Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eslov. Andijon hokimi matbuot kotibining «ishi» nima bo‘ldi?

Eslov. Andijon hokimi matbuot kotibining «ishi» nima bo‘ldi?

Uch oy burun ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimi matbuot kotibi Mirzohid Botirovga tegishli ekani aytilayotgan yozishmalarning nusxasi (skrinshot) tarqalgani katta shov-shuv keltirib chiqarganidan xabaringiz bor. Ya’nikim, yozishmalarda M.Botirov go‘yoki ijtimoiy tarmoq orqali o‘ziga tanish va ancha sinashta bo‘lgan boshqa foydalanuvchi bilan «dildan suhbat» quradi. Yozishmalarning haqorat-u  uyatsiz gaplarga to‘la bo‘lgani o‘z yo‘liga. Undagi asosiy nuqta — onlayn suhbatda gap aylanib, blogerlarga taqalganda matbuot kotibi asakalik blogerning «...joyi ko‘rsatib qo‘yilgani», «hokim tiq» degani uchun «tiqilgani»ni yozib bo‘lmas haqoratlar bilan bayon qilar ekan, uning «15 kunda mulla bo‘lgani»niga urg‘u bergani ko‘pchilikning e’tiborini tortgandi.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy bayonot berar ekan, «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida «Yoshlar olami» akkaunti bilan foydalanuvchi Mirzohid Botirovning ushbu akkaunti xakerlik (?!) hujumiga uchraganini bildirgandi. Turgan gap, anchagina antiqa bu bayonot ko‘plarning esasini qotirgandi.

Ko‘p o‘tmay Bosh prokuratura masalaga faqat tergov yo‘li bilan aniqlik kiritish mumkinligini e’tiborga olib, holat bo‘yicha JKning 139-moddasi («Tuhmat») 3-qismi «g» bandi va 140-moddasi («Haqorat qilish») 2-qismi jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.

Mana, oradan bir chorak yildan ko‘proq vaqt o‘tdi.

Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi qanday yakun topdi?

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, jinoyat ishi Andijon viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi katta tergovchi S. Nasirdinov tomonidan ish yurituviga olinib, tergov harakatlari olib borilgan.

Xususan, Andijon viloyat hokimligining qator xodimlari guvoh tariqasida so‘roq qilingan. Shuningdek, M. Botirov tomonidan foydalanib kelinayotgan uyali aloqa vositasi tegishli tartibda olinib, EKBM mutaxassislari ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Ko‘zdan kechirish davomida ishga aloqador narsalar aniqlanmagani aytiladi.

Biroq yuzaga kelgan pandemiya jadal sur’atlarda ketayotgan tergov ishining beliga tepibdi. Ya’nikim, pandemiya sharoitida tergov xarakatlari o‘tkazishlikning imkoniyati yo‘qligini, tergov harakatlari to‘liq o‘tkazmasdan turib aybdor shaxsni aniqlab, unga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlashni imkoniyati yo‘qligini inobatga olib, vaqtinchalik harakatdan to‘xtatilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari qachon tiklanishi hozircha noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, «yozishmalar» sabab ko‘tarilgan shov-shuvlardan ko‘p o‘tmay Andijon viloyati hokimi matbuot kotibi M. Botirov o‘z xohishiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring