Raqobat qo‘mitasi «Food City»ning asossiz yig‘imini bekor qildi
Raqobat qo‘mitasiga «Food City Tashkent» MChJ hududida muz mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor murojaat qilib, bozor ma’muriyati tomonidan sun’iy to‘siqlar yaratilayotganini ma’lum qildi.
Murojaatda qayd etilishicha, bozor hududiga qadoqlangan va qadoqlanmagan muz mahsulotlarini olib kirish uchun to‘lov bir necha barobar oshirilib, bir kunlik yig‘im 737 ming so‘m etib belgilangan. Tadbirkor bu orqali uni bozordan siqib chiqarishga urinish bo‘layotganini bildirgan.
Qo‘mita murojaatda keltirilgan holatlar yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, bozor ma’muriyatiga rasmiy so‘rov yubordi. Ishni ko‘rib chiqish jarayonida tomonlar o‘rtasida muloqot tashkil etildi.
O‘tkazilgan muzokaralar natijasida «Food City Tashkent» MChJ va tadbirkor o‘rtasida kelishuvga erishildi. Natijada murojaatda ko‘tarilgan muammo ijobiy hal qilinib, muz mahsulotlarini bozor hududiga olib kirish uchun asossiz oshirilgan to‘lov miqdori bekor qilindi.
Raqobat qo‘mitasi mazkur holat orqali tadbirkorlik subyektlarining huquqlari himoya qilinishi va raqobat muhitini ta’minlash choralari izchil davom ettirilishini ta’kidladi.
Qo‘mita mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ustun muzokara kuchiga ega barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qonun talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
«Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 14-moddasiga muvofiq, bitim shartlari, tovar sotiladigan hudud yoki narxni bir tomonlama belgilash imkoniyati ustun muzokara kuchi sifatida baholanadi. Ushbu imkoniyatni suiiste’mol qilish esa qonunchilikda belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishiga asos bo‘ladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter