Hududlarda jamoat transporti rivojlanmoqda

Bugungi kunda hayotimizni jamoat transportisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 16 fevraldagi «Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimiz transport tizimi taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Qaror asosida tizimni modernizatsiya qilish, aholining jamoat transporti qatnovlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlash, uning qamrovini kengaytirish ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda. Jarayonda «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyati yetakchi moliyaviy sherik sifatida faol ishtirok etmoqda.
PQ-59-sonli qaror doirasida jamoat transportini boshqarishda mutlaqo yangi yondashuv — brutto-shartnoma tizimi joriy etildi. Ushbu tizimga muvofiq, tashuvchilar harakatlarining samaradorligi va sifat ko‘rsatkichlari avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilinib boriladi.
Sohada birinchi navbatda harakat tarkibini yangilash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. «O‘zmilliybank» AJ ushbu loyihani amalga oshirish uchun transport korxonalariga imtiyozli kredit ajratib kelmoqda. Ushbu mablag‘lar hisobiga bugungi kunda avtobus parklari yangi, zamonaviy, xavfsiz, qulay va ekologik talablarga javob beruvchi transport vositalari bilan ta’minlanmoqda.
Shuningdek, avtomatlashtirilgan dispetcherlik va nazorat tizimlari orqali har bir avtobusning harakat yo‘nalishi, vaqti, yo‘lovchi soni va texnik holati doimiy monitoring qilinadi. Transport xizmati tariflari esa «Bosib o‘tilgan yo‘l», «Xizmat ko‘rsatish sifati» kabi mezonlarga asosan shakllantirilib, shaffoflik va natijaviylikni ta’minlaydi.
Bu tizim nafaqat xarajatlarni oqilona boshqarish, balki yo‘lovchilar uchun qulay va ishonchli xizmat ko‘rsatishga ham xizmat qilmoqda.
2023-2025 yillarda hududlarda jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, 2025 yil
1 avgust holatiga ko‘ra, jami 1832 ta avtobus sotib olindi. Ularning umumiy qiymati 296 mln dollarni tashkil etdi. Shundan 1432 tasi tabiiy gazda va 400 tasi elektrda harakatlanadi.
Harid qilingan avtobuslar hududlar kesimida Toshkent shahrida 1000 ta, Samarqand viloyatida 263 ta, Jizzax viloyati 90 ta, Qashqadaryo viloyatida 86 ta, Farg‘ona viloyatida 48 ta, Sirdaryo viloyatida 25 ta, Namangan viloyatida 66 ta, Qorqalpog‘iston Respublikasida 22 ta, Navoiy viloyatida 67 ta, Buxoro viloyatida 44 ta, Toshkent viloyatida 41 ta va Xorazm viloyatida 80 tani tashkil qilmoqda.
Avtobus yo‘nalishlari yangi tarmog‘ining joriy etilishi, xarakat tarkibi sig‘imining oshirilishi va yangilanishi, yangi tabaqalashtirilgan tarif rejalari joriy etilishi hamda sohani moliyalashtirishning yangi «brutto-shartnoma» tizimiga o‘tilishi hisobiga avtobuslar xizmatidan foydalanayotgan kunlik yo‘lovchilar soni 2,2 mln. oshdi (avval 500 minga yaqin yo‘lovchini tashkil etgan). Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida 4 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha ravishda 330 ta avtobus xarid qilinishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar uchun jami 34 mln dollar miqdorida qo‘shimcha kredit mablag‘larini yo‘naltirish hamda 700 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Toshkent viloyatiga 107 ta, Andijon viloyatiga 100 ta, Surxondaryo viloyatiga 35 ta, Farg‘ona viloyatiga 24 ta, Buxoro viloyatiga 12 ta va Sirdaryo viloyatlarigi 52 ta xarid qilinishi rejalashtirilgan yangi avtobuslarning 230 tasi tabiiy gazda, 100 tasi esa elektrda harakatlanadi.
PQ-59-sonli qaror ijrosi doirasida O‘zmilliybank tomonidan respublika miqyosida transport sohasini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Har bir hududning ehtiyojidan kelib chiqqan holda, avtobuslar xaridi va yetkazib berilishi tizimli va bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilgan. Yil oxirigacha amalga oshiriladigan ishlar natijasida umumiy avtobuslar parki yanada kengayadi va jamoat transporti xizmati sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tariladi.
Mamlakatimizda urbanizatsiya jarayoni tezlashib, yirik shaharlarning ko‘payib borayotgani hamda aholi sonining o‘sishi natijasida jamoat transportiga bo‘lgan talab va ehtiyoj yil sayin ortmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, jamoat transporti xizmati sifatini oshirish, madaniyatini yuksaltirish, uni bugungi davr va sharoitga moslashtirishni taqozo etadi. «O‘zmilliybank» AJ kabi moliyaviy institutlarning faol ishtiroki esa, shubhasiz, bu jarayonni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter