Navoiyda 7 yashar bola «KaMAZ» haydadi
Navoiyda 7 yashar bola «KaMAZ» boshqardi. Uning xohishi fojeaga aylanishi mumkin edi.
«Akam menga katta KamAZ mashinasini berdi. Men uni boshqardim. Endi qaytib bu ishni qilmayman...» degan so‘zlarni aytgan R.Sh. ismli bolaning yoshi bor-yo‘g‘i, 8 da. Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, R.Sh. rulga o‘tirgan vaqtida, atigi, 7 yoshda bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea 2025-yilning sentyabr oyida Navoiy viloyati, Karmana tumanida sodir bo‘lgan bo‘lgan. Uning videosi esa joriy yilning iyun oyida ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan. Xususan, Instagram orqali tarqalib, keng jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgan video yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan zudlik bilan surishtiruv ishlari olib borilgan. Aniqlanishicha, R.Sh.ga yuk avtomashinasini boshqarishga uning ammasining o‘g‘li Q.X. ruxsat bergan.
Jarima maydoniga vaqtinchalik saqlash uchun joylashtirilgan ulkan yuk avtomashinasi - «KamAZ»ni aynan, shu yosh bola boshqargan bo‘lgan.
«Mashina haydashni o‘rgataman, deb noto‘g‘ri qaror qabul qilganimdan afsusdaman. O‘sha vaqtda buning oqibati shunchalik jiddiy bo‘lishini anglamagan ekanman», — deydi Q.X. qilmishidan pushaymonligini bildirib.
Mazkur holat yuzasidan Karmana tumanida yashovchi fuqaroning xatti-harakati, shuningdek, ota-onaning farzandini yetarli darajada nazorat qilmagani bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Ularga qonun talablari, yo‘l qoidalarining ahamiyati hamda bunday beparvolikning ayanchli oqibatlari haqida batafsil tushuntirish berilgan va profilaktik videorolik namoyish etilgan.
«Bir qarashda oddiy hazil yoki bolaning xohishini bajarishdek tuyulgan bu harakat, aslida, yuzlab insonlarning hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin edi. Tasavvur qiling, bir necha tonna og‘irlikka ega yuk avtomashinasi rulga o‘tirgan, hatto, tormoz pedaliga ham zo‘rg‘a yetadigan bola uchun o‘yinchoq emas. Afsuski, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan targ‘ibot ishlari muntazam olib borilayotganiga qaramasdan, hali-hamon ayrim kattalar bolalarning erkaligi yoki qiziqishini, deb ularni avtomobil boshqarishga qo‘yib yubormoqda. Har bir ota-ona, har bir haydovchi shuni unutmasligi kerak: bolaning orzu-havasini amalga oshirishning o‘rni bor. Ammo, bu orzu boshqalarning hayoti evaziga ro‘yobga chiqmasligi shart»,—deydi Fayozjon Qosimov.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter