Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda xalqaro mehnat hamkorligi: Yevropaga yo‘l ochildi

Buxoroda xalqaro mehnat hamkorligi: Yevropaga yo‘l ochildi

Foto: Xabar.uz

Bugungi kunda mehnat migratsiyasi — jahon miqyosida iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda muhim strategik omilga aylangan. Sloveniyaning Bandlik xizmati bosh direktori va Dunyo davlat bandlik xizmatlari assotsiatsiyasi prezidenti Greta Metka Barbo Shkerbich xonimning Buxoroga rasmiy tashrifi ana shu dolzarb masala yuzasidan muhim qarorga sabab bo‘ldi.

Buxoro viloyat hokimligi axborot xizmatining «Xabar.uz»ga bildirishicha, joriy yil 20-may kuni O‘zbekiston prezidentining Sloveniya prezidenti bilan uchrashuvida mehnat migratsiyasi masalasida so‘z borib, ikki davlat rahbarlari mehnat migratsiyasi yo‘nalishida o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishgan.

Ushbu hamkorlik doirasida Buxoro hokimi hamda Sloveniya assotsiatsiyasi prezidenti o‘rtasidagi xalqaro muloqot sifat va standartlar asosida ishchi kuchini eksport qilishga qaratilgan. Sloveniya bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, mehnat migratsiyasini shaffof va tizimli tashkil etish masalalari haqida so‘z bordi.

«Kasbiy tayyorgarlikda sloven standartlarini joriy etish va ta’lim tizimini moslashtirish yuzasidan o‘zaro hamkorlikka qo‘l cho‘zildi. Mamlakatimiz prezidentining «Yo‘l xaritasi» doirasida Buxoroda Sloveniya talablariga mos kasbiy o‘quv kurslari tashkil etilishi belgilandi. Bu Yevropa bozori uchun yetuk mutaxassislar tayyorlashga imkon yaratadi. Tajriba, raqamlashtirish va hamkorlikning yangi bosqichida turgan ekanmiz, sloven ish beruvchilarining aniq buyurtmalari asosida o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, til va kasbiy ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash diqqat markazimizda bo‘ladi. Bizni quvontirgani — Greta Metka Barbo Shkerbinch xonim Sloveniya ish beruvchilari nomidan Buxoroda tayyorlangan, til bilimi va kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lgan mutaxassislarni ishga qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Yevropaga yo‘l ochilgani iqtisodiy barqarorlik sari qadamdir», — dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi Buxoro viloyati hududiy vakilligi rahbari Nozima Xoliqova.

Ushbu hamkorlik ikki xalq o‘rtasida ishonch, hamjihatlik va madaniy yaqinlashuvga zamin yaratibgina qolmay, Buxoroda ishsizlikni qisqartirish, yoshlarni xorijda qonuniy va munosib sharoitda ishlash imkoniyati bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring