Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turob Jo‘rayev: «Hammani ish bilan ta’minlaymiz! Ish izlab chetga ketganlar ham qaytadi»

Turob Jo‘rayev: «Hammani ish bilan ta’minlaymiz! Ish izlab chetga ketganlar ham qaytadi»

Foto: «Xabar.uz»

1-aprel kuni Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazida Samarqand viloyati hokimi Turob Jo‘rayev matbuot anjumani o‘tkazdi.

Anjuman avvalida viloyat hokimi Samarqandni rivojlantirish yuzasidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bergan topshiriqlar va bajariladigan ishlar yuzasidan jurnalistlarga batafsil ma’lumot berdi.

− Prezidentimiz shu yil mart oyida Samarqandga tashrif buyurganida viloyatda bajarilayotgan ishlar, muammolar, xalqning turmushini o‘rganib, Samarqandni rivojlantirish, xalqning farovonligini keskin oshirish choralari haqida ko‘rsatmalar berdi. Bu boradagi topshiriqlarni alohida «Samarqandga tashrif bayoni» sifatida taqdim qildi. Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Xalqaro taraqqiyot banki kabi xalqaro institutlarni jalb qilib, viloyatimiz tadbirkorlari uchun 400 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratdi. Viloyatni rivojlantirish uchun yana 50 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratdi, − dedi Turob Jo‘rayev. – Bu pullarni asosan bog‘dorchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanaman, ishlab-chiqarish korxonasi ochaman, ish o‘rni yarataman degan tadbirkorlarga imtiyozli kredit shaklida beramiz.

Foto: «Xabar.uz»

Viloyat hokimi barcha tadbirkorlarga sug‘oriladigan yerlar berilmasligi, lalmi yerlar, cho‘l va adirlardan yer ajratilishini aytib o‘tdi. Tomorqadan foydalanish, yong‘oqzor, chilonjiydali bog‘ barpo qilish, tovuqxona, molxona, issiqxona qurish niyatida bo‘lganlarga barcha sharoitlar taqdim etilishi aytildi. Eksport uchun mahsulot ishlab chiqarmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar berilishi ma’lum qilindi.

− Respublikani rivojlantirish jamg‘armasidan berilayotgan 50 million dollar mablag‘ hisobidan birinchi navbatda viloyatdagi ichki yo‘llarni tartibga solamiz, ichimli suv ta’minotini yaxshilaymiz, elektr toki o‘chib qolmasligi uchun yangi potstansiyalar quramiz, simyog‘ochlarni, elektr simlarini yangilaymiz, gaz ta’minotini yaxshilaymiz. Bir nechta oliy o‘quv yurti uchun yangi binolar quramiz yoki kapital rekonstruksiya qilamiz, − dedi viloyat hokimi. – Shahardagi ko‘p qavatli uylarda ahvol yaxshi emasligini ham bilamiz. Ko‘pining yuqori qavatlariga suv chiqmasligini ham, liftlar yaxshi ishlamasligini ham bilamiz. Ana shu kamchiliklarni bu yil bartaraf qilamiz. Sovuq suv va issiq suv ta’minotini, qishda isitish ishlarini keskin yaxshilaymiz. Ko‘p qavatli uylarni kapital ta’mirlaymiz, xavfsizligini ta’minlash uchun kodlanadigan mustahkam eshiklar o‘rnatamiz.

Hokim «Obod qishloq» dasturi haqida ham ma’lumot berdi. Nurobod tumanining Jom qishlog‘idagi bunyodkorlik ishlari haqida gapirib, bundan keyin har yili har bir tumandan ikkitadan qishloq ana shu dastur asosida obod qilinishini aytdi.

Viloyatni, ayniqsa, qishloqlarni obod qilish haqida gapira turib, viloyat hokimi qiziq dalilni keltirdi:

− «British-Amerikan-Tobakko» kompaniyasi Urgut tumani aholisiga tamaki ektirib, uni Farhod shaharchamizda sigaret qilib, yiliga 600 milliard so‘m miqdoridagi soliqni Toshkent shahridagi bir tumanga to‘laydi. Samarqand choy qadoqlash fabrikasi yuz yildan beri Samarqandda faoliyat yuritib, u ham 40 millard so‘m solig‘ini Toshkent shahridagi bir tumanga to‘laydi. Nurobod, Qo‘shrabot, Paxtachi tumanidagi konlar o‘z solig‘ini Navoiy viloyatiga to‘laydi, umuman, viloyatda ishlab, boshqa shaharlarga to‘lanadigan soliq bir trillion yetti yuz milliard so‘m ekan. Men prezidentdan ana shu soliqlar o‘zimizga to‘lanishini ta’minlab berishini iltimos qildim va iltimosim ijobiy hal qilindi, − dedi hokim. – Eng qizig‘i, ana shu Nurobod, Qo‘shrabot, Paxtachi tumanlari dotatsiyada o‘tirishibdi. Endi u tumanlardagi korxonalar solig‘i o‘sha tumanlarning o‘zida qoldirilsa, dotatsiyadan ham chiqishadi, rivojlanib ham ketishadi.

Viloyat hokimi viloyatdagi ishsizlik va yaratiladigan ish o‘rinlari haqida alohida to‘xtaldi:

− Viloyatda 3715000 aholi yashaydi, 95000 kishi rasman ishsiz. 2018-yilning o‘zida 120000 ish o‘rni yaratamiz, bu qat’iy reja. Bu borada barcha sektorlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berilgan. Mana ko‘rasizlar, kelasi yil ish izlab boshqa mamlakatlarga chiqib ketgan yoshlarimiz ham qaytib kelishadi. Hammani ish bilan ta’minlaymiz!

Viloyat rahbari O‘zbekiston prezidenti bergan topshiriqlar asosida viloyat madaniyati, san’ati, yoshlariga oid qilinadigan ishlar, rejalar haqida ham batafsil so‘zladi.

Foto: «Xabar.uz»

OAV xodimlari, tadbirkorlarning savollariga viloyat hokimi va tegishli idoralar rahbarlari javob berishdi.

− Qoramolchilik fermasi ochib, sut, go‘sht mahsulotlari yetishtirib, gollandiya texnologiyasi asosida pishloqlar ishlab chiqarmoqchiman, − dedi urgutlik bir yigit. – Elektri, gazi o‘chmaydigan, shaharning ichidan yer bersangiz?

− Qoramolchilik fermasiga shahardan yer berilmaydi, − dedi viloyat hokimi. – Nurobod, Qo‘shrabot tumanlari hududidan o‘n gektar emas, ming gektar yer so‘ra, beraman. Pishloq chiqaradigan korxonangga, mayli, shahardan joy beraman.

− Men Oqdaryoning Pichoqchi qishlog‘idanman, bilasiz, bu qishloq ahli yong‘oqfurushligi bilan dong taratgan, butun dunyoga yong‘oq shu yerdan ketadi, − dedi bir yigit. – Uch gektar yer bersangiz, bir bozor qursam va aholimiz zamonaviy bozorda yong‘oq sotsa, hozir tonnalab yong‘oqni yerga to‘kib savdo qiladi.

− Sizlarning yong‘oqbozorlaringiz jahon bozoriga aylanib ketganini men emas, prezident ham biladi, bu borada alohida ko‘rsatma olganman, − dedi Turob Jo‘rayev. – Boshqa tadbirkorlar, «Nega pichoqchiliklarga suvli yerdan joy berib, bizga bermaysiz?» deb hayron bo‘lmanglar, xalqimizda «Elning bozori bilan mozoriga tegma» degan gap bor. Bozorini suvsiz yerga ko‘chirsak, bozor yo‘q bo‘ladi, u yerga hech kim bormay qo‘yadi. Shuning uchun bu yigitga uch emasu, ikki gektar yer beramiz, bozor emas, savdo majmuasi qursin. Sababi, otini bozor desang, 51 foizi davlatning hisobiga o‘tib, yana daromadning katta qismi markazga ketib qoladi.

Viloyat hokimi shu yerning o‘zida Oqdaryo tuman hokimi o‘rinbosariga topshiriq berdi:

− Ertaning o‘zida bu yigit aytgan yerdan ikki gektar yerga qaror chiqaringlar. O‘zim imzolab beraman!

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz»ning maxsus muxbiri ham viloyat hokimiga savol berdi:

− Kreditlar dollarda berilgani bilan banklar tadbirkor bilan so‘mda hisob-kitob qiladi. Yaxshi bilasiz, dollarning davlat kursi 4200 so‘m bo‘lganda davlatdan dollar shaklida kredit olganlar dollarning kursi 8000 so‘mga chiqqanda mazalari qochib qoldi. Ayrimlari olgan texnologiyasini yoki qurgan korxonasini sotsa ham endi bankdan qarzini uza olmaydi. Hozir kreditga dollar olayotgan tadbirkorlar mabodo shunday ahvolga tushib qolsa, ya’ni dollarning kursi kutilmaganda yana ikki baravar oshib ketsa, xonavayron bo‘lib qolmaydimi? «Sizlarning tadbirkorliklaringizga men garantiya» dedingiz, bunday holda tadbirkor kuyib qolmasligiga ham kafolat berasizmi?

− Avvalo yaxshi niyat qilaylik, yaxshi niyat bilan boshlagan ishimiz xudo xohlasa yaxshilik bilan tugaydi, − dedi viloyat hokimi. − Qolaversa, endi bundan buyog‘iga dollar kursi keskin «sakramaydi». Ikki baravar oshib ketishi mumkin emas. Mabodo shunday bo‘lib qolsa, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, o‘zimiz yordam beramiz, ularni noqulay ahvolga solib qo‘ymaymiz. Hatto ular olgan kreditlariga qo‘yadigan garovning ham 50 foizini davlat o‘z zimmasiga oladi.

Matbuot anjumani viloyat rahbarining viloyatda bo‘layotgan xayrli ishlarni xolisona yoritib borayotganligi hamda bugungi anjumandagi faol ishtiroki uchun jurnalistlarga minnatdorchilik izhor qilishi bilan nihoyasiga yetdi.

Karimberdi To‘ramurod,

«Xabar.uz»ning maxsus muxbiri.

Samarqand shahri.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring