Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

DXX hibsxonasida qiynoq qo‘llanilgani aytilmoqda. Prokuratura holat yuzasidan bayonot berdi

DXX hibsxonasida qiynoq qo‘llanilgani aytilmoqda. Prokuratura holat yuzasidan bayonot berdi

Foto: «Daryo»

«Daryo» internet nashrida «Agar molga bizni qiynagandek azob berishsa, u ham gapirib yuborardi. «Kondesat ishi»da ayblanayotgan qashqadaryoliklar DXX hibsxonasida qiynoqqa solinganini aytdi» sarlavhali maqola chop etildi.

Qayd etilishicha, ochiq sud majlisida «kondensat ishi»da ayblanayotgan Alisher Gulistonov va Dilshod Umarov DXX tergov hibsxonasidagi tergov jarayonida qiynoqqa solingani, soatlab qo‘lidan osib qo‘yilib, ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazilganini, agar «tergovchilarning aytganini qilmasa, otasi va akasini qamatib yuborish bilan qo‘rqitgani»ni aytgan.

Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati prokuraturasi axborot xizmati bayonot berdi.

Bayonotda keltirilishicha, viloyat prokuraturasi va DXX viloyat boshqarmasi xodimlaridan iborat tergov guruhi tomonidan o‘tkazilgan dastlabki tergovda N.Normurodov Muborak tuman IIB boshlig‘ining 1-o‘rinbosari M.Saidmurodov va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari rahnamoligida muntazam ravishda «Muborak neft va gaz qazib chiqarish» boshqarmasiga qarashli quvurlarni teshish yo‘li bilan gaz kondensat va neft xom-ashyosini o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilish bilan shug‘ullanib keluvchi Qashqadaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida yashovchi fuqarolardan iborat uyushgan guruh tashkil etib, 2019-yilda 6 ta holatda jami 240,1 tonna gaz kondensat va neft xom-ashyosini o‘g‘irlik yo‘li bilan yashirin ravishda talon-toroj qilishganligi aniqlangan.

Tergovda uyushgan jinoiy guruhning 31 nafar a’zosiga JKning 169-moddasi 4-qismi «a», «v» bandlari va boshqa moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, 10 nafariga qamoq, qolganlariga qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot choralari qo‘llanilgan. «Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasida qamoqqa olinganlar Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati organlarining tergov hibsxonalarida saqlanishi ko‘rsatilgan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida uyushgan guruh faoliyatida ichki ishlar organlari xodimlari ishtiroki aniqlanganligi, tergovning xolisona o‘tkazilishi, tergov sirining fosh etilishini oldini olish maqsadida qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan ayblanuvchilar Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasining tergov hibsxonasida saqlangan. Tergovda ayblanuvchilarning himoya huquqi ta’minlanib, ular bilan bog‘liq barcha tergov harakatlari himoyachilari ishtirokida JPKning 91-moddasiga asosan videoyozuv vositalaridan foydalangan holda o‘tkazilgan bo‘lib, ayblanuvchilarga 24 marotaba himoyachilari bilan holi uchrashishlari, o‘rnatilgan tartibda 8 marotaba yaqin qarindoshlari bilan uchrashishlari va 7 marotaba telefon orqali so‘zlashishlari ta’minlanib, har 3 kunda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib borilgan. Shuningdek, tergov organi tomonidan JPKning 142-moddasiga asosan qamoqda saqlangan ayblanuvchilar bilan himoyachilari ishtirokida guvohlantirish tergov harakati o‘tkazib borilib, ularda tan jarohatlari aniqlanmagan.

DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasining tergov hibsxonasida videоkuzatuv vositalari o‘rnatilgan bo‘lib, qamoqqa olingan ayblanuvchilarga nisbatan tergov hibsxonasida jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilmagan.

Hozirda jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudida ko‘rib chiqilmoqda. Ayblanuvchilarning ularga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazilganligi haqidagi vajlariga sud tomonidan ham huquqiy baho beriladi, – deyiladi prokuratura bayonotida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring