Hiyla
Bir yili qosh qoraya boshlaganida vodiyga qarab yo‘lga otlandim. Bir o‘zim. Sherik chiqmadi. Qo‘qonlik haydovchi yigit zarur ish bilan Toshkentga kelib, uchrashadigan odamiga uchrab, to‘xtamay iziga qaytayotgan ekan. Suhbatlashib ketdik. Dovondan o‘tgach, bir joyda yengil tamaddi qilib oldik. Yo‘l-yo‘lakay gaplashmagan gapimiz qolmadi hisob. Yo‘lga chiqayotganimizda: «Aka, oldinga o‘tiring, gaplashib ketamiz, charchaganman, ko‘zim ilinib qolmasin», degan edi, avvaliga e’tibor qilmabman, qarasam... asta mudrayapti. Hay-hay, dedim-da, qiziq-qiziq voqealar tafsilotini bir-biriga ulay boshladim. Qayerda suv ko‘rinsa, mashinani to‘xtatib, ichamiz, yuz-qo‘limizni yuvamiz.
Yarim kechada Qo‘qonga yetgunimizcha yurakni hovuchlab bordim. Bunisi mayli, ammo yo‘lda eng qiziq gapni men emas... haydovchi yigit aytdi. Undan eshitgan bir voqeani hali-hanuz eslab yuraman...
Bir podsho bo‘lgan ekan. Podsho bo‘lgandan keyin, yonida vaziri a’zam, vazirlar ham bo‘ladi-da. Ammo bu podshoning boshqa podsholardan farqi – ulug‘ yoshdagi ustozi bo‘lib, har kuni tongda – bomdod namozidan keyin saroyga kelib, podshoga bitta maslahat berib ketar ekan. Podsho ustozining maslahatlariga hamisha amal qilar, shu bois, yurtda to‘kinchilik, tinchlik-xotirjamlik bo‘lib, har kuni ustoziga bir kun avvalgi maslahati uchun xazinadan mukofot olishga qog‘oz yozib berar ekan.
Alqissa, vazirlarning bunga g‘ayirligi kelib, podsho va uning ustozi o‘rtasini buzishga qasd qilishibdi. Bosh vazir bir kuni podshoga: «Olampanoh, bir gapni sizga aytmasam bo‘lmaydi. Ustozingizni ko‘pdan-ko‘p hurmat qilasiz, maslahatlariga quloq tutasiz, har aytgan gapiga mukofot berasiz, ammo u saroydan chiqar ekan, siz haqingizda bo‘lmag‘ur gaplarni aytadi», debdi.
Podsho undan: «Xo‘sh, qanday bo‘lmag‘ur gaplar ekan?» deb so‘rabdi. Vazir ovozini pastlatib: «Podshoning og‘zidan qo‘lansa hid keladi. Men uning oldiga kirganimda, ko‘nglim ayniydi, shu bois, choponimning yengi bilan og‘zimni yopib gapiraman, ammo u bunga parvo qilmaydi, deydi», debdi.
Podshohning jahli chiqib, bunday ig‘vo gapga ishonmay, bosh vazirdan xafa bo‘libdi. U bo‘lsa bamaylixotir: «Ustozingiz ertaga tongda kelganida o‘zingiz bunga guvoh bo‘lasiz», deb so‘zida turib olibdi.
Ertasi kuni tongda ustoz, odatdagidek, saroyga kelibdi. Podshoh diqqat bilan qarasa, ustozi to‘nining yengi bilan og‘zini yopib gapirayotgan emish. Bosh vazir to‘g‘ri aytgan ekan-da, deb jahl otiga minibdi. Kechagi maslahati uchun xazinadan mukofot olishga qog‘oz yozib beribdi. Ustoz mukofotni olish uchun xazinabonning huzuriga ketayotgan ekan, yo‘lda fitnakor vazirlar uni ko‘rib, hayron bo‘lishibdi.
Vaziri a’zam, hiylam o‘tmabdi-da, debdi-yu, ustozga: «Har kuni podshodan mukofot olasiz, biror marta bo‘lsin, bizga uzatmaysiz, hech bo‘lmasa, bugungisini bering», deb yaltoqlik qilibdi.
Ustoz mukofot olinadigan qog‘ozni unga uzatibdi. Vaziru a’zam uni xazinabonga bergan ekan, u qog‘ozdagi yozuvni o‘qibdi-da, qorovullarga ishora qilibdi, ular vaziru a’zamni ushlab, bir zumda boshini tanasidan judo qilishibdi...
Haydovchining hikoyasi shu yerga yetganida Qo‘qonga kirib keldik. Men vaziru a’zam nega o‘ldirilganiga qiziqib qoldim va hikoyaning davomini diqqat bilan eshitdim.
Vaziru a’zam podshoning oldidan chiqqach, o‘zicha jinoiy reja tuzibdi. Unga ko‘ra, ertasiga ertalab, ustoz saroyga keladigan yo‘ldagi xonadonlardan birida qozonga yog‘ solib, eski sarimsoqni qovurib turishadi. Ustozni ko‘rishgach, bir-ikki mulozim unga: «Ustoz, shu xonadonda fotiha qilinadigan marosim bor, kirib o‘tmasangiz bo‘lmaydi, vaziru a’zam ham shu yerdalar, o‘tib ketsangiz xafa bo‘ladilar», deyishadi.
Xuddi shunday bo‘libdi. Ustoz ichkariga kirib, dasturxonga o‘tiribdi. Fotiha o‘qilgach, taom keltirilibdi. Gap nimadaligini anglagan alloma «Xayrut taomi mo hazar, guftan nabiy xayrul bashar» (Ulug‘ allomalar: «Oldingga nima taom qo‘yilsa, undan totib ko‘r»), debdi-da, taomdan bir chimdim og‘ziga solibdi. Shu sababli podshoning oldiga kirganida, og‘zimdan sarimsoqning hidi kelib qolmasin deb iymanib gapirgan ekan...
Ertasi kuni ustoz yana saroyga kelib, podshoga nasihat beribdi. Podsho: «Meni kechiring, ustozim, bir kun avval «Kimdir fisq-fasod gaplarni gapirsa, uning rost yoki bo‘htonligini aniqlamaguncha bir qarorga kelmang», degandingiz. Shuncha yil nasihatlaringizga amal qildim. Ammo bir marta amal qilmay, o‘sha kuni «Bu badkirdorning boshi tezda tanasidan judo qilinsin», deb yozib bergandim», degan ekan...
Bu nasihat tez-tez yodimga tushib turadi.
Ahmadjon Meliboyev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter