Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Nursiz kelajak, boshi berk ko‘cha...

Nursiz kelajak, boshi berk ko‘cha...

Foto: «Likar.info»

«Ko‘nglimga qil ham sig‘maydi, hamma joy juda qorong‘u. Yuragim besaranjom, qo‘rquv, tahlika holu jonimga qo‘ymaydi. Yashagim kelmaydi. Ammo bu xayol meniki emasligini bilaman. Chunki inson yashashni istashi kerak. Nega men yashashni xohlamayman. Axir muammolar hammada ham bo‘ladi». Savollarimga javobni kitobdan axtaraman. Javondan «Spravochnik «Psixologiya» degan kitobni ochib o‘qiy boshladim. Ana o‘shanda ilk bor «depressiya», «stress» degan iboralarga duch keldim.Garchi ko‘nglim hech narsadan taskin topmayotgan, hech narsadan quvonmayotgan, umidsizlik butun qalbimni qamragan bo‘lsa-da, buning o‘tkinchi holat, tushkunlik, ya’ni kasallik ekanligini angladim. Har kechqurun «ertaga hammasi boshqacha bo‘ladi», deb uxlayman. Ertalab yana shu ahvol — qora xayollar, ko‘ngil besaranjomligi, buni ta’riflashga til ojiz, birgina so‘z aytishim mumkin: bu holatga tushgan odamning nafaqat bir kuni yoki soati, daqiqasi azob bilan o‘tadi. Miyangizga o‘rnashib olgan sizga notanish xayollardan qochib qutulishni istaysiz. Xuddi qalbingizda do‘zaxni ko‘tarib yurganday bo‘lasiz. Hamma narsadan qochib qutulish mumkin, ammo o‘zlikdan qochib bo‘larmikan?»

Bundan yigirma yil oldin kundalikka yozilgan qaydlar.

Muammoning yechimi bor

Ruhiyat juda katta jumboq. Bu holatning har daqiqasi qanchalar azob bilan o‘tishini boshidan o‘tkazganlargina his qiladi. O‘shanda tushuniksiz holatdan chiqib ketish uchun yo‘l izlar ekanman, kitobdagi «bu holat o‘tkinchi» degan birgina jumla, garchi o‘sha payti sabrga ham hafsalam bo‘lmasa-da kutishga undagan. Mana, oradan yigirma yil o‘tdi. O‘sha holatni his qilolmayman. Ammo nega men o‘sha payti yomon holatni his qilganman va bu holat o‘zimga yoqmagan, unutishni xohlasam ham yovuz xayollar tark etmagan. Bu o‘zingiz kuchingiz yetadigan holat emas. Bu atrofingizdagilarning birgina «yomon, o‘lim haqidagi xayollarni miyangdan chiqarib tashla» degan gapi bilan siz yupanch, taskin topadigan holat emas.

Xo‘sh, nima uchun odam o‘z joniga qasd qiladi. Buni oson deb o‘ylaysizmi?

Depressiya aslida muammolar keltirib chiqaradi. Bu haqda juda ko‘p mulohazali maqolalar yozilmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Psixologlar, psixiatrlar, psixonevrologlar, suitsidologlar ta’kidlashicha, depressiyaga yomon o‘tgan bolalik, oiladagi muammolar, axborot asrida stresslarning ko‘payishi sabab bo‘larkan.

Muammolarni kimdir yuragiga olmay o‘ylaydi, yana kimdir yuragiga yaqin oladi. Yana depressiyani vijdon kasalligi, deyishadi. Yana manbalarda turli muammolar — yaqin odamini to‘satdan yo‘qotish, ishidan ayrilish, xiyonat — bularning barchasi inson qalbida salbiy hissiyotlarni tug‘diradi, agar bu salbiy hissiyotlarni ichga yutaversa, ya’ni stresslardan vaqtida holi bo‘lmasa, qalbni qiynayotgan muammolar ortidagi salbiy hissiyotlar ong ostida to‘planadi va bir kun barchasi ong yuzasiga qalqib chiqib — depressiya holati yuzaga keladi.

Ong yuzasiga qalqib chiqqan bu hissiyotlarni ijobiy hissiyotlarga almashtirish uchun esa insonga yordam kerak bo‘ladi. Salbiy hissiyotlar ortidan keladigan qora xayollarni bu holatda bo‘lmagan odam osongina haydashi mumkin. Ammo depressiya holatidagi odam, masalan o‘g‘lining to‘yida ham xursand bo‘lolmaydi, qizi o‘qishga kirsa quvonmaydi, moddiy tomondan rag‘batlantirilsa ham ko‘ngli ko‘tarilmaydi, garchi o‘zi buni istasada, qalb istamaydi. Men buni «qalbni o‘lib» qolganiga o‘xshataman. Xohlaysiz xursand bo‘lishni, xohlaysiz hayotni sevishni, xohlaysiz boshqalardek xotirjamlikni, ammo qalbingiz miq etmaydi. Ana shu xohishingizga javob ololmaganingiz sizni battar azoblaydi, azoblaydiki, dunyo ko‘zingizga jahannamdek ko‘rinadi. Bu holat haqida psixologlarimiz tinmay bong urishi, bong urishi, bong urishi kerak.

Bong urayapmiz. Yechim qayerda?

Hech kim bu holatga tushmayman, deb ishonch bilan ayta olmaydi, ya’ni kafolatlanmagan. Qolaversa, mavjud ekanmiz hayotning muammolari tugamaydi. Muammolardan, internet xurujidan, axborot ko‘pligidan boshqa sayyoraga qochib ketishning ham imkoni yo‘q. Demak, har bir inson buning O‘TKINChI holat ekanligini anglab yetmog‘i kerak. Bolalikdanoq immunitet hosil qilish shart. Men mana shunday holatga tushgan juda ko‘p odamlar bilan gaplashganman.

S.: «Bundan bir necha yillar oldin, ikkinchi farzandim tug‘ilib, shu holatga tushib qolgach asab ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizishdi. Uxlatadigan, miyani dam oldiradigan dorilar yozib berishdi. Oradan bir oy o‘tgach, men qaytadan tug‘ildim. Ko‘zimga hayot juda chiroyli ko‘rina boshladi. Men avvalgidek optimist odamga aylandim. Ha, men depressiyadan keyin hayotga boshqacha ko‘z bilan qaray boshladim. Undan keyin 10 yillar ijarama-ijara yurishlar, moddiy qiyinchiliklar men uchun muammo emasligini anglab yetdim. Ana shunday muammolarga duch kelganimda, axir men har daqiqasi azob bilan o‘tadigan, butun quvonchlarimni, butun orzu-umidlarimni tortib olgan, ular o‘rniga eng qora va yovuz hissiyotlarni qalbimga joylagan, har soniyasi azob, dahshatli azob bilan o‘tadigan, o‘zimga mutloq bog‘liq bo‘lmagan holat — depressiyani yengib o‘tgan odamman, derdim. Depressiyaning har xil darajalari bo‘ladi. Menga o‘xshab bir lahza ham o‘zini qayerga qo‘yishni bilmaydigan, hech narsadan taskin topa olmay qoladigan og‘ir holatiga uchragan odam bu holatning o‘tkinchi ekanligini, yana ijobiy hissiyotlari o‘ziga qaytishini bilgandagina qutulib qoladi, bilmasa bu holatga chidash azob...»

Ha, mana shunday azobli hissiyotlarga qalbi dosh berolmagan qanchadan- qancha odam o‘z joniga qasd qilmoqda. Qasd qilmasligi uchun esa unda bu holat haqida yetarlicha bilim bo‘lishi kerak.

Mutaxassislar nima deydi?

— Shunday holatni boshidan kechirganlar depressiyadagi odamlarga hamisha yordam berishga tayyor turadi. Chunki u o‘sha holatning nimaligini yaxshi biladi va ayni paytda shu holatga tushgan odamni his qiladi, — deydi psixolog Lola Sultonova. — Bu holatga tushgan odamga sog‘lom, hayotni sevib yashayotgan odamning ovutishlari sira yoqmaydi. Unday odamlarni shu holatni boshidan kechirgan va yenga olgan odamlarning «men ham bir paytlar xuddi shu narsalarni boshimdan o‘tkazganman, ahvolim senikidan ham og‘ir bo‘lgan, hammasini yengib o‘tganim uchun mana men qarshingdaman,» degan daldasi yordam beradi. Buni psixologlar juda yaxshi biladi. Xorijda ko‘pgina psixologlar aynan shu metodikadan foydalanadi.

Ya’ni, turli ko‘ngillilardan tashkil etilgan jamiyatlarga depressiyani boshidan o‘tkazganlarni chaqirishadi. Ular depressiyada holatida murojaat qilganlar bilan tajribalarini o‘rtoqlashishlari uchun. Demak, ayni paytlarda mana shunday ko‘ngillilar jamiyatlarini bizda ham tuzish fursati yetdi.

Yana bir juda mashhur metodika bor. Shu holatdagi odamga e’tibor bermasdan «e’tibor» ko‘rsatadigan tajriba. Balog‘at yoshida farzandlarimiz har tomonlama o‘ziga e’tibori kuchaygan vaqtda tashqi qiyofasidan kamchiliklar qidira boshlashadi. Bir qiz «oyoqlarim uzun» degan fikrni miyasiga singdiradi. Va bu go‘yoki og‘ir o‘ydan tushkunlikka tushadi. Ko‘chaga ham chiqmaydi, ovqat ham yemay qo‘yadi. Atrofdagilarning sening oyoqlaring uzun emas, juda chiroyli degan gaplari mutlaqo ta’sir qilmaydi. Uning muammosi shunchaki chiroyligiga ishonmay qo‘ygani uchun ham azoblanadi.

Xo‘sh, o‘zini ishontirolmagan odam chetdagi odamning gapiga osongina ishonadi, deb o‘ylaysizmi. Agar depressiyani boshidan o‘tkazayotgan — «yashashni istamayman», degan odamga birgina «hayot chiroyli, tabassum qil» degan gap ta’sir qiladigan bo‘lsa, deyarli hech kim o‘z joniga qasd qilmasdi. Xullas, shifokor shunday yo‘l tutadi:

U qizning onasi bilan kelishib oladi, go‘yoki kasal ayolni tekshirishga kelgandek qizga mutlaqo e’tibor bermaydi. Ikkinchi kun yana onani — ayolning holidan xabar olishga keladi. Va qizga bee’tiborgina nazar tashlab «oyoqlaringni yana biroz o‘stirsang bo‘larkan, ko‘proq kalsiyga boy sabzavotlarni yeyishing kerak, bo‘yi uzun yigitlarga kalta oyoqlar yoqmaydi», degan gapni aytadi. Shu birgina gapdan qizning kayfiyati ko‘tarilib hayotga qaytadi.

Yoki o‘zimizning mashhur bir rivoyatni eslaylik... Hamma narsasi badastir malika suv ichayotib suvning aksida go‘yo qurbaqani ko‘rib qoladi va uni ichib yubordim deb tushkunlikka tushib, to‘shakka mixlanadi. Tabib esa u qayt qilgan tog‘oraga bildirmay qurbaqani solib qo‘yadi va mana ichingizdagi qurbaqa qaytib chiqdi, deya ishontiradi. Ya’ni, shifokorning ustamon ishontirish qobiliyati bu holatga tushgan odam uchun eng yaxshi davo.

Juda chuqur depressiyani tomchi dorilar, antidepressantlar, suv muolajalari, kerak bo‘lsa gipnoz yo‘li bilan davolash lozim.

Chorasizlik

Ma’mur Qo‘rg‘onboyev, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi tinglovchisi, mayor:

 — Psixolog N.A.Berdyayev yozganidek: «O‘z joniga qasd qilish psixologik hodisadir va uni tushunish uchun o‘z hayotini tugatishga qaror qilgan insonning ruhiy holatini tushunish lozim. O‘z joniga qasd qilish hayotning maxsus, o‘ziga xos daqiqasida, qora to‘lqinlar ko‘ngilni qamrab olgan, umid uchqunlari so‘nggan paytida sodir etiladi. O‘z joniga qasd qilish psixologiyasi, eng avvalo, chorasizlik psixologiyasidir»...

Agar zamondoshlarimizning va o‘tgan asrda yashagan odamlarning o‘zini his qilishini qiyoslaydigan bo‘lsak, bizning jamiyatimiz tanlov va harakatda katta erkinlikka egaligi tashqi illyuziyasi holatida ko‘proq tashqi dunyoga qaramdir. Ommaviy madaniyat apparati orqali jamiyat doimiy ravishda qandaydir hayotiy muvaffaqiyat standartlarini qabul qildirishga urinadi. O‘sha muvaffaqiyatlarga mos kelmaslik fojia sifatida idrok etiladi. Ehtimol, zo‘riqishli holatlar oldinlari ham bundan kam bo‘lmagan, biroq odamlar ruhan bardoshliroq, kamroq noziklashgan, ya’ni tirik qolish ko‘proq kuch va harakatni talab qilgan, bu esa hayotni yanada qadrli qilib ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Chunki insonga faqatgina qiyinchilik bilan erishgan narsasini qadrlash xosdir.

Nursiz kelajak, boshi berk ko‘cha

B. ismli bemor shunday deydi: «Mening ahvolim juda yomon edi. Pulsizlik, ishsizlikdan qattiq tushkunlikka tushdim. Farzandlarimni qanday boqaman, degan vos-vos xayolidan qutulolmay qoldim. Uyda o‘tirsam vos-vos xayollar meni battar qiynayverardi. Biror ish bilan ham chalg‘iyolmay qoldim. Shu darajaga yetdimki, bir joyda o‘tirolmaydigan behalovat odamga aylandim. Men kelajakni nursiz, boshi berk ko‘chaga kirib qolgandek tasavvur qilardim. Meni mana shu Toshkent shahar asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasiga qo‘shnim olib keldi. Yetib kelgunimcha mashinaning ichidagi beholovatligimni tasvirlab berolmayman. Qalbimdagi noxush hislar shu darajada qiynab tashladiki, hatto svetofordagi ozgina kutib qolganlik ham meni besaranjom qildi. Shartta mashina eshigini ochib tushib qoldim. Qo‘shnim bilan ukam meni mashinaga qaytarib olib kelishdi. G‘alayon faqat mening ichimda edi, yuzimda esa hamma qatori xotirjamlik.

Shifoxonada aytgan oxirgi gapimni eslayman. «Boshqa qalbimdagi og‘ir hislarga (o‘zini ayblash, o‘zini yomon ko‘rish, o‘zini xunuk tasavvur qilish, o‘zini kerak emasdek his qilish), yopishqoq xayollarga chidolmayman meni uxlatib qo‘yinglar iltimos». Bir oyga yaqin kun muttasil tomchi ukol jo‘natishdi, tabletkalar berishdi, tinimsiz uxladim va ikki haftaning ichida tushkun xayollardan qutuldim. Hatto o‘sha holatimni his qilolmadim».

 ***

Biror joyda odam o‘z joniga qasd qilibdi desa depressiya holatidan chiqolmabdi-da deb o‘ylayman. Haqiqiy depressiya holatidagi odamga ham, uyidagi janjallardan bezib o‘z joniga qasd qilgan odamga ham ruhiy xasta deb ma’lumotnoma to‘g‘rilashadi osongina. Bunda ko‘pchilik javobgarlikdan qutulib qoladi go‘yo. Ammo nega u o‘z joniga qasd qildi? Ruhiyatidagi o‘zgarishlarni nega atrofdagilar sezmadi? Chet elda har bir inson bu kasallikni yaxshi biladi. Chunki har bir oilaning psixologi bor, bolalikdan ularga stresslar bilan qanday kurashishni o‘rgatadigan. Bizda-chi, oramizda ko‘pchiligimiz depressiya nima ekanligini bilmaymiz. Xalqimizda vos-vos deyishadi. Eskichasiga o‘qitishadi, folbinlarga yugurishadi. Ammo bular qanchalik naf beradi, noma’lum. «Vos-vos» ruscha-tibbiyot terminida «trevoga» va «strax» deyiladi. Ya’ni, odamning besaronjomligi, har bir narsadan xavotirga tushishi, behalovatligi, eng qizig‘i, bunday odam qalbidagini kamdan kam tashqariga chiqarishi.

Tabassum qil... Psixologlarimizning bu gapi ozgina tabassumini yo‘qotgan odamlargagina ta’sir qilishi mumkin. Ammo hayotiy muammolar har tomondan yopirilib kelganda tabassum qilolmaydigan holatlar bo‘ladiki, bizga tabassum qilishni emas, muammolar bilan kurashishni o‘rgatadigan, kuchni qayerdan olishni o‘rgatadigan psixologlar kerak.

 Depressiyaning yuzi yo‘q

2017 yilda internetda fleshmob tarqaldi. Ya’ni, o‘z joniga qasd qilgan yoki urinib ko‘rganlarning bir necha soat yoki daqiqalar oldin tushgan suratlari. Barcha suratlarda ular kulib turishibdi. Ularni tushkunlikka tushgan deb bo‘lmaydi. Mutaxassislarning fikricha, depressiyaga tushgan odamni har doim ham aniqlab bo‘lmas ekan. Shuning uchun ham ba’zida birov o‘z joniga qasd qilibdi deyishsa «axir kechagina ko‘ruvdim, o‘ynab-kulib yuruvdiya», «Birga ovqatlandik, kayfiyati yaxshi edi» degan gaplarni eshitib qolamiz. Tushkunlikka tushgan odamni farqlash qiyinmas. Ammo xayolidagi fikridan qutulolmayotgan odamni bilish qiyin. Masalan o‘sha suratlarning birida yosh qiz diskotekada quvnoq holatini qo‘ygan va quvnoq holatida xayolidan mana bu gaplar o‘tgan: «Ketayotganimda yo‘lda mashina urib ketsa ham mayli edi».

Demak, vaziyat jiddiy, bunday holatdagi odam hatto raqsga tushib ham o‘zini chalg‘itolmaydi, to‘g‘rirog‘i qutulmoqchi bo‘lgan xayollaridan ayrilolmaydi. Mana shu yerda ota-onalar chalkashadi. Aslida o‘smirning birgina siz meni yaxshi ko‘rmaysiz yoki hammasi jonimga tegdi degan gapi ota-onalar uchun «signal» bo‘lishi kerak. «Meni yaxshi ko‘rmaysiz, hammasi jonimga tegdi, men hech kimga kerak emasman», degan gap osonlikcha og‘izdan chiqib ketayotgan gap emas. Bu qalbning hayqirig‘i. Qalbning «meni qutqaring, azobli o‘ylardan, azobli og‘ir xayollardan qutqaring», degani.

«Depressiya — u juda qattiqo‘l, o‘zini tushkunlikda ko‘rishlarini istamaydi. Chalg‘ituvchi holat: Aslida sening qalbingdan o‘tayotganini bilishlari uchun o‘zingni nochor ko‘rsatishing kerak. Ammo nochor ko‘rsatging kelmaydi. Shu bois, qayergadir yashiringning keladi. Yashirina olmaysan, demak odamlarga o‘zingni baxtli ko‘rsatishing kerak, shuning uchun ham olamga jilmayib qaraysan.

Depressiya — ertalab juda charchagan holda turasan, dilqorong‘uligi bilan. Shu lahzalarda chaqindek charchog‘ingni, dilqorong‘uligingni ko‘rsatmaslik uchun kuchli istak paydo bo‘ladi.

Depressiya — ko‘z yoshlar, behalovatlik. Qo‘rquvni, qalbingdagi qorong‘ulikni ko‘z yoshlaring bilan yashirmoqchi bo‘lasan. Yig‘lab turib jilmayasan.
Depressiya — qorong‘ulik va judayam sovuq yerto‘laga tushib qolganday bo‘lasan. Lekin shu bilan sen odamlar orasida hammadek baxtiyor ko‘rina olasan. Bahslashishdan foyda yo‘q. Chunki depressiyaning yuzi yo‘q».

Bu ijtimoiy tarmoqdagi rus qizining o‘z sahifasidagi depressiya haqida yozganlari. Ya’ni, bu ba’zi ayni paytda shu holatdagi o‘smirlarning qalbidan o‘tayotganlari ham bo‘lishi mumkin.

Suitsid ayyor virus

Keyingi paytlarda ketma-ket bir oiladan yoki bir maktabdan bolalar o‘z joniga qasd qilayotgani haqida eshitayapmiz. Sababi nima? U yuqumlimi, degan savol tug‘iladi.

Kaliforniyalik sotsiolog Devid Filippis izlanishlari natijasi shuni ko‘rsatdiki, suitsidga OAV, mediaolamning ham ulushi katta ekan. Sotsiolog 1940 va 1960-yillar o‘rtasidagi suitsidlarni tahlil qilar ekan, bunga gazetalarning bosh sahifasida shu mavzuga oid maqolalarning ko‘p chiqqanligini isbotlab beradi. Ya’ni, qaysi hududda shu voqea yoritilgan bo‘lsa, o‘sha hududda birdaniga suitsid soni ko‘payib ketadi. Ayniqsa, biror mashhur shaxsning o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xabarlardan keyin odamlarning o‘z joniga qasd qilish holatlari «faol»lashadi.

Masalan, Merilin Monro o‘limidan keyin Amerikada o‘z joniga qasd qilishlar soni 12 foizga o‘sadi. Ushbu suiqasd boshqa kishilarga, ayniqsa, ruhiy zaiflik yoki kasallikdan aziyat chekayotganlarga ijtimoiy me’yorlarga zid bo‘lgan xatti-harakatni amalga oshirish uchun «ruxsatnoma» olib bergandek go‘yo.

Sotsiolog keyingi safar «Los Angeles Times» va «San Francisco Chronicle» nashrlarida Kaliforniya shtatidagi yo‘l hodisasi bilan bog‘liq suitsidlarni tahlil qiladi. Avariya sodir qilgan haydovchining o‘z joniga qasd qilgani haqidagi maqoladan keyin ikki kundan o‘tib yo‘l harakati bilan bog‘liq hodisalar soni 4,1, uch kundan keyin 3,1 to‘rt kundan keyin 8,1 foizga ko‘payganini, faqat o‘n kun o‘tgandan keyin vaziyat yaxshilanganini aniqlaydi.

Rubinshteyn degan yana bir mutaxassis 6000 kishi yashaydigan Ebey orolida 1955-yildan 1965-yilgacha bironta suitsid qayd etilmaganini ta’kidlaydi. 1966 yil bir o‘smir velosiped o‘g‘rilab qamoqxonada o‘z joniga qasd qilgach, gazeataning birinchi sahifasidan katta maqola beriladi, shundan so‘ng 12 yil ichida 25 suitsid holati ro‘y beradi. Ya’ni, bu 6000 aholisi bor orolda har yiliga ikkitadan odam o‘z joniga qasd qiladi degani. Yana bir qiziq fakt: Qozog‘istonda o‘z joniga qasd qilish haqidagi axborotlarning berilishi to‘xtatilgandan keyin bu holatning 35 foizga kamayganligi aniqlangan.

Ogoh bo‘ling, OAV...

Demak, o‘z joniga qasd qilish haqidagi xabar tarqatish bilan bu virusga chek qo‘yib bo‘lmaydi. Hali bunday xabarlarga tayyor bo‘lmagan yoshlarning ongini, qalbini keraksiz axborotlar bilan to‘ldirmaslik kerak. Bunday fojia haqida xabar topgan ichki ishlar sohasidagi xodimlar, o‘qituvchilar, psixologlar o‘sha oila bilan qattiq shug‘ullanishi, boshqalarda bu holatga reaksiyasini kuzatishi, ular bilan ochiq suhbatlar o‘tkazishi lozim bo‘ladi.

Voqeaning sababi, oqibatidan tashqari, bu chiqib ketsa bo‘ladigan holat ekanligini, o‘z joniga qasd qilgan odam shu narsani anglab yetmagani uchun sodir bo‘lgani tushuntirilishi lozim. Arqonning rasmini, yoki qo‘l kesilganining rasmini qo‘yib xabar berish yana kimningdir suitsidiga sabab bo‘lish mumkin. Avvalo bunday holatdagi odamga shunchaki osilib turgan sim ham o‘ziga chaqirayotgandek tuyuladi. Jurnalistlar bu haqda maqola yozayotganda, albatta buning o‘tkinchi holat ekanligini eslatib turishi kerak.

Ya’ni, maqola yozilgan taqdirda ham albatta izoh: «eslatib o‘tamiz bu o‘tkinchi holat» degan qo‘shimcha qo‘shilsin.

Ushbu maqola bilan aytmoqchi bo‘lganimiz:

Atrofingizdagi shunday odamlarga depressiya holatiga tushish uyat emas va shu bilan birga davolanish ham uyat emasligini anglata oling. Ularga sizning muhokamangiz kerak emas. Ularga «men buni bilaman, buni his qilaman, bu o‘tkinchi holat, bunga faqat kuchli bo‘lish, hammadan bir qadam oldinda yurish istagidagi odamlar ko‘proq moyil bo‘ladilar. Va bu holatdan chiqib ketgach eng kuchli odamga aylanadi. Bu irodaning toblanishi», deb aytishga jur’at toping.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichining eng past darajasi musulmon mamlakatlarida qayd etilgan.

Mutaxassislar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha statistikasini «Gellap ijtimoiy fikr instituti» tomonidan turli mamlakatlar aholisining dindorlik darajasi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari bilan taqqosladilar. Bu ikki ko‘rsatkichlar orasida bog‘liqlik borligi aniqlandi, ya’ni mamlakatda aholi qanchalik e’tiqodli bo‘lsa, o‘z joniga qasd qilish holatlari shunchalik kam kuzatiladi.

Keyingi maqolamizda masalaning mana shu tomoniga alohida urg‘u beramiz.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети