Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Uch yoshli qizaloqni mast holatda traktorda sudrab ketgan shaxslar qamaldi

Uch yoshli qizaloqni mast holatda traktorda sudrab ketgan shaxslar qamaldi

Illyustrativ foto.

Buxoro viloyati, Peshko‘ tumanida spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda traktor boshqargan qudalar uch yoshli qizaloqning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Ulardan biri 6 yilga, yana biri 2 yilga qamaldi.

Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tumani sudi raisi Alisher O‘ralov ma’lum qildi.

2022-yilning 24-aprel kuni Peshko‘ tumanining «Mirishkor» MFY Musicha qishlog‘ida yashovchi 1995-yilda tug‘ilgan S.D. uch yoshli qizi D.ni tomorqasiga yetaklab chiqqan. Ona tomorqa yerining namligi bois, qizini qishloqni kesib o‘tuvchi yo‘l chetida qoldirgan. O‘zi esa qizidan, chamasi, ikki metrcha uzoqlikdagi tomorqasida ishlayotgan bo‘lgan. Shu payt harakatlanish qoidasini buzib, tezlikni oshirgan holda yurib kelayotgan traktorga ko‘zi tushgan va qizini olish uchun uning yoniga yugurgan. Biroq ulgurmagan.

«Onaning ko‘z oldida bolasini traktorning temir langarlari sudrab ketgan. Qizaloq og‘ir jarohat olgan. Va vafot etgan. Ayolning yana bir nafar 1,5 yoshli o‘g‘li bor. U uyda bo‘lgan. Sud-tergov jarayonlarida shu qishloqda yashovchi fuqaro B.S. tong sahardan qudasi Q.A.ni mehmonga chaqirgan. Ular ertalabdan spirtli ichimlik iste’mol qilishgan.  Mast holatdagi qudalar birgalikda traktorga chiqishgan va uni boshqarishga kirishishgan»,-deydi sud raisi.

O‘ziga tegishli bo‘lgan «T-28» rusumli, davlat raqam belgisiz traktorining qudasi B.S. tomonidan boshqara olinmayotganini ko‘rgan Q.A. uning qo‘lidan rulni olishga uringan. Biroq, B.S. traktor rulini bermagan va qudasiga qarshilik ko‘rsatgan.

«Eng oxirgi daqiqalarda fojea sodir bo‘layotganiga, traktorni esa to‘xtata olish imkoni mutlaqo yo‘qligiga ko‘z oldimda guvoh bo‘ldim. Bu dahshat edi. O‘zimni kechira olmayman. Bir oila oldida ham, Alloh oldida ham gunohkorman. O‘sha kunimga, spirtli ichimlik iste’mol qilgan kunimga la’nat. Har qanday jazoga loyiqman»- bu sudda Q.A.ning o‘kirib aytgan so‘zlari edi.

B.S. fojeani ko‘rib, qo‘rqib qolgan va traktor oldida qudasini tashlab, voqea joyidan qochib ketgan.

«To‘g‘ri qaynukamning uyiga bordim. Voqeani aytib berdim. Bu paytda qudam Q.A.ni ichki ishlar xodimlari olib ketishgan. Va u barcha aybni bo‘yniga olgan ekan. Men esa haliyam shokda edim», — degan B.S. sud oldiga javob berar ekan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Q.A. o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilmishiga yarasha jazoga loyiq ekanini bildirgan. Xuddi shuningdek, jabrlanuvchi tomon ham sudlanuvchilarga nisbatan qamoq bilan bog‘liq jazo tayinlashini qat’iy talab qilishgan.

Biroq. B.S. o‘z aybiga iqrorlik bildirmasdan, turli vajlar keltirgan. Uning vajlari  huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan keltirilgan dalillar bilan to‘liq rad qilingan.

«B.S.ning vajlari javobgarlikdan qutilish maqsadida keltirilgan vajlar edi. U sodir qilgan jinoiy harakat «Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzishi odam o‘limiga sabab bo‘lishi»da ifodalangan O‘zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) ning 2-qismi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilindi. Sudlanuvchi Q.A.ga nisbatan esa «Transport vositasidan foydalanish uchun mas’ul shaxsning mast holatdagi yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida bo‘lgan shaxsni temir yo‘l, dengiz, daryo, havo, avtomobil transporti yoki boshqa transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘yishi badanga og‘ir shikast yetkazilishiga yoxud odam o‘lishiga sabab bo‘lish»da ifodalangan O‘zbekiston Respublikasi JKning 261-moddasining 1-qismi qo‘llanildi», — dedi sud raisi Alisher O‘ralov.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tumani sudi hukmiga ko‘ra, B.S. 3 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan va unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Q.A. esa 2 yil muddatga qamalgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring