Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy sudi raisi o‘rinbosari Buxoroda sayyor sud qabullari o‘tkazdi

Oliy sudi raisi o‘rinbosari Buxoroda sayyor sud qabullari o‘tkazdi

Foto:«Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov Buxoro viloyatida sud-huquq tizimi,  ichki ishlar organlari vakillari ishtirokida aholi bilan uchrashib, sayyor sud qabullarini o‘tkazdi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi bo‘lim boshlig‘i Nurbek Rahimov ma’lum qildi.

Shahlo Ro‘ziyeva firibgarlik jinoyatini sodir etib, besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Ayblanuvchi tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangani va o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgani inobatga olinib, jazosi yengillashtirildi. Sayyor sud qabuli jarayonida o‘tkazilgan mazkur sud hukmiga muvofiq, Sh. Ro‘ziyeva sud zalidan qamoqdan ozod qilinib, oilasi bag‘riga qaytarildi.

Buxoro shahri, Vobkent, Shofirkon, Peshko‘, G‘ijduvon va Olot tumanlarida tashkil etilgan sayyor sud qabullari Sh. Ro‘ziyeva singari 23 nafar mahkumlarga nisbatan IIB Probatsiya guruh taqdimnomalari qanoatlantirildi. Ular o‘tolmay qolgan jazolarini o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. Shuningdek, 20 nafar ajrashib yashayotgan er-xotin yarashtirilib, oilasi tiklandi.

Sayyor sud qabullarida murojaatlar sohalar bo‘yicha o‘rganilganda, ularning aksariyati sud qarorlari va ajrimlaridan norozi bo‘lgan, turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda huquqiy maslahat va ko‘mak so‘rash kabi masalalarga oid ekani aniqlandi. Har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, ularning yechimlari qonun talablari asosida joyida hal qilindi.

Foto:«Xabar.uz»

Sud-huquq tizimida kechayotgan islohotlar, mahkumlar huquqlarining so‘zsiz ta’minlanishi, sha’ni va qadr-qimmatining hurmat qilinishi, umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos ravishda mahkumlar huquqlari doirasini yanada kengaytirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Fuqarolar tomonidan sud sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va sudyalarning sudlov sohasidagi ish faoliyati yuzasidan fuqarolar tomonidan minnatdorlik bildirildi.

Shuningdek, sayyor sud qabullarida kechgan uchrashuvlarda soha vakillari tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni o‘tayotgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash, kasbga o‘rgatish, ma’nan sog‘lom hayotga yo‘naltirish, ijtimoiy moslashtirish, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olishga oid ishlar tilga olindi. Bu jarayonda bandlikni ta’minlovchi davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorlik qilinayotgani hamda mahkumlarga psixologik yordam ko‘rsatilayotgani bildirildi. O‘z navbatida jazoni o‘tayotganlar sud belgilagan cheklovlar hamda qonun talablariga qat’iy bo‘ysunishi lozimligi uqtirildi.

Sayyor qabul jarayonlarida Oliy sudi raisi o‘rinbosari X.Yodgorov tomonidan fuqarolarga sudlar foliyatiga oid kitoblar va normativ huquqiy hujjatlar topshirildi.

Joylarda sayyor qabullar davom etmoqda.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring