Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Adabiyot muzeyi taqdiriga oid xabarlarga oydinlik kiritildi

Adabiyot muzeyi taqdiriga oid xabarlarga oydinlik kiritildi

Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi ko‘chirilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, muzey faoliyati to‘xtatilmaydi. Hozirda muzeyning noyob qo‘lyozmalari, arxiv materiallari va eksponatlarini yanada ishonchli sharoitda saqlash, ularni raqamlashtirish hamda kelajak avlodlarga beziyon yetkazish maqsadida bosqichma-bosqich ko‘chirish ishlari olib borilmoqda.

Bu jarayon Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-maydagi 234-F-sonli farmoyishi asosida amalga oshirilmoqda.

Farmoyishga muvofiq, nodir qo‘lyozmalar, toshbosma manbalar hamda «O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi» fondi vaqtincha O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga, muzeyning boshqa eksponatlari esa Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga vaqtincha saqlash uchun ko‘chirilmoqda.

Fanlar akademiyasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirga qadar:

  • 847 ta nodir qo‘lyozma maxsus saqlash xonalariga joylashtirilgan;
  • 1 491 ta toshbosma manba ko‘chirilgan;
  • 439 ta foto-nusxalar papkasi;
  • 145 ta plyonka va negativlar papkasi;
  • jami 1 million 416 ming 512 ta hujjatdan iborat arxiv fondi birlamchi xatlovdan o‘tkazilgan.

Ayni paytda muzey tashrif buyuruvchilar uchun vaqtincha yopilgan bo‘lsa-da, muassasa xodimlari o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Qayd etilishicha, Yangi Toshkent shahrida qurilayotgan zamonaviy muzey binosi foydalanishga topshirilgach, muzeyning barcha fondlari va eksponatlari to‘liq yangi maskanga ko‘chiriladi.

Fanlar akademiyasi fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga emas, balki rasmiy axborot manbalariga tayanishga chaqirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring