Termizga Xitoydan 15 ta «Zhongtong» avtobuslari olib kelindi
Termiz shahri jamoat transporti parki Xitoyda ishlab chiqarilgan 15 ta zamonaviy Zhongtong avtobuslari bilan to‘ldirildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi harakat tarkibi shaharda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi «Best Logistictrans Termez» xususiy korxonasi tomonidan xarid qilingan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu avtobuslar barcha toifadagi yo‘lovchilar uchun maksimal darajada moslashtirilgan:
- Imkoniyati cheklangan fuqarolarning transportga to‘siqsiz chiqib-tushishi va harakatlanishi uchun maxsus sharoitlar mavjud;
- Transport vositalari yaqin kunlarda Termiz shahar yo‘nalishlarida yangi tizim — brutto-shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.
Yangi avtobuslarning ishga tushirilishi shaharda transport xizmatlari sifatini oshirish, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda jamoat transporti tizimini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-yanvaridan boshlab Termiz shahridagi jamoat transportida yo‘l haqini naqd pulsiz — faqat bank kartalari va elektron bir martalik chiptalar orqali to‘lash tizimi joriy etilgan edi.
Bunda maxsus infokiosklardan xarid qilingan chiptalar avtobus ichidagi validatorlarda skaner qilinadi va chiptadan ortib qolgan mablag‘ esa yo‘lovchining telefon raqami balansiga qaytarib beriladi.
Muayyan yo‘nalishlarda jamoat transportini brutto-shartnoma asosida yangilash jarayoni respublikaning boshqa hududlarida ham faol davom etmoqda.
Avvalroq xuddi shunday loyiha doirasida Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahri uchun ham 24 ta Zhongtong rusumli zamonaviy avtobuslar olib kelingani va yo‘nalishlarga chiqarilishi rejalashtirilgani xabar qilingan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter