Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Istanbulda Durdona Hakimovaning dugonasi ham o‘ldirilgani rasman tasdiqlandi

Istanbulda Durdona Hakimovaning dugonasi ham o‘ldirilgani rasman tasdiqlandi

Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avval Durdona Hakimovaning o‘limi bilan bog‘liq hodisadan so‘ng bedarak yo‘qolgan deb topilgan 1994 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Ergashaliyeva Sayyoraning vafot etgani aniqlangan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi.

Ma’lum qilinishicha, marhuma Durdona Hakimovaning yaqin dugonasi bo‘lgan. Tergov jarayonida gumonlanuvchilar S.Ergashaliyeva yuzasidan ko‘rsatma berishdan bosh tortgani qayd etilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 22 yanvar kuni marhumalar hamda gumonlanuvchilar Istanbul shahrining Fotih tumanida joylashgan restoranlardan birida birgalikda tushlik qilgan. Uchrashuv davomida S.Ergashaliyeva va gumonlanuvchilardan biri o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Taxminlarga ko‘ra, mojaro marhumaning O‘zbekistonga qaytish niyati bilan bog‘liq masala sababli chiqqan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, 23 yanvar kuni gumonlanuvchilar til biriktirib, S.Ergashaliyevani pichoqlab o‘ldirgan va jasadni bo‘laklab, Fotih tumanidagi chiqindilar qutilariga tashlashgan.

24 yanvar kuni esa ular marhumaning telefoni orqali D.Hakimovaga xabar yuborib, uni chaqirgan va xuddi shu usulda jinoyat sodir etgan. Ikkinchi holatda jasad qismlari Shishli tumanidagi chiqindilar qutilariga tashlangani bildirilgan.

Ommaviy axborot vositalarida S.Ergashaliyevaning jasadi topilgani haqida xabarlar tarqalgan. Biroq Istanbul Adli Tıp Kurumu (Istanbul Sud tibbiy ekspertizasi)ga hozircha jasad olib kelinmagani ma’lum qilingan.

O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mazkur holatni doimiy nazoratga olgan bo‘lib, Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, ular aybiga iqror bo‘lgani va hujjatlar sudga taqdim etilgani bildirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring