Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda ishga tushirilgan yangi issiqlik elektr stansiyalari va ularning istiqbollari

O‘zbekistonda ishga tushirilgan yangi issiqlik elektr stansiyalari va ularning istiqbollari

Energetika islohoti o‘tkazilmasa, yirik loyihalar zararini yana davlat to‘lashga majbur bo‘ladi...

So‘nggi 4-5 yil ichida O‘zbekistonda elektr energiyasiga ortib borayotgan talabni qondirish, aholi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida yangi issiqlik elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar bilan jami 10 ta bitim imzolandi.

Ushbu bitimlarga asosan, 2027 yil yakuniga qadar O‘zbekistonda umumiy quvvati 6 ming 457 megavattga teng bo‘lgan 10 ta zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi.

Ta’kidlash lozimki, ushbu investitsiya loyihalari Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Yaponiya va Turkiya davlatlarining xalqaro tajribaga ega bo‘lgan kompaniyalari tomonidan umumiy qiymati 4,3 milliard AQSh dollariga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda.

Aytish lozimki, sohada tizimli olib borilgan ishlar natijasida 2022 yilda O‘zbekistonning 4 ta viloyatida (Buxoro, Toshkent, Xorazm va Sirdaryo viloyatlari) umumiy quvvati 1 ming 374 megavatt bo‘lgan 6 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston tarixida bir yilda mana shunday yirik hajmdagi yangi issiqlik elektr stansiyalari hali ishga tushirilmagan bo‘lib, so‘nggi yillarda olib borilgan islohotlar natijasida 2022 yilda bu yo‘nalishda tarixiy rekord o‘rnatilgan edi.

Bundan tashqari, xorijiy kompaniyalar bilan imzolangan bitimlarga asosan, 2027 yilga qadar O‘zbekistonda umumiy quvvati 5 ming 83 megavatt bo‘lgan 4 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Xususan:

– 2023 yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumani hududlarida umumiy quvvati 1 ming 500 megavatt;

– 2025 yilda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida quvvati 450 megavatt;

– 2026 yilda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida quvvati 1 ming 573 megavatt;

– 2026 yil yakuniga qadar Surxondaryo viloyatining Angor tumanida quvvati 1 ming 560 megavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

Bularning faoliyati yo‘lga qo‘yilishi esa ishlab chiqariladigan elektr energiyasi miqdorini oshirib, uning hatto mamlakatimiz eng olis qishloqlariga ham yetib borishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Har qanday investor albatta foyda olishni ko‘zlaydi. Shu sababli yuqorida sanalgan yirik iqtisodiy loyihalar eng avvalo iqtisodiy tomondan o‘zini oqlashi kerak. Yo‘qsa, zarar bilan ishlovchi har qanday yirik loyihaning umri uzoq bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda energiya narxi bozor narxidan bir necha barobar arzonligini hisobga olsak, yirik energetika loyihalarining zararini yana davlat kafolatlari ostidagi subsidiyalar orqali yopishga to‘g‘ri keladi. Bu esa ahvolni battar yomonlashtiradi, kelgusi loyihalarni to‘xtatib qo‘yadi.

Shu sababli energetika tizimi bozor qoidalari asosida ishlamasa, har qanday loyiha ko‘zlangan samarani bermaydi. Iqtisodiyot rivojlanishi sekinlashadi. Shuning uchun energetikada tariflarni qayta ko‘rib chiqish masalasiga, narxlarni erkinlashtirishga va bozorga yaqinlashtirishga bugunoq kirishilishi kerak.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring