Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo‘yish. Afzalligi nimada?

Ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo‘yish. Afzalligi nimada?

Foto: «Xabar.uz»

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-maydagi PQ-3741-sonli qaroriga asosan 2019-yil 1-yanvardan boshlab ijara shartnomalarini soliq organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi o‘rnatildi.

Xo‘sh, yangi tartibning afzalligi nimada?

Birinchidan, ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo‘yish tizimi soddalashtirildi. Endilikda, Davlat soliq qo‘mitasining my.soliq.uz elektron soliq xizmatlari portalidagi «Ijara shartnomalarini hisobga olish» interaktiv xizmati orqali kunning istalgan vaqtida ijara shartnomasini soliq organlarida hisobga qo‘yish mumkin. Ya’ni, ortiqcha ovoragarchilik va sarf-xarajatlar hamda uzundan-uzoq navbatda turishlar bo‘lmaydi.

Ikkinchi qulayligi, jismoniy shaxsning doimiy yashash, yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tgan joyidagi hamda ijaraga berilayotgan ko‘chmas mulk joylashgan manzil bo‘yicha davlat soliq inspeksiyalariga tashrif buyurgan holda ijaraga beruvchi va oluvchi o‘rtasida belgilangan shaklda tuzilgan ijara shartnomasini taqdim etish orqali amalga oshirish mumkin.

Ijara shartnomasi hisobga qo‘yilgandan so‘ng, ijaraga beruvchiga shartnoma hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida «Bildirishnoma» va joriy yil uchun hisoblangan daromad solig‘ini to‘lash bo‘yicha to‘lov xabarnomasi taqdim etiladi. Natijada, ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha dastlabki deklaratsiyani taqdim etish talab etilmaydi.

Joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent shahrida 20 ming nafardan ortiq yuridik va jismoniy shaxs ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘ydi.

Ko‘pchilikni qiziqtirgan savollardan yana biri yangi tartib joriy qilingunga qadar tuzilgan ijara shartnomalarining taqdiri nima bo‘lishidir?

Muddati tugamagan (misol uchun, 2018-yil 31-martdan 2019-yilning 31-martigacha tuzilgan) ijara shartnomalari amal qilish muddatiga qadar o‘z kuchini yo‘qotmaydi va ushbu shartnomalarni qayta davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yish talab etilmaydi.

Shuningdek, ijara shartnomasi bo‘yicha olingan daromadlarga hisoblangan soliqning bir yilligi oldindan to‘lab qo‘yilgan bo‘lsa, (masalan, 2018-yil 31-martdan 2019-yilning 31-martiga qadar soliq to‘langan) ijara shartnomasi bo‘yicha olingan daromadlarga 2018-yilda 7,5 foizda, 2019-yil 1-yanvardan 12 foizdan soliq hisoblanadi.

Ijara shartnomasini hisobga qo‘yish uchun soliq organlari tomonidan hech qanday haq olinmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga budjet mo‘ljallari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida ijara miqdorining eng kam me’yori 1 kv.metr turar-joylar uchun 10 000 so‘m va noturar joylar uchun 20 000 so‘m miqdorida belgilangan. Misol uchun: 50 kv.m uy-joy uchun 1 oyga 500 ming co‘m (50*10 000 so‘m). Shunda 500 ming so‘mlik ijara uchun oyiga (500000*12%= 60 000 ) 60 ming co‘m daromad solig‘i hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1591-moddasiga asosan, fuqarolar o‘rtasida binoni, inshootni yoki ularning bir qismini, turar joyni ijaraga berish, tekin foydalanishga berish shartnomasining mavjud emasligi yoxud davlat soliq organlarida ijaraga berish shartnomasining majburiy hisobga qo‘yilishiga rioya etmaslik eng kam ish haqining (202 730 so‘m) besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda (1 milliondan 2 milliongacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring