Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bunday o‘zgarishlar bo‘lishini umuman tasavvur qilmagan edim». AQShning O‘zbekistondagi elchisi bilan suhbat

«Bunday o‘zgarishlar bo‘lishini umuman tasavvur qilmagan edim». AQShning O‘zbekistondagi elchisi bilan suhbat

Foto: O‘zA

«Amerika Ovozi» muxbiri Navbahor Imamova AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen bilan suhbat uyushtirdi.

VAShINGTON. Prezidentlar uchrashuvi nimasi bilan ahamiyatli va ular qanday uyushtiriladi? Gap ularning natijasi va qilingan qarorlar samarasida, deydi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen «Amerika Ovozi» bilan suhbatda. Spratlen xonim bilan qator dolzarb mavzularni muhokama qildik, yangicha strategik sheriklikdan tortib, uning Toshkentdagi ish muddati o‘z nihoyasiga yetayotganigacha.

– Spratlen xonim, sizni studiyamizda ko‘rib turganimizdan juda xursandmiz. Xush kelibsiz!

– Rahmat, Navbahor, men ham juda xursandman, siz bilan yuzma-yuz o‘tirganimdan.

– Kelishingizning o‘ziga xos sababi bor. Prezident Mirziyoyevning rasmiy tashrifi ortidan siz bilan alohida gaplashib olishni xohladik.

– Mana tugadi.

– Ha, Prezident bir necha soat oldin Vatanga uchib ketdi. Hamma hayajonda. Hamma xursand. Oq uyda Prezident Trampning mintaqa bo‘yicha maslahatchisi Liza Kurtis bilan gaplashdik. Mana hozir siz bilan o‘tiribmiz. Hayajonning boisi nimada? O‘zbekistonni endi kashf etmayapsizku, to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri, O‘zbekiston uzoq o‘tmishga ega diyor. Aloqa o‘rnatganimizga 27 yil bo‘layapti. Lekin biz hozir yangi O‘zbekiston bilan ishlayapmiz. Bunga shu hafta ham guvoh bo‘ldik. Tinimsiz eshitgan so‘zimiz shu bo‘ldiki, bu – tarixiy. Chunki Prezident Mirziyoyevning Vashingtonga ilk tashrifi. Rafiqasi ham oldin kelmagan. Ko‘rib chiqilgan masalalar, imzolangan kelishuvlar, delegatsiya hajmi, Vashington uni qanday kutib olgani – hammasi yangi, misli ko‘rilmagan darajada. Shu bois hammamiz xursandmiz, hayajondamiz. O‘zbekistonda uch yarim yildan beri ishlayotgan elchi sifatida 2015 yilning boshida Toshkentga borganimda, bunday o‘zgarishlar bo‘lishini umuman tasavvur qilmagan edim. Yangiliklar odamni xursand qiladi, hayajonim shundan.

– Siz Markaziy Osiyo bilan azaldan tanishsiz. Mintaqa bo‘yicha haqiqiy mutaxassissiz. Davlat departamentida bir paytlar Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh diplomat edingiz.

– Shunday.

– U paytlar O‘zbekistonning hozirgi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Vashingtonda elchi edi. Aloqalar sovigan davrlar edi. Ikki hukumat orasidagi aloqa sust edi. Shundan beri ko‘p narsa o‘zgardi.

– To‘g‘ri.

– Shunday ekan, yangi strategik sheriklik deganda odamlar quvonchga to‘lmoqda. Va’dalar berilmoqda. Lekin real ma’noda nimaga umid qilsak bo‘ladi? 2002 yildagi strategik sheriklik kelishuvi keyinchalik chetga surilgan, uloqtirilgan?

– Keskin baho... Avvalo sizni O‘zbekistonda akkreditatsiya qilinganingiz bilan chin yurakdan tabriklayman. Bu yangilik va yangi O‘zbekistondan darak. Oldin bunday imkoniyat berilmagan. Toshkentdan «Amerika Ovozi» muxbiri sifatida axborot uzatish imkoniyati berilmoqda sizga. O‘zbekiston sizga ochilmoqda. Bu katta o‘zgarishlardan darak va ularning boshlanishi.

Kompaniyalarimiz yangi imkoniyatlar ochishga urinmoqda. Quyosh nuridan quvvat oluvchi sanoatlar qiziqmoqda O‘zbekistonga. Ingliz tili mashg‘ulotlari bo‘yicha yangi dasturlar haqida gap ketyapti. Oliy ta’lim xususida yangi muloqot. Xavfsizlik bobida yangicha hamkorlik. Muhim jabhalar va bularning hammasiga yangicha yondashib, yangicha qarab, aniq maqsadlar sari qadam qo‘yish ustida kelishib oldik. 2016 yilda boshlangan dialog astalik bilan bizni mana shunday yirik kelishuvga yetakladi. Tomonlar bir-birini yaqindan tanimoqda, rishtalar o‘rnatilmoqda, fikrlar almashilmoqda. Bularning hammasi yangicha ruhda. Tashrif – ulkan burilish. Qo‘shma bayonot – yangi davrning boshlanishi.

2002-yildagi kelishuvning ahamiyati butunlay yo‘qolgan edi, demagan bo‘lardim. Bugungi hamkorlik uchun asos deb qarasak bo‘ladi. Chunki o‘shanda qilingan orzular, o‘sha paytdagi hamkorlikka bog‘langan umidlar so‘nmadi va mana bugun olg‘a surilib, bizga o‘ziga xos kuch berdi. Qo‘shma bayonot detallarga boy va chuqur mohiyatli hujjat. Hozirgi siyosiy iroda bilan uni amalga oshiradigan bo‘lsak, har ikki taraf ulkan foyda ko‘radi. Hukumatlar qattiq ishlayapti uning ustida. Real natijalarga olib borsin, deymiz.

Avval bunchalik g‘ayrat va xohish bo‘lmagandir balki, biroq hozirgi harakatlarimiz ishonchga asoslangan. Gap faqat AQShda emas. Mirziyoyev qo‘shnilar bilan ham yaqindan ishlamoqchi. Real hamkorlikka intilmoqda.

Hozirgina bir majlisda eshitdim: Turkmaniston bilan sarmoya va tijorat 100 million dollardan oshibdi. Kim ham o‘ylabdi, deysiz.

– Afg‘oniston bilan oldin deyarli nolga teng edi.

– Ha, Afg‘oniston bilan shunday edi. Hozirchi? Muloqot kengayib bormoqda. Yangi davr. Shaxsan men bundan juda xursandman va ayni muddao, deyman. Umidlar katta, orzular buyuk.

– Katta sinov, shundaymi, har ikki tomon uchun?

– Shubhasiz.

– Eplash oson bo‘lmaydi. Pentagondagilar 2002-yilgi hujjat haqida gapirganida men ularga «U kelishuvni yangilashga haddingiz sig‘adimi? Balki uni unutib, yangisini boshlarsiz», dedim. 2002 yilgi kelishuv chetga surilgan, lekin unutilmagan ekan.

– Shunday, u asos sifatida xizmat qiladi. Nihoyat uni qo‘llay olamiz.

O‘zbekistonga nisbatan ishonch so‘nmagan edi. Ishonardik bir kun shunday kunlar kelishiga. Bu davlat Markaziy Osiyo kelajagida muhim rol o‘ynashini bilar edi. Til topishamiz, o‘zaro ishonch va manfaatlarga tayanib, oldinga qadam tashlaymiz, deya niyat qilganmiz.

Bu «sendan ugina, mendan bugina» qabilidagi rishta emas. Haqiqiy sheriklik bo‘lishini istaymiz... Demak, qattiq mehnat qilishimiz kerak.

– Rasmiy tashriflar nimasi bilan muhim?

– Inson bir-birini bilishi kerak. Yaqindan so‘zlashishi kerak. O‘zbekistonda buni qadrlashadi, bilamiz. Mana choy ichib o‘tiribmiz. Choy hamjihatlik timsoli. Ozgina-ozgina quyib, mehmon bilan uzoqroq gaplashay, deysiz. Insoniy munosabatlarga urg‘u beriladi. Tashriflar ham shunday. Ular aloqa o‘rnatish, uni kuchaytirish, tomonlar bir-birini yetarlicha tanishi uchun zarur. Busiz birgalikda biror maqsadga erisha olmaysiz.

– Toshkentga bu yerdan juda ko‘p delegatsiya boradi. Oldinlari asosan harbiy formadagilar borar edi. Hozir bunday emas. Vashingtonga ham O‘zbekistondan ko‘p kelishyapti – elchixonadagilarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Bundan O‘zbekiston xalqiga nima naf? Televizorda ko‘rishadi tashriflarni. Kelib-ketishlarning ularga foydasi qanday?

– Tashriflar hamkorlikni mustahkamlaydi, birgalikda ezgu ishlar qilamiz. Odamlar bu tashriflar haqida bilsa, ularning mohiyatini tushunsa, demak, aloqalar ular manfaati uchun xizmat qilishini ham seza oladi. Xalqlar bir-birini tanishi kerak. Yaqinda Farg‘ona vodiysida bo‘ldim – Namangan, Marg‘ilon. Ko‘rish-bilish.

Yaqinda Davlat departamentidan Inson huquqlari bo‘yicha bosh rasmiy Rendi Berri Toshkentda bo‘ldi. Huquq masalasida uzoq yillardan beri bemalol, ochiq gaplasha olmas edik. Til topisha olmas edik. Mana Berri o‘zi kelib ko‘rdi, o‘zgarishlarni muhokama qildik. U turli tomonlar bilan uchrashdi. Hukumat a’zolari va nohukumat sektor vakillari... Yuzma-yuz, samimiy muloqotlardan bir olam ma’lumot olasiz. Ishonch shakllanishi uchun bu juda zarur. Hozir biz shunday jarayondamiz.

Xalqlarga nima naf? Umidimiz shuki, bu tashriflar, muloqotlar odamlar uchun imkoniyatlar ochadi. Masalan, ingliz tilini o‘rganaman, deb yurganlar uchun dasturlar taklif qilamiz. Imkoniyatlar faqat vatanda bo‘lmasligi mumkin, lekin ularga yo‘l ochish mumkin.

Amerika va O‘zbekiston bizneslari hamkorlik o‘rnatadi. Yangi ish joylari ochilishi mumkin. Soliq to‘laydiganlar ko‘payadi. Ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilarga talab oshadi.

Aniq foyda juda ko‘p odamlarning hayotiga ta’sir qilishi aniq, deb o‘ylayman. Masalan, oldinlari AQShdan juda oz sayyoh borar edi. O‘zbekistonni biladigan amerikaliklar kam. Lekin hozir bu aloqa ochilar ekan, O‘zbekistonni bilayotganlar, u yerga borishni xohlayotganlar, shu o‘rinda O‘zbekistonda AQShga qiziqqanlar ham ko‘payadi. Geografik jihatdan uzoqmiz, ammo bir-birimizni madaniy va siyosiy jihatdan tushunsak, bu faqat foyda.

– Elchi xonim, bu tashriflarni tashkillashtirish mayda ish. O‘zbekiston hukumati bilan ishlash qanday hozir? Ma’muriyatlararo aloqa haqida so‘rayapman. Islohotlar avvalo hukumatning faoliyatini yaxshilashi kerak. Ko‘plab o‘zbekistonliklar uchun shu qiziq: hukumatimiz hozir qanday ishlaydi? Bu borada nima o‘zgardi, rahbariyatda, masalan?

– To‘g‘ri. Bir so‘z bilan aytganda, bugun O‘zbekiston hukumati ochiqroq. O‘zbekiston ahli va AQSh elchixonasi hukumat tizimlari ochilayotganini birdek his etmoqda, nazarimda. Oldinlari odamlar kimga nolishni bilmay, qayerga borib muammosiga yechim izlashga qiynalar edi. Pensiyasini ololmay, uyini isita olmay garang, azobda edi. Virtual qabulxona ochilganida va ular mamlakat bo‘ylab qanot yozganida odamlar juda quvondi. Hukumat ularning dardini eshita boshladi.

Diplomatik jihatdan ham shunga guvoh bo‘ldik. Oldin hukumat bilan biror masalada gaplashmoqchi bo‘lsak, rasman xat yozib, iltimos qilar edik. Javobini kutib o‘tirar edik. Albatta, ularning arxivi bo‘lgani yaxshi. Xatlab borar edik har bir aloqani. Lekin vaqt boy berar edik. Gaplashish qiyin edi. Muloqot yo‘lida to‘siqlar bor edi. Hozir esa telefon qilamiz va bemalol gaplashamiz. Elektron xatlar almashamiz.

– Telefon qilganingizda qo‘rqib ketishmaydimi?

– Yo‘q, yo‘q, qo‘rqishmaydi. Ular o‘zlari hozir menga telefon qilishadi. Qo‘chqorov (Moliya vaziri) qo‘ng‘iroq qildi, masalan, yoki Tashqi savdo vaziri Xo‘jayev bilan gaplashaman. Tizim ochilyapti, bu degani aloqa normallashadi, tabiiy bir shaklga kiradi. Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh diplomatimiz Elis Uells yil boshida O‘zbekistonga borganida shu masalani ko‘targan edi. O‘zgarishlar ko‘ra boshladik. O‘zbekiston xalqi his qilayotganidek, biz ham hukumat ochilayotganini ko‘rayapmiz, astalik bilan.

Bu degani faoliyat qizib, samaradorlik oshadi. Faqatgina hujjatlar orqali gaplashmay, masalalarni bemalol muhokama qilishning ta’siri kuchli. Real muloqot shu o‘zi. Men uchun bu hukumatdagi ulkan yangilik.

Tashrifni tashkillashtirish, aytganingizdek, juda mayda ish va uni hamma ham eplay olmaydi. O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Vahobovga tasanno deyman. Elchixonasi, xodim soni jihatdan, menikidan oz. Lekin o‘zi, muovini Qadamboy Sultonov va qo‘li ostidagilar bilan qisqa vaqt ichida katta ishlarni epladi.

Mening komandam ham qattiq ishladi. Transport masalasidan, katta delegatsiyaga viza berishgacha, hammasi o‘z vaqtida va puxta bajarildi. Har bir xodimga katta mas’uliyat yuklangan edi. Har bir diplomatimiz o‘z hissasini qo‘shdi. O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi, AQShning Toshkentdagi elchixonasi, har ikkisi o‘ta muhim idoralar ekanini isbotladi.

– Tashrif istagi aniqlangach uni uyushtirish uchun qancha vaqt kerak? Prezident darajasida, masalan.

– Prezident Trampning o‘ziga xosligini hisobga olsak, tashrif ikki oydan ham oz vaqt ichida kechishi kerak edi. Tayyorgarlik uchun odatda bu vaqt yetmaydi. Liza Kurtis O‘zbekistonga borganida bu haqda gaplasha boshlangan. O‘tgan yilning noyabr oyida Samarqandda... Angladikki, bu hukumat bilan ishlasa bo‘ladi, u yangi yo‘ldan ketmoqda. Astalik bilan harakat qilindi. Albatta, bu yuqoridan quvvatlanishi kerak edi. Bu esa misli ko‘rilmagan tezlikda bo‘ldi. Tayyorgarlik esa murakkab jarayon: Bleyer Xausda imzolangan hujjatlarni hozirlash va qog‘ozlarni joy-joyiga qo‘yish, har bir detalni tasdiqlash. Har ikki sistema jadal ishladi.

AQSh hukumati ham, O‘zbekiston hukumati ham tahsinga sazovor. Oliy darajadagi tashriflarni bunchalik qisqa paytda va shunchalik samarali o‘tkaza olish hammaga ham nasib etmaydi.

– Shunday deng... Bilasizmi, O‘zbekiston Adliya vaziri «Amerika Ovozi»ga keldi. Intervyu uchun.

– Qoyil.

– Islohotlar haqida gaplashdik. U ham shuni istadi, lekin yana bir narsani qo‘shdi. Juda qiziq. Islohotlar qanchalik qiyin va katta sinov ekani haqida ham gapirdi. Yutuqlar haqida bong urish oson, lekin qiyinchiliklarni ham muhokama qilish zarur. O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirish uchun kadrlar yetishmasligi, sistemada tajriba ozligi, har bir sektorda tub islohotlar qilishga bel bog‘lagan hukumat oldidagi masalalar haqida gaplashdik. Tashrif mobaynida ko‘rdikki, AQSh buni tushunadi, O‘zbekiston xalqiga oson emasligini biladi.

– Albatta, oson emas.

– Odamlar o‘zgarish qilish qanchalik qiyin ekanini anglaydi. Murakkab jarayon bu. Vaqt kerak. Mehnat qilish kerak. Har ikki tomondagi siyosiy irodadan kelib chiqqan holda qaraydigan bo‘lsak, Amerika qanday yordam bera oladi? O‘zbekiston AQShga har sohada ochiq ekanini bildirib turibdi.

– To‘g‘ri.

– Imkoniyat maydoni kengaygan bo‘lsa, islohotlar bobida O‘zbekiston xalqi qanday yordam kutsa bo‘ladi?

– Islohot – katta so‘z. Bunday ishga kirishgan har qanday davlatda katta so‘z bu...

– Ham juda ko‘p ishlatiladigan so‘z.

– Prezident Mirziyoyev o‘tgan yilning fevralida e’lon qilgan besh yillik strategiyani, islohotlarning keng qamrovligini hisobga olsak. Aytgancha, vazirlardan biriga savol berdim. Eng katta qiyinchilik nima? Ikki javobdan biri shu bo‘ldiki, juda ko‘p o‘zgarish kutishyapti.

Umidlar shu darajada yuqori ekani katta muammo, chunki har bir fuqaroning orzularini nazorat qilib bo‘lmaydi, to‘g‘rimi? Hamma qisqa davr ichida jiddiy ishlar qilinishini kutyapti. Umidlar, vaqt ozligi, resurslar tanqisligi, kadrlar yetishmovchiligi ham shuning bir qismi.

Nazarimda, strategik ustunliklarni belgilab olish kerak – birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rinda nima keladi. Bu muhim, vaziyatga real ko‘z bilan qarash kerak. Hamma narsani bir kunda isloh qilib bo‘lmaydi.

– Diqqat bilan, demoqchimisiz?

– Diqqat bilan va shoshmasdan. Odamlar nafasini rostlab olsin. Yoz kelayapti, odamlar dam olsin, o‘ylansin. Shu hafta katta ishlar bo‘ldi, ikki davlat rahbarlari uchrashdi. Endi rejalar amalga oshishi uchun qattiq ishlash kerak, ter to‘kish kerak. Bunga vaqt ketadi.

Shoshmasdan, birgalikda o‘ylab, yo‘limizni, nimalar qilishni belgilab olaylik. Shu bilan birga, oldinga intilishni ham unutmaylik. Hozirgi asosiy vazifa – prioritetlarni belgilab olgunga qadar aloqalardagi energiyani qo‘ldan boy bermaslik. AQSh uchun Afg‘oniston xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar asosiy o‘rinda turishi aniq. E’tibor shunda bo‘ladi.

Xususiy sektorga kelsak, bu jabhaga ham endi boshqacha ko‘z bilan qarash boshlanadi. Biznes qilishga kelishib qo‘ygan kompaniyalar sheriklarini izlashga tushadi. AQShdagi shirkatlar bilan hamkorlik oldinga siljiydi, yengni shimarib loyihalarni ishga tushirishadi.

Biznes uchun zarur hukumat qarorlari, soliq rejimi qanchalik o‘zgaradi? Mana shu sohalarda yordam kerak. Xullas, tadbirkorlar jiddiy energiya va e’tibor bilan ishga kirishishini kutish mumkin, chunki imkoniyatlar kengayayapti. Ammo hammasi qadamma-qadam bo‘lishi lozim.

– Vashington O‘zbekistonga yetarlicha e’tibor berayapti, deb o‘ylaysizmi? Bilaman, siz Toshkentdasiz...

– Ha, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Shuni esda tutaylikki, Qo‘shma Shtatlar global davlat, bir paytning o‘zida bir qancha masalalar uning e’tiborida. Amerikaliklar qayerda bo‘lmasin ularning xavfsizligi, dunyoning qaynoq nuqtalaridagi vaziyat hamisha hukumatning diqqat markazida bo‘ladi.

Prezident Mirziyoyev Mudofaa vaziri Mattis bilan uchrashganida xavfsizlik yuzasidan hamkorlik bobida O‘zbekistondan aynan nimalar kutilayotgani muhokama qilindi. Davlat kotibi Pompeo bilan ham shu mavzuda gaplashdi. Shunday ekan, Vashingtonning O‘zbekistonga e’tibori yetarli deb o‘ylayman. Albatta, O‘zbekiston bilan har kuni shug‘ullanuvchi odamlarimiz ham bor – Tijorat, Energetika vazirliklarida va albatta, Davlat departamentida. Ularning har kungi ishi O‘zbekiston bilan bog‘liq, O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi bilan aloqada. Qolaversa, men Toshkentda ekanman, aloqalar rivojlanib borishi uchun harakatdan to‘xtamayman.

– Prezidentlar uchrashganida inson huquqlari ochiqchasiga tilga olinmagani tanqidlarga sabab bo‘ldi. Xususan, «Nyu-York Tayms» gazetasining yozishicha, Prezident Tramp O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni chetlab o‘tgan. Diplomatik nuqtai nazardan bu xato bo‘lmadimi?

– Inson huquqlari, albatta, har qanday sohada muhim masala. O‘zbekiston bilan aloqalarimizda ham bu doimiy mavzu bo‘lib kelgan. E’tiboringizni qo‘shma bayonotga qaratmoqchiman, Prezidentlar nimaga kelishib olgani unda o‘z aksini topgan. Bugun Davlat departamentida o‘tgan majlisda yuqorida lavozimdagi rasmiylarimizdan biri ham shu haqda so‘zladi.

– Bayonot turli mavzularga boy.

– Shunday.

– Hazm qilish oson emas.

– Oson emas, Navbahor, lekin inson huquqlari sohasida progressga erishish ham undan joy olgan. Bu jiddiy masala. O‘tgan yilning sentyabrida Prezident Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib va’da bergan. Chiqishlarida O‘zbekistonda endi qiynoqlar bo‘lmasligi, qiynoq ostida olingan iqrornomalar qabul qilinmasligini aytgan. Qo‘shma bayonotda ham shu haqda gap boradi. O‘zbekiston hukumati bergan ziyofatda siz ham bor edingiz. Prezident Tramp Prezident Mirziyoyevga yo‘llagan maktubida nima deyilgan? Inson huquqlari tilga olingan.

Prezident Mirziyoyev va yuqori lavozimdagi rasmiylarimiz o‘rtasidagi uchrashuvda qatnashdim, inson huquqlari mavzusi ko‘tarildi. Mirziyoyev bu borada ko‘p ishlar qilganini va qilishda davom etishini aytdi. Shunga jiddiy bel bog‘lagan. Jiddiy va’da bu. Uchrashuvlarda qayta-qayta yangragan va O‘zbekiston rasmiylari takrorlagan gap shuki, o‘zgarish va islohotlardan ortga qaytish yo‘q. Bu inson huquqlariga ham tegishli. Biz, albatta, vaziyatni kuzatib boramiz, va’dalar berildi.

– Harbiy yordam haqida ko‘p eshitdik. Prezident Tramp harbiy yordam haqida gapirganda o‘sha yerda edim, unga 10 talab savol bergim keldi. Bilasiz, inson huquqlari va harbiy madad chambarchas bog‘liq. O‘zbekiston va AQSh harbiy sohada hamkorlikni oshirar ekan, inson huquqlarini ustun, deb belgilash kerak, degan bayonotlardan hech kim hayron emas. Qiyin jihati shu emasmi? Amerika harbiy yordam berishni istaydi, O‘zbekiston esa olishga tayyor. Shunday ekan, inson huquqlari bilan bog‘liq strategiya nimadan iborat?

– Bu mavzu, siz savolingizda tilga olgan taranglik, azaldan mavjud. O‘zbekiston hukumatiga hatto arzimagan miqdorda asbob-anjomlarni uzatish ham juda qiyin edi. Nima o‘zgardi? Birinchidan, Afg‘onistondagi vaziyat, bilasiz u yerda ahvol jiddiy. Shu bilan birga, hukumatning inson huquqlariga bo‘lgan yondashuvi o‘zgardi. O‘tgan ikki yilda nimalarga guvoh bo‘ldik? Bolalar mehnatiga sistematik ravishda chek qo‘yilmoqda. Majburiy mehnat, kattalarning nafaqat paxta terimida, balki boshqa joylarda ham majburiy mehnatga jalb qilinishi farmonlar bilan taqiqlandi.

Rendi Berri (AQSh Davlat kotibining inson huquqlari bo‘yicha muovini) aprelda O‘zbekistonga borganida nohukumat tashkilotlar, fuqaro jamiyati taraqqiyoti muhim mavzu bo‘lgan. Keyin qanday qadamlar tashlandi? Mahalliy va xalqaro notijoriy tashkilotlarni ro‘yxatga olishni osonlashtiruvchi qonun qabul qilindi. Diniy erkinlik bobida nimalarni ko‘ryapmiz? O‘zbekiston diniy totuvlik bilan faxrlanadi, ammo ayrim diniy guruhlar mamlakatda faoliyat olib borishi uchun nima qilish kerakligi bo‘yicha o‘tmishda samarasiz muloqotlar bo‘lgan.

Oldin bunday sharoit va muloqot yo‘q edi. Hozir, masalan, axborot vositalaridagi o‘zgarishlarga qarasak ham yangi davr boshlanganini sezasiz. Mana, sizning faoliyatingiz, bir misol. Ular siz bilan ishlayapti, o‘zgarishni xohlayotgani ayon. Islohotlar boshlangan, astalik bilan. Oldin bunday bo‘lmagan. Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik ham shunday kechishi aniq. Ta’siri kuchli bo‘ladi va boshqa ko‘plab sohalarga ta’sir ko‘rsatadi, o‘zgarishlarga turtki beradi.

Kongress a’zolari ham buni tushuna boshlagan. O‘zbekistonda o‘zgarishlar real va chuqur. O‘zbekiston hukumati qattiq harakat qilayotganiga ishontira olayapti. Bu hamkorlikni kengaytirish uchun zamin. O‘zgarishlarni odamlar yanada his qila boshlagani sari yangi imkoniyatlar ham ochilaveradi. Inson huquqlari sohasida ham yangi davrdamiz, degan tushuncha keng qanot yozaveradi.

– Oldinda ish ko‘p.

– Nihoyatda ko‘p va oson emas.

– Toshkentdagi vaqtingiz esa tugab bormoqda.

– Afsuski, shunday.

– Tarixga guvohsiz... Muhim damlarda o‘sha yerda bo‘ldingiz.

– Shunday, omadim bor ekan.

– Elchi qachon yangilanadi?

– Bilasiz, buni ayta olmayman. Oq uyda hal etiladi bu.

– Jarayon sekin.

– Ha, sekin, lekin tushunsa bo‘ladi. Uni Oq uyda prezident va uning tarkibi boshqaradi. Elchi axir davlat rahbari ishongan shaxs, uning vakili. Men Toshkentda ish boshlaganimga uch yarim yil bo‘ldi. Bu degani shu yoz yoki kuzda o‘rnimga kimdir kelishi kerak. Bu menga bog‘liq emas. Nomzod tanlanadi, uni Kongress ko‘rib chiqadi. Har qanday davlatga elchi shunday tayinlanadi. Sabr qilasiz. Yangi elchi kelganida odamlar, albatta, xursand bo‘ladi. Ungacha esa, samolyotga chiqib vatanimga qaytgunimga qadar, AQSh –O‘zbekiston aloqalari va xalqlarimiz ravnaqi uchun xizmat qilaman.

– Siz bilan undan keyin ham gaplashamiz, bilim va tajribangizga tayanamiz.

– Bajonidil.

– Siz ayol diplomatsiz, ular kam. Afro-amerikalik elchisiz, ular juda kam, ayniqsa, O‘zbekistondek jamiyatlarda ishlayotgan. Sizni unutish qiyin bo‘ladi, juda ko‘p sabablarga ko‘ra. Sizni qanday eslashlarini xohlar edingiz? Sizdan nima meros qoladi, deb o‘ylaysiz?

– Ha. Avvalo, Navbahor, O‘zbekiston ahliga aytadigan gaplarim bor. Sizdan minnatdorman. Meni keng quchoq ochib kutib oldingiz. Birinchi daqiqalardanoq olqishladingiz. Davlatga kirishim bilan 48 soat ichida tashqi ishlar vaziri ishonch yorlig‘imni qabul qildi. Oradan 10 kun o‘tmay ishonch yorlig‘imni rahmatli Prezident Islom Karimov qabul qildi. Qayerga bormay odamlar meni juda iliq qarshilaydi. O‘zbekistonning taniqli joylari Samarqand, Buxoro va Xiva yoki Farg‘ona vodiysidagi Mingtepa degan joy bo‘lsin, Termizmi, qayerga qadam ranjida qilmay, O‘zbekiston xalqi meni ochiq chehra va tabassum bilan kutib oladi. Elchi sifatida bu ehtirom va imkoniyat men uchun bebaho.

Mening elchilik davrimda yangicha hamkorlik yo‘lini ochdik. Shunday sheriklik imkoniyati yaratildi. Mevasini ko‘raveramiz. Yoshlar bilan maroq bilan ishladim. Ularning orzulari, kelajak haqidagi o‘ylaridan ilhom oldim. Bu bilan faxrlanaman.

Barcha hamkasblarimdan juda minnatdorman. Ular menga ishondi, tayandi. Rishtalarimiz muvaffaqiyati, hamkorlikdagi har qanday yutuq ko‘plab odamlarning qattiq mehnati mahsuli, faqat meniki emas.

AQShdek davlatning diplomati bo‘lish bir baxt, chunki menikidek kasbiy faoliyatga ega bo‘lish mumkin. Umidim shuki, shunday karera qilish imkoniyati O‘zbekiston yoshlarida ham bo‘lsin. Menikidek maroq bilan ishlash, mana siznikidek professional faoliyat, Navbahor, O‘zbekistonda ham mumkin bo‘lsin. Siz o‘z sohasining liderisiz, boshqalar o‘rnak oladigan, ilhomlanadigan mutaxassissiz. Yo‘l ochayapsiz boshqalar uchun. Sevgan sohasida maza qilib ishlaydiganlar ko‘paysin.

Nafaqat ayol va Afro-Amerikalik diplomat, balki zamonaviy dunyoda yashayotgan inson sifatida bir narsaga ishonchim komil: odamlar hamisha o‘rnak oladigan odamlarni qidiradi. Bilaman, odamlar ikkimizga ham havas bilan qarashadi. Bilaman, jurnalistlarning yangi avlodi sizga qarab o‘rganishni xohlaydi, Navbahor.

– Ulkan mas’uliyat zimmamizda.

– O‘zbekistondek ajoyib mamlakat tarixining shu davrida o‘ziga xos rol o‘ynay olganimiz uchun behad shodman. Albatta, Amerika uchun ham muhim bir davr bu. Hamkorlikning asosi barpo etildi, endi uni ko‘tarish kerak. O‘rnimga kelgan odamning ishi shu bo‘ladi. Siz esa, Navbahor, o‘z sohangizda O‘zbekistonda turib ham ishlash imkoniyatini ochayapsiz. O‘zgacha sharoit va muhitda. Jurnalistika nima ekanini namoyish etish, axborot berish, axborot vositasi nima ekanini ko‘rsatish imkoniyati bu. Bu – O‘zbekiston uchun katta ahamiyatga ega ish. Shunday o‘ringa ega ekanimizga shukur qilaman.

– Oldimizda sinovlar...

– Juda ko‘p sinovlar. Hayotning har bir kuni sinov. Yomg‘ir yog‘ayapti hozir. Bu ham kimlar uchundir sinov, chunki yurish oson emas. Ko‘cha tirband. Bu ham bir sinov. Xohlagan ishimizni qilish uchun hech qachon yetarlicha mablag‘ yoki resurs bo‘lmaydi. Lekin nimani eplay olamiz, nima qila olamiz? Gap mana shunda. Oldimizdagi imkoniyatlarni ishga solib, oldinga qadam tashlay olamizmi? Qunt, e’tibor va mehnat bilan eplaymiz.

Qo‘l siltab, umidsizlansak, o‘tiraveramiz. Har yerdan to‘siq ko‘ramiz. Lekin biz unday qilmaymiz. Biz harakat qilaveramiz, umidni boy bermaymiz. Sabr va matonat bilan olg‘a va olg‘a... Bor imkoniyatlardan foydalanib, yangilarini yaratamiz.

Mening nazarimda, O‘zbekistonning hozirgi rahbari dunyoga yangicha ko‘z bilan qarayotgani ayni muddao. 2016 yilda buni hech kim tasavvur qilmagan edi. Toshkent, Xiva va O‘zbekistonning boshqa qismlaridan jahonga yangicha nigoh bilan qarashyapti. Chunki davlat rahbari shu tomonga yetaklayapti. Uning oldida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovdek optimist odamlar bor. Bu inson Amerika bilan rishtalar yaxshanishiga hamisha ishongan va uzoqni ko‘zlab harakat qilgan. Shu jumladan, Senator Safoyev va Akmal Saidov ham. Umidga to‘la insonlar ko‘p. Yetakchilar. Qiyin davrlarda ham, yaxshi davrlarda ham oldinga intilavergan. Hamma mamnun hozir.

– Yangi avlod kirib kelmoqda. Yangi chehralar, yangi arboblar.

– Shunday. Men ularga muvaffaqiyat tilayman. Yangicha g‘ayrat va ishtiyoqni ko‘rib juda xursandman. Ularni ko‘rib keksalar kelajakni topshirish mumkinligini anglaydi. Ularga tayanadi. Qiyinchiliklarga qaramay yo‘limizni topib ketamiz, deydi. Vashingtonga kelgan delegatsiyada shuni ko‘rdim. Katta tajribaga egalar ham bor, yangi kelganlar ham bor. Bir birlari bilan yaqindan ishlashmoqda, bir birlaridan o‘rganmoqda. Prezidentlarimiz erishgan kelishuvni shu insonlar amalga oshiradi.

– Maroqli suhbat bo‘ldi.

– Omad sizga, Navbahor. Siz yuksak iqtidor egasisiz. G‘ayratingizga balli. Sizning qilayotgan ishingiz – O‘zbekistonni bizga, O‘zbekistonga esa bizni tushuntirib berayotganingiz - tahsinga sazovor va behad minnatdormiz. Oldingizdagi yangi imkoniyatlarni ko‘rib yanada mamnunman. Umidim, sizning yetakchiligingizda komanda kengayadi, nafaqat sizning tashkilotingizniki, balki boshqa jurnalistlar ham, boshqa axborot vositalari ham keladi, xususiy va mustaqil. Bu jamiyat taraqqiyoti uchun nihoyatda muhim. Odamlar informatsiyani yangicha uslubda oladi. Yangi O‘zbekiston bundan manfaatdor. Prezident Tramp va Prezident Mirziyoyev e’lon qilgan qo‘shma bayonotning ham maqsadi shu – taraqqiyot va o‘zgarish. Shunday ekan, rahmat!

– Suhbatdoshimiz AQShning Toshkentdagi elchisi Pamela Spratlen. Juda bo‘lmaganda yoz oxirigacha O‘zbekistonda.

– Shunday desak bo‘ladi. Anig‘ini ayta olmayman, bu menga bog‘liq emas. Lekin o‘sha yerda ekanman, aloqani kuchaytirish, hamkorlik uchun qattiq mehnat qilishda davom etaman. O‘rnimga kelgan odamga shu eng buyuk meros bo‘ladi.

– Katta rahmat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring