Amudaryodagi orolda joylashgan chegara qo‘riqlash posti uchun yangi bino qurildi

Termiz shahri yaqinida, Amudaryoning qoq o‘rtasida qamishzor, to‘qayzor va qumlardan iborat katta olamdan ajralgan o‘ziga xos tabiat mo‘’jizasi joylashgan. Maydoni taxminan 4 ming gektarlik sathga ega, uzunligi 8, eni 5-6 kilometr bo‘lgan bu orolda turfa hayvonlar erkin, yovvoyi holda yashaydi.
YuNESKOning tabiat yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan ushbu hudud payg‘ambarlardan birining ramziy qabri joylashgan manzil sifatida qadrlanadi. Uning «Payg‘ambar oroli» nomini olishi ham shundan — bu yerda Qur’oni karimda zikr etilgan yigirma besh payg‘ambardan biri bo‘lmish, miloddan avvalgi VI-VII asrlarda yashab o‘tgan Zul-Kifl («kafolat sohibi» ma’nosini bildiradi) alayhissalomning ramziy maqbarasi mavjud.
XVII asrda yashagan balxlik mashhur qomusiy olim Mahmud ibn Valiy «Sirlar dengizi» asarida payg‘ambar Zul-Kifl alayhissalom dafn etilgan Termiz yaqinidagi bu orol Hakim Termiziy bilan Hizr alayhissalomning uchrashuv joyi bo‘lganini qayd etadi.
Oroldagi «Zul-Kifl» maqbarasi turli davrlarda bunyod etilgan gumbazli katta masjid va janubdan tutashgan sag‘anali hilxona hamda g‘arb tomondan biriktirilgan ikki xonadan iborat. Masjid murabba’ tarhli, oldi peshtoqli, bezagi g‘isht chorgul va archa tarzida terilgan,mehrobiga ganch girih naqsh ishlangan. Maqbara 2018 yil boshida rekonstruksiya qilinib, obod holga keltirildi.
Ushbu orol qo‘shni Afg‘onistonga tutash bo‘lgani bois chegarachilar tomonidan qo‘riqlanadi. Bu yerda O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism bo‘linmasi joylashgan. Bo‘linma vakilining aytishicha, mabodo Afg‘oniston hududidan g‘alamislar O‘zbekistonga shu hudud orqali o‘tishga urinishsa, qishning ayozli tunlari, qahraton kunlari, yozning jazirama kunlariga qaramay, ushbu orolda xizmat vazifasi va burchini sidqidildan bajarayotganlar qarshilik ko‘rsatadi.
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 28 yilligi bo‘linma harbiy xizmatchilari uchun qo‘shaloq bayramga aylandi. Bugun, 12 yanvar kuni bu yerda barcha qulayliklarga ega bo‘linma binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faxriylar, harbiy xizmatchilar va bir guruh yoshlar ishtirok etdi.
Yangi binoni qurib, jihozlash uchun 1 milliard 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Keng, shinam yotoqxonalar, barcha qulayliklarga ega oshxona, sport zal, o‘quv xonasi, hammom, dam olish xonalari, avtosaroy qurildi. Bino atrofi obodonlashtirilib, mevali, manzarali daraxt va turli gul ko‘chatlari ekildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter