Jahon banki O‘zbekistonda xususiy sektorni kengaytirishda 3 ta ustuvor sohani qayd etdi
Jahon bankining «O‘zbekiston xususiy sektori diagnostikasi» nomli yangi hisobotida mamlakatda xususiy sektor rolini kuchaytirish uchun logistika, turizm va farmatsevtika sohalariga ustuvor e’tibor qaratish tavsiya etildi. Bank bahosiga ko‘ra, ushbu sohalardagi islohotlar o‘rta muddatli istiqbolda 5,2 milliarddan 6,4 milliard dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, mazkur o‘zgarishlar 300 mingdan ortiq bevosita va bilvosita ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilishi mumkin.
Jahon banki Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasinning qayd etishicha, xususiy sektor salohiyatini to‘liq ishga solish uchun raqobatni kuchaytirish, biznes rivojiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish hamda malakali kadrlar tayyorlash muhim ahamiyatga ega.
Hisobotda logistika sohasida ruxsatnoma berish jarayonlarini raqamlashtirish, yer ajratish tartibini soddalashtirish va xalqaro yuk tashish tizimini takomillashtirish taklif etilgan. Bu yo‘nalishga 950 milliondan 1,05 milliard dollargacha xususiy sarmoya jalb qilinishi mumkinligi qayd etilgan.
Turizm sohasida madaniy va ekologik turizmni rivojlantirish, yer ijarasi qoidalarini takomillashtirish, turistik obyektlarni professional boshqarish va kadrlar salohiyatini oshirish tavsiya qilingan. Bu sohaga 3,1 milliarddan 4,2 milliard dollargacha investitsiya jalb qilinishi hamda 180 mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi mumkin.
Farmatsevtikada esa dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini soddalashtirish, xalqaro standartlarga mos ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va bioekvivalentlik laboratoriyalarini tashkil etish taklif qilingan.
Hisobotga ko‘ra, mamlakatda xususiy sektor rivojiga eng katta to‘siqlar sifatida soliq yuki, moliyalashtirish imkoniyatlarining cheklangani va malakali kadrlar yetishmasligi qayd etilgan. Bu omillar, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesning kengayishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Jahon bankiga ko‘ra, mazkur muammolarni bartaraf etish va bozor islohotlarini izchil davom ettirish xususiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter