Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda terroristik tashkilotga aloqadorlikda gumondor 11 shaxs qo‘lga olindi

Toshkentda terroristik tashkilotga aloqadorlikda gumondor 11 shaxs qo‘lga olindi

2020-yilning 30-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi DXX, IIV hamda Toshkent shahar DXXB, IIBB xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahri hududida yashirin faoliyat olib borgan «Tavhid va jihod katibasi» («TJK», O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016-yil 26-sentyabrdagi qarori bilan terroristik tashkilot deb topilib, mamlakatimiz hududida uning faoliyati taqiqlangan) xalqaro terroristik tashkilotining bir guruh tarafdorlari fosh etildi, deyiladi IIV axborot xizmati xabarida.

Xususan, IIV huzuridagi Tergov Departamenti yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi doirasida Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlari hududidagi 8 ta manzillarda tintuv tadbirlari o‘tkazilib, 11 nafar shaxslar ichki ishlar idoralariga keltirildi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur shaxslar hozirda Suriyada terroristik faoliyat olib borayotgan «TJK» jangarilarining g‘oyaviy ta’siriga tushgan holda Toshkent shahrida yashirin guruh tuzib, noqonuniy yig‘ilishlar davomida internet tarmog‘i orqali ko‘chirib olingan ekstremistik mazmundagi materiallarni muhokama qilib kelishgan hamda «hijrat» va «jihod» amallarini bajarish maqsadida Suriya davlatiga chiqib ketishni rejalashtirishgan.

Ushlangan shaxslarning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olindi.

Hozirda tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

«Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da’vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklarini, ularni saqlamasliklarini va tarqatmasliklarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring