Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ochiqlik indeksi. Adliya vazirligi bu borada qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

Ochiqlik indeksi. Adliya vazirligi bu borada qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

Internet foydalanuvchilari soni yil sayin emas, kun sayin ko‘payib borayotganini inobatga olsak, fuqarolar bilan ishlashda har bir tashkilot o‘z faoliyatini zamonaviy texnologiyalar jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishi zarur.

Bu borada Adliya vazirligi tomonidan «Ochiq adliya» («Open Justice») ijtimoiy dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq etildi. Xo‘sh, ushbu dasturning afzalliklari nimalarda ko‘rinadi?

Avvalo, dastur fuqarolar bilan o‘zaro hamkorlikda ishlash imkonini kuchaytirdi. Endilikda e’tibordan chetda qolayotgan kamchiliklar, qolaversa o‘z vazifasini lozim darajada bajarmayotgan xodimlarni aniqlash bo‘yicha bevosita jamoatchilik yordamiga tayanilmoqda.

Shaffoflikni ta’minlashda qulay usul va vositalardan biri sifatida fuqarolarga adliya organlari binolarida audio-video yozish moslamalaridan foydalanishga ruxsat etilganligi ham alohida ahamiyatga ega.

Xat-hujjat ishlarida albatta notarius xizmatiga ehtiyoj sezamiz. Bu esa notarial idoralar va davlat xizmatlari markazlari xodimlarining o‘z xizmat vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishini talab qiladi. Ularning o‘z vazifasini bajarishda yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklari ustidan internet orqali tezkor shikoyat berish tizimi yaratilganligi ham tizimning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Bunda xodimning aybi aniqlangan holatlar keng yoritib borilmoqda.

Shu asosda o‘z vazifasini qay darajada bajarayotganiga qarab xodimlar reytingi shakllantirilib, ularning malakasini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Davlat organlarining samarali faoliyati bugun ko‘p jihatdan ularning axborot tizimi – rasmiy veb-saytlarning o‘rni va elektron davlat xizmatlari infrastrukturasini kengaytirib borish bilan bog‘liq. Chunki aynan veb-sayt va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar keng jamoatchilikni vaziyatdan tezkor xabardor qilishning qulay usuliga aylanib ulgurdi.

Vazirlikning Facebook tarmog‘idagi «Adliya bilan muloqot» sahifasi hamda «Huquqiy axborot» telegram kanalini mazkur zamonaviy tajribaga misol tariqasida keltirib o‘tishimiz mumkin. Ularda har bir chiqayotgan qonun hujjatining mazmun-mohiyati sodda,tushunarli tarzda fuqarolarga muntazam yetkazib borilmoqda. Shuningdek, keng muhokamaga sabab bo‘layotgan qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan berilgan huquqiy ekspertiza xulosasi mazmuni ham ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi.

Yana bir namunasi sifatida Adliya vazirligi veb-sayti (minjust.uz)faoliyatiga to‘xtalib o‘tish joiz. Unda fuqarolar adliya organlariga yuborgan o‘z murojaatlarini kuzatib borishlari mumkin. Yana bir muhim jihat, adliya organlari xodimlari ustidan berilgan hamda o‘z tasdig‘ini topgan shikoyatlar haqida ma’lumot olish imkonini beruvchi maxsus platformani ishga tushirish ham nazarda tutilmoqda.

Vazirlik binosida xizmat xonalarning joylashish strukturasini ham ochiqlik va shaffoflik tamoyili asosidaqayta ko‘rib chiqildi. Xodimlarning kunlik faoliyati bemalol kuzatib bo‘ladigan darajada joylashtirildi. Bu esa nazoratni, ish unumdorligini oshiradi.

Qolaversa, tashkilotga kelgan fuqarolar ham xodimlarning ish jarayonini o‘z ko‘zi bilan kuzatishi mumkin. Sodda qilib aytganda, oynavand devorlar va eshiklar shaffoflikni ta’minlashning yana bir o‘ziga xos mezonidir. Bu usul korrupsion omillarning ham oldini oladi. Bunday tartibdagi xonalardan dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida keng qo‘llaniladi.

Ochiqlikning eng muhim jihatlaridan biri, bu shubhasiz, moliyaviy ma’lumotlardir. Moliyaviy mablag‘larning sarfi, qaydan kelib qayga ketayotgani, nima maqsadlarda ajratilayotgani, umuman, Adliya vazirligi va uning tarkibiy bo‘linmalarining moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar vazirlik veb-saytida e’lon qilib borilmoqda. Bunda xarajatlar, ularni amalga oshirilishi bilan bog‘liq hisobotlar, xarid qilish bilan bog‘liq shartnomalar ro‘yxati bilan tanishish mumkin bo‘ladi.

Muhim yangiliklardan yana biri, bu adliya organlarining har yil yakuni bo‘yicha aholiga bajarilgan ishlar yuzasidan hisobot berishidir. Mazkur tashabbus 2018-yil yakunlari bo‘yicha amalga oshirildi va «Adliya hisobot beradi» nomli risola tayyorlanib, keng jamoatchilikka taqdim etildi.

2018 yili davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining «Ochiqlik indeksi» bo‘yicha reytingi e’lon qilingan edi. Reyting 59ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organini qamrab olib, unda 88,12 ball bilan birinchilikni Adliya vazirligi egalladi.

J.Uzoqov,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring