Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Noming o‘chsin, monopoliya

Noming o‘chsin, monopoliya

Foto: Xushnud Xudoyberdiyev kanali

Kecha bloger @kurbanoffnet o‘z kanalida «O‘zbekiston havo yo‘llari» tomonidan ichki reyslar uchun bilet narxlari oshirilganini tasodifan bilib qolgani, masalan, 4 may kuni Toshkent-Urganch reysi bo‘ylab Y klassda 461 ming so‘m evaziga parvoz qilgan bo‘lsa, endilikda xuddi shu klass uchun bilet narxi 887 ming so‘m etib belgilangani haqida yozdi. Bu degani O‘HY ayrim klasslar uchun bilet narxlarini salkam 2 barobarga oshirgan!

Blogerning aytishicha, eng yomoni bu haqida monopol kompaniya hech qanday xabar bermagan. Na o‘zining rasmiy saytida, na boshqa OAVlarda. Albatta-da, nima uchun ular xabar berishi kerak? Axir o‘zi xon, ko‘lankasi maydon bo‘lsa. Istagan payti, istagan narxini qo‘ya olsa. Axir qiziqqon-da u! Monopol-da u!

Iste’molchilar huquqi, deysizmi? A, nima? Nima u? Yeydigan narsami? Monopol tashkilotlarni iste’molchilar mutlaqo qiziqtirmaydi. Bunga juda ko‘p misollar keltirish mumkin. «Yoqsa shu, yoqmasa katta ko‘cha» prinsipida ishlashadi.

Vaholanki, «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi Qonunining 7-moddasida vakolatli organning narxlar (tariflar) bo‘yicha qarori tabiiy monopoliya sub’yektlari tomonidan ular kuchga kirishidan kamida o‘n besh kun avval ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi, deya belgilangan.

O‘HY esa bu haqida narxlar oshirib bo‘lingandan keyin, bugun Gazeta.uz sayti orqali xabar bermoqda. Agar bloger Kurbanoff bu haqida yozmaganida balki hech qachon xabar berishmagan ham bo‘larmidi, kim bilsin. O‘raga sichqon tushdi, guldur-gup degan naqlni juda yaxshi ko‘rishadida bu monopollarimiz.

Kompaniya nima uchun qonunlarga va xalqqa (iste’molchilarga) bu darajada hurmatsizlik qilganligi haqida biror rasmiy tushuntirish (uzr so‘rash demayman, mayli) berarmikin?

Aytgancha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasidan esa «Suvsoz» bilan bog‘liq voqeadagiga o‘xshagan tezkor munosabat kutib qolamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring