Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Oltin tog‘» vasvasasi: Navoiyda jinoiy guruh qo‘lga olindi

«Oltin tog‘» vasvasasi: Navoiyda jinoiy guruh qo‘lga olindi

«Navoiy tog‘-kon metallurgiya» kombinati tarkibida oltin kukuni bo‘lgan katta miqdordagi qum uyumlari tegishli cho‘l tizmalariyu, yaqin tumanlarning belgilangan hududlarida to‘planib borishi va bu qum tog‘i kelajakda qayta ishlab, tarkibidan oltin ajratib olish uchun mo‘ljallangani ko‘pchilikka ma’lum.

Uzoq yillarki, Navoiy va Buxoroning qator hududlarini tutashtirib turuvchi hududlarida qo‘nim topgan bu «oltin tog‘»lar mahalliy fuqarolarni ham ohanrabodek o‘ziga jalb qilib kelgan. Shunday qumlarni aylanma yo‘llar orqali tashishgan, o‘g‘irlashgan, guruh-guruhlashib, turli jinoyatlar sodir etishgan, hatto, to‘s-to‘polongacha borishgan. Ushbu jinoyatga qarshi kurash kuchaygan sari uyushgan jinoyatlar sodir etilishi sezilarli avom etib kelmoqda.

Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayoz Qosimovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, yaqinda yana xuddi shunday jinoiy guruh faoliyati fosh etilgan.

Moddiy daromad olish ishtiyoqi, oltin vasvasasi ortidan nafs qurboniga aylangan navbatdagi  jinoiy guruh aniqlangan. Holat yuzasidan tergov harakatlari boshlab yuborilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, jinoiy guruh o‘tgan yilning yozida Navbahor tumani «Qalqonota» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Sarmishsoy» tog‘ tizmasidagi yer maydonlarida yashirin ravishda noqonuniy oltin qazish ishlarini boshlashgan. Jinoiy guruh bir necha oy faoliyatini davom ettirib, sun’iy hovuz va ag‘darma maydonlarni tashkil qilgan. Unda ko‘plab fuqarolar tarkibida oltin bo‘lgan tog‘ jinslarini to‘plash bilan shug‘ullangan.

IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi, viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati hamda DXX Navoiy viloyati boshqarmasi  xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir olib borilgan.

Qayd etilishicha, jinoyat alomatlarini aks ettirgan qum uyumlari hovuz, ag‘darma va turli buyumlar qonuniy tartibda rasmiylashtirib olingan.

Mazkur jinoiy guruh faoliyati davomida tarkibida 9 kg 928 gramm miqdordagi umumiy narxi 15 milliard 551 million 219 ming so‘mlik oltin moddasi mavjud bo‘lgan tog‘ jinslarini o‘zlashtirishga erishgan.

Keng qamrovli tezkor tadbir davomida holatga juda ko‘p ashyoviy dalillar ham tegishli tartibda hujjatlashtirilgan. Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakunlari yuzasidan ushbu shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring