mezonlardan biri — bitiruvchining keyingi taqdiridir. O‘tgan oy prezident Shavkat Mirziyoyev uchun o‘tkazilgan taqdimotda shu masala kun tartibida bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilda respublikamiz oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirdi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘lami sezilarli kengaygani tufayli mehnat bozoriga kirib kelayotgan bitiruvchilar soni ham ortib bormoqda. Ularning bandligini ta’minlashda bitiruvchilar bilan individual ishlash, ularni iqtisodiyot tarmoqlaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, oliygohlarda karera markazlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bitiruvchilarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan «Kelajakka qadam» dasturi doirasida 2025-yilda 6 mingdan ortiq loyihaga 378 milliard so‘m ajratildi va qariyb 8 ming nafar yoshning bandligi ta’minlandi. 2026-yilda esa 8 mingdan ziyod loyihani moliyalashtirish uchun 500 milliard so‘m yo‘naltirish hamda 10 mingga yaqin yoshni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Bitiruvchilar bandligini oshirish maqsadida «TalabaExpo-2026» kasb ko‘rgazmalarini hududlarda kengaytirish, vazirliklar, mahalliy hokimliklar va ish beruvchilar mas’uliyatini kuchaytirish nazarda tutilgan. Barcha jarayonlar career.edu.uz platformasi orqali monitoring qilinib, bitiruvchilar bilan ishlashning yagona vertikal tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, barcha oliygohlarda karera markazlari faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilib, ularning samaradorligi «Bitiruvchi sifati indeksi» asosida baholanadi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan 20 ta oliygoh karera markaziga 500 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Joriy yilda oliygoh va fakultetlar miqyosida mehnat yarmarkalari hamda ish beruvchilar ishtirokida mingdan ortiq uchrashuvlar o‘tkaziladi.
2026/2027-o‘quv yilidan barcha oliygohlarda «Tadbirkorlik asoslari» fani joriy etilib, talabalarning startaplari, spin-off korxonalari, ishlab chiqarish bilan integratsiyasi va dual ta’lim mexanizmlarini kengaytirish choralari amalga oshiriladi. Bu orqali kadrlar tayyorlash mehnat bozori ehtiyojlariga yanada yaqinlashtirilib, ish beruvchilarning bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashdagi ishtiroki kuchaytiriladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Xulosa o‘rnida
Oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning haqiqiy samarasi universitetlar soni yoki qabul ko‘rsatkichlari bilan emas, balki iqtisodiyot uchun raqobatbardosh mutaxassislar, yangi g‘oyalar va innovatsiyalarni yaratish salohiyati bilan belgilanadi. Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning quyidagi fikri sohaning strategik ahamiyatini aniq ifodalaydi:
«Odamlarimiz yaxshi yashashi uchun iqtisodiyotimiz kuchli bo‘lishi kerak! Buning uchun yangi tovar, yangi xizmat, yangi texnologiya kerak! Sifatli ta’lim tizimi orqaligina bularga erisha olamiz! Boshqa yo‘limiz yo‘q!».


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter