Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident investorlarga: «yoningizda yelkadosh bo‘lishga doim tayyormiz»

Prezident investorlarga: «yoningizda yelkadosh bo‘lishga doim tayyormiz»

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida so‘zlagan nutqida investorlarni iqtisodiy taraqqiyotning asosiy hamkorlari sifatida e’tirof etdi. Davlat rahbari investitsiyalarni nafaqat moliyaviy resurs, balki zamonaviy texnologiyalar, bilim va tajribalar manbai sifatida baholashini ta’kidladi.

Prezident Osiy taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tashabbusi bilan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlarining mintaqaviy alyansi tashkil etilayotganini o‘z vaqtida qabul qilingan qaror sifatida baholadi. Qayd etilishicha, bozorlar qanchalik katta va qoidalar qanchalik uyg‘un bo‘lsa, mintaqaga sarmoyalar oqimi shunchalik ko‘payadi.

Shu munosabat bilan mazkur tashabbus kelgusida umumiy investitsiya makonini shakllantirish yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lishiga ishonch bildirildi. Davlat rahbari bu jarayon nafaqat iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, balki mintaqa mamlakatlarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga ham xizmat qilishini ta’kidladi.

Prezident o‘z nutqida investorlarning iqtisodiyotdagi o‘rniga alohida urg‘u berdi. Uning ta’kidlashicha, investitsiya mamlakat uchun yangi ish o‘rinlari, innovatsiyalar va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish imkonini beradi.

«Biz uchun investitsiya bu faqatgina iqtisodiy resurs emas, balki ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va tajribalar, yangi ish o‘rinlari va davr bilan hamnafas taraqqiyot demakdir», dedi davlat rahbari.

Shuningdek, Prezident xorijiy investorlarlarga murojaat qilib, har qanday yirik maqsad va rejalarni amalga oshirishda investorlar muhim o‘rin tutishini qayd etdi. U Yangi O‘zbekiston xorijiy biznes va sarmoyalar uchun ochiq ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Nutq yakunida davlat rahbari mamlakat rahbariyati investorlar bilan yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

«Har qanday buyuk orzu va niyatni hayotga to‘la tatbiq etishda asosiy hamkor, hech shubhasiz, ezgu niyatli investorlar, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois, diyorimizga katta ishonch va g‘oyalar bilan kelayotgan xorijiy sarmoyadorlarga Yangi O‘zbekistonning eshiklari hamisha ochiq», dedi Prezident.

«Prezident sifatida shaxsan o‘zim va Hukumatimiz yoningizda yelkadosh bo‘lishga doim tayyormiz», deya ta’kidladi davlat rahbari.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring