Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Insoniylik sinovidan o‘tganlar va o‘tolmaganlar (video)

Insoniylik sinovidan o‘tganlar va o‘tolmaganlar (video)

«Vatan» filmidan lavha

Mana Ramazon oyining so‘nggi kunlari. Bu oy ezguliklar oyi. Musulmonlar ko‘proq xayrli ishlar qilishga shoshadigan oy. Yana nafsni sinaydigan oy. Hazrati Ali (r.a): «Men va nafsim bir suruvning cho‘poniga o‘xshaymiz. Cho‘pon suruvni bir tomondan to‘playdi, bir tomondan suruv yoyilib ketaveradi. Kim nafsini o‘ldirib, uning istaklarini to‘xtatib qola olsa, rahmat kafaniga o‘raladi va karomat tuprog‘iga dafn etiladi. Kimki qalbini o‘ldirib, undagi ilohiy va insoniy tuyg‘ularni halok etsa, la’nat kafaniga tikiladi va azob tuprog‘iga dafn etiladi», dedilar.

Demak, inson faqatgina Ramazon oylarida emas, umri davomida o‘z nafsiga qarshi kurashmog‘i lozim. Ramazon oyini esa tom ma’noda insoniylik sinovi deb atasak bo‘ladi. Mana shu Ramazon oyida «Omad shou»ning bir «shou»siga ko‘zim tushib qoldi. Ya’ni yurtimizdagi qaysidir qishloqda yutuq egasiga «Damas» avtomashinasi sovg‘a qilinmoqda. Va shu asnoda shirinlik ham tarqatildi. Bir quti shirinlik uchun talashayotgan odamlarni ko‘rib, yoqangizni ushlaysiz. Agar bolalar bo‘lganida ham tushunish mumkindir, ammo ular orasida otaxonu onaxonlarning borligini ko‘rib, Afrikadagi och odamlar ko‘z oldimga keldi. Hatto talato‘pda bir ayol oyoq ostida qoldi.

Ammo yurtimizni Afrika bilan taqqoslash o‘rinlimi? Hayotimiz ovqat uchun talashadigan darajada qashshoqmi? Yo‘q, hech kim hozirgi zamonda ochdan o‘layotgani yo‘q. Xo‘sh, ochdan o‘layotganda ham shunday talashish mumkinmi? II jahon urushi davridagi voqealarni eslang. Odamlar qanchalar bir-biriga mehr oqibatli bo‘lgan. Birgina Niderlandiyadagi konslagerga tashlanib, dahshatli qiynoqlarga solingan 101 o‘zbek askarini eslang.

Amersfort konslagerida 101 askar ataylab och qoldiriladi, ya’ni natsistik g‘oyalarga qarshilik qilayotgan hollandlarga ko‘rsatish uchun osiyocha ko‘rinishga ega askarlarni yig‘ib olishgan. Natsistlar ularni hatto odam o‘rnida ko‘rishmaydi.

O‘zbeklar askarlarini lagerda bir necha kun ovqatsiz, ochiq osmon ostida, sovuq bo‘lishiga qaramay, simtikan bilan o‘ralgan hududda saqlashgan. Sababi ularning nonga qanday talashishini tasvirga olib targ‘ibot qilish bo‘lgan. Lekin 101 nafar yigitimiz natsistlarning bu rejalarini chippakka chiqaradi. Ular non deb talashmaydi, bir necha kundan beri och bo‘lishiga qaramay, sabr bilan nonni bir-biriga uzatishadi, bir to‘g‘ram bilan kifoyalanishadi. Va o‘zlarining bu hatti-harakati bilan o‘zbek degan nomga dog‘ tushirmaydi. Va aynan shu xatti-harakati bilan tarixda qolishadi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali hali osh tarqatilayotganda talashayotgan, hali shirinlik ulashilayotganda bosar-tusarini bilmayotgan odamlar ham bizning millatdoshlarimiz. Urush davridagi o‘zbek askarlarining qahramonliklari tarqab ketadigan internat bo‘lmagan. Ammo bugun bizning sharmandali holatlarimiz tarqalishi juda tez va oson bo‘lgan internet bor. Va biz bu hatti-harakatimiz bilan ikkinchi jahon urushida insoniyligini yo‘qotmagan o‘zbek o‘g‘lonlarining qahramonligini, matonatini suiiste’mol qilmoqdamiz, yana Ramazon kunlarida.

Nega bu qadar maydalashib ketganimiz alohida bir mavzu. Yana Hazrati Aliga yuzlanamiz: «Sen Allohning nazdida insonlarning yaxshisi bo‘l. Nafsingni oldida odamlarning yomoni bo‘l. Odamlarning orasida odamlardan bir odam bo‘l!».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring