Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hibsda turib qarzidan qutulmoqchi bo‘ldi

Hibsda turib qarzidan qutulmoqchi bo‘ldi

Fotokollaj: «Xabar.uz»

Sarlavhadan ajablanyapsiz-a? To‘g‘ri. Giyohvand moddasi bilan qo‘lga tushgan kimsa hibsda turib nimayam qila olishi mumkin? Qarzdan qutulishni-ku aytmasayam bo‘ladi!

Mirzacho‘llik Akram Asqarov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) giyohvand modda bilan qo‘lga tushgandi. Yana deng «opiy» bilan! Hammasi hujjatlashtirilib, tergov harakatlari boshlandi. Tabiiyki, tergovda og‘uni kimdan olgani so‘raldi. Shunda Akramboyning yodiga O‘sar Meliqulov tushsa bo‘ladimi? «Opiy»ni undan oldim, deb aytsa-chi?

Nega aynan O‘sar?

Gap shundaki, Akramning O‘sardan katta miqdorda qarzi bor: 13 million so‘m! Hozirgi ahvoli ma’lum: bir necha yil «olib ketishi» aniq. «U yoqdan» qachon va qanday chiqishidan qat’i nazar, O‘sar haqidan kechmasligi tayin. Agar narkotikni undan oldim desa, O‘sar ham o‘zi bilan kirib ketadi... Tushiga kirmagan g‘urbatlarga duchor bo‘lgan odam birovdagi haqini o‘ylarmidi?

Akram Asqarov shunday qildi ham. Kiprik qoqmay og‘ir kunida qarz berib, shu orqali ko‘maklashgan tanishiga nisbatan yolg‘on guvohlik berdi.

Dastlabki tergov jarayonida vaziyatga oydinlik kirguncha O‘sarning ancha-muncha asabi qaqshagani tayin. Yaxshiki, ko‘p o‘tmay hammasi iziga tushdi: Akramning yolg‘onlar fosh bo‘ldi. Bu yana bir ayblov naqd deganidir.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudi Akram Asqarovga boshqa qilmishlar qatori «tuhmat» ayblovi bilan ham hukm chiqarib, tegishli jazo tayinladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring