Mashina eshigidagi maxfiy joy: tezkor tadbirlarda qator shaxslar ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona va Ichki ishlar organlari hamkorligida bir qator hududlarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari fosh etildi.
Andijonda 6 kilogrammga yaqin “mefedron” aniqlandi
Andijon viloyatida o‘tkazilgan tadbirda Xo‘jaobod tumani hududida harakatlanayotgan “BYD” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatildi.
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsga tegishli bo‘lgan avtomashina ko‘zdan kechirilganda, salon qismida 6 dona polietilen o‘ramda jami 5 kg 946 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, u ushbu zaharli moddani narkokurerlar tomonidan “zakladka” usulida qoldirilgan joydan olib, Toshkent shahriga yetkazib berishni rejalashtirgan.
Poytaxtda narkolaboratoriya fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xorijdan kurerlik jo‘natmasi orqali qandolat mahsulotlari orasiga yashirilgan 350 gr “Klefedron” sintetik narkotik moddasini qabul qilib olgan vaqtida Chilonzor tumanida yashovchi, 2006 yilda tug‘ilgan shaxs ushlandi.
Tadbir davom ettirilib, uning sherigi — Yashnobod tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan shaxs ham jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, ushbu shaxs o‘z yashash manzilida narkolaboratoriya tashkil etgan. Tekshiruv davomida taxminan 5,3 kg sintetik giyohvand moddalar, gashish va marixuana moylariga o‘xshash moddalar, elektron tarozilar, kolba idishlar, uyali aloqa vositalari hamda laboratoriya jihozlari ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Namanganda geroin savdosi fosh qilindi
DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs Qirg‘iz Respublikasidan Andijon viloyatiga noqonuniy olib kirilgan 1 kg 23 gr “geroin” moddasini 18 500 AQSh dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Sirdaryoda 2,5 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ushlandi
Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi 1993, 1996 va 1997 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs harakatlanayotgan “Cobalt” rusumli avtomashina Sayxunobod tumanidagi “Sayxun” YPX maskanida to‘xtatildi.
Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish jarayonida avtomashina eshik qismidagi xufiyona joydan 2516 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari topildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu dori vositalari Qo‘qon shahrida “zakladka” tarzida qoldirilgan joydan olingan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter