Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ichki ishlar organlarida yangi xizmat tashkil etiladi

Ichki ishlar organlarida yangi xizmat tashkil etiladi

2019-yil 1-yanvardan e’tiboran Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati va tegishlicha uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi. Bu haqda vazirlik saytida ma’lum qilindi.

Mazkur tuzilma IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etilishini nazorat qilish boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida barpo etiladi.

Probatsiya xizmatiga bir qator muhim vazifalar yuklatiladi. Jumladan, mazkur xizmat ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish bo‘yicha faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, jamoat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikda samarali tashkil etadi.

Shartli hukm qilingan va jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshiradi.

Nazorat ostidagilar, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy moslashuvi va ishga joylashishiga, shu jumladan, ularning kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish orqali har tomonlama amaliy ko‘maklashadi.

Nazorat ostidagilarning qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlash va bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Ularning shaxsini ijtimoiy-psixologik portretini tuzgan holda o‘rganib boradi.

Yangi tuzilma sifatida tashkil etiladigan probatsiya xizmati mohiyati soddaroq qilib tushuntirilganda, masalan, A. ismli shaxs o‘g‘irlik jinoyatini sodir qildi va sudning hukmiga ko‘ra, unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Lekin sud sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, aybdorning shaxsi va ishdagi boshqa holatlarni e’tiborga olib, bu shaxsga tayinlangan jazoni o‘tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin, degan qat’iy fikrga kelib, unga nisbatan shartli 2 yil sinov muddati belgiladi.

Bunday vaziyatda sudlanuvchiga muayyan vaqt mobaynida yetkazilgan zararni bartaraf qilish, ishga kirish, yashash joyi, ish yoki o‘qish joyi o‘zgarib qolsa, bu haqda uning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organga xabar berib turish, vaqti-vaqti bilan kelib bu organdan ro‘yxatdan o‘tib turish, muayyan joylarda bo‘lmaslik, muayyan vaqtda yashash joyida bo‘lishi kabi majburiyatlar ham yuklatiladi.

Probatsiya xizmati esa ushbu sinov muddati davomida mahkumga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini nazorat qiladi. Uning xulq-atvori, qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlab boradi va profilaktik choralarni amalga oshiradi. Bu esa o‘z o‘zidan shaxsni jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalash imkonini beradi.

Probatsiya xizmati nafaqat sinov, balki muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi ozodlikdan maxrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarning ijro etilishini ham nazorat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring