Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Arab mutaxassislari DXM xodimlari uchun treninglarni davom ettirmoqda

Arab mutaxassislari DXM xodimlari uchun treninglarni davom ettirmoqda

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

23-28-sentyabr kunlari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Davlat xizmatlari markazlari direktorlari hamda Davlat boshqaruv akademiyasi talabalari uchun mo‘ljallangan amaliy treninglarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi.

Birlashgan Arab Amirliklari mutaxassislari 50 taga yaqin tinglovchilarni boshqaruv va xizmat oluvchilar bilan ishlash sohasidagi innovatsion yondashuvlar bo‘yicha o‘qitadi. bu haqda Davlat xizmatlari agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi. 

Mazkur treninglar mamlakatimiz rahbarining joriy yilning mart oyida Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshirilmoqda. Unda Birlashgan Arab Amirliklari hukumati bilan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, davlat organlari faoliyatiga innovatsiyalarni joriy etish, ta’lim va zamonaviy, kerakli ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish, turizm va logistika infratuzilmalarini rivojlantirish sohalarida keng ko‘lamli hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlarga erishilgan.

O‘quv kurslari kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirish, turli xil muloqot vositalarini birlashtirish qobiliyati, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatli vaziyatlarni yumshatish kabi ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan.

Shuningdek, bu yerda Davlat xizmatlari markazlari xodimlari uchun muhim va dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi. Mutaxassislarning xizmat oluvchilar bilan ishlashining jihatlari ochib beriladi hamda DXM xodimlari duch keladigan muammolar yuzaga kelganda, zaruriy yechimlar amaliy misollarda ko‘rib chiqiladi.

Ta’kidlash joiz, bu davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonining samaradorligi va sifatini oshirish bo‘yicha birinchi trening emas.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan dastlabki 5 kunlik trening natijalariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Davlat xizmatlari agentligi va ularning hududiy boshqarmalari xodimlarining  35 nafari fuqarolar bilan muloqot qilishda zarur ko‘nikmalarni egalladilar. Tegishli sertifikatlarga ega bo‘lgan murabbiylar faoliyatini joylarda davom ettirmoqdalar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring