Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bola uchun ota javobgarmi?

Bola uchun ota javobgarmi?

Suratda: Abdumajid Omonov

Foto: «Xabar.uz»

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi va Payariq tumani sudi shu fikrda.

Tahririyatimizga yordam so‘rab murojaat qilgan Samarqand shahrida yashovchi ikkinchi guruh nogironi, 73 yoshli Abdumajid Omonovning ma’lum qilishicha, uning o‘g‘li Akram Omonov jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudining 2017-yil 20-apreldagi hukmi bilan firibgarlik orqali o‘zgalarning ko‘p miqdordagi mulkini qo‘lga kiritganlikda ayblangan va Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi, 228-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandi, 228-moddasi 3-qismi bilan to‘qqiz yarim yilga ozodlikdan mahrum etilib, mol-mulki musodara qilinishi qayd etilgan.

Gap shundaki, Samarqand shahridagi Kurchatov ko‘chasi 22-uy 12-xonadonda yashagan sudlanuvchi Akram Omonovning mol-mulki musodara qilinib, u yashagan uylar ham olinganiga qaramasdan bu voqealar bo‘lmasidan 10 yil oldin Samarqand shahar hokimining qaroriga ko‘ra ajratilgan yerda o‘zining bir umr shifokorlik bilan topgan puliga uy qurgan Abdumajid Omonovning ham uy-joyi musodara qilinishi aytilib, bu hovli kimoshdi savdosiga qo‘yilgan.

Sud qaroridan skrinshot

— Jinoyat qilgan bo‘lsa, o‘g‘lim jazosini oldi-ku? Nega mening uyim ham musodara qilinishi kerak? Qani adolat? — deydi otaxon. — Hozir bu uyda men, mening ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ayolim, qizim, uy-joyi musodara bo‘lgan o‘g‘limning ayoli bo‘lgan kelinim va ularning ikki nafar farzandi yashaydi. Bizning boshqa boshpanamiz yo‘q. Agar uyimiz tortib olinsa, biz qayerga boramiz?

Biz murojaat muallifining uyiga bordik. U kishi bilan suhbatlashdik. Abdumajid Omonov uzoq yillar shifokorlik qilibdi. Samarqand shahridagi harbiy qismga ishga olingach, o‘sha yerda unga ajratilgan kichik hovlini kengaytirib, bir necha xonalar qurib, atrofini bog‘ va gulzorga aylantiribdi. Ishdan bo‘sh paytlarida harbiy shaharchada yashasa-da, qirqtagacha qo‘y boqib, ulardan ham yaxshigina daromad olibdi. Ammo pensiyaga chiqqanidan so‘ng harbiylar ham otaxonga nisbatan adolat qilishmabdi. O‘zi qator yillar davomida qurgan, obod qilgan hovlini bo‘shatib qo‘yishini talab qilibdi. Aqalli bu uy-joyni kengaytirish va obod qilish uchun sarflagan pullarini ham to‘lab bermabdi. Buning o‘rniga oilaning bor-yo‘q jihozini harbiy mashinalarga ortib, Abdumajid otaning qizinikiga olib borib tashlashibdi.

— O‘n yil umrim mana shu imoratni qurishga ketdi, — deydi Abdumajid ota. – Nima bo‘lsa ham shu imoratni bitkazib olay deb yaxshi yeb-ichmadim, ulfatchilik qilmadim, sayru-sayohatlarga bormadim. Endi o‘z hovlimda rohat-farog‘atda yashayman, orzu-havaslarimga yetaman deganimda bu kulfat boshimga tushdi.

Sud qaroridan skrinshot

Abdumajid ota taqdim qilgan hujjatlar bilan tanishdik. Sud hukmi e’lon qilingach, sudlanuvchilar jabrlanuvchilarga yetkazgan zararning katta qismini to‘labdi. Akram Omonovning uyi ham majburiy ijro byurosi tomonidan kimoshdi savdosiga qo‘yilib, 205000000 so‘mga sotilib, bu pullar ham jabrlanganlarga to‘lanibdi. Abdumajid otaning o‘zi ham o‘g‘li qilgan ishlardan xijolat bo‘lib, bor-yo‘g‘iga qarindoshlardan ham qarz-havola qilib olgan pullarini qo‘shib, 145000000 so‘m pulni jabrlanganlarga to‘lab beribdi.

— Qolganini ham albatta uzamiz, — deydi Abdumajid ota. – Ammo peshona terim evaziga qurgan o‘z uyimni tortib olishsa, qayerga boraman? Kim degan odam bo‘laman?

Abdumajid Omonovning Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyatm sudiga qilgan murojaati ham qanoatlantirilmagan. Viloyat sudi ham ajrimda «Samarqand shahri Movorounnahr 22-ko‘chasi 85-uy yetkazilgan zararga qaratilsin» deb ko‘rsatilgan. Uyni baholashni dastlabki tergovni olib borgan tergov organi zimmasiga yuklatilgan. Xullas, sud qaroriga qarasak, 73 yoshli otaxonning yillar davomida mashaqqat bilan qurgan uy-joyi musodara bo‘ladiganga o‘xshaydi.

Albatta, mazkur holatga vakolatli idoralar baho berishi kerak. Shu bois biz kim to‘g‘riyu kim egri ekaniga haqida to‘xtalmaymiz. Tahririyatga kelgan murojaat bo‘yicha jurnalist surishtiruvi davomida aniqlangan holatlarni boricha ko‘rsatishga harakat qildik. Umid qilamizki, mutasaddi idoralar bu masalaga bee’tibor bo‘lishmaydi.

Karimberdi To‘ramurod,
«Xabar.uz»ning maxsus muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring