Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jurnalistlar «uysiz» qolmaydi. Toshkentning yangi hokimi muammoni hal qildi

Jurnalistlar «uysiz» qolmaydi. Toshkentning yangi hokimi muammoni hal qildi

Foto: «Novosti Uzbekistana»

«Toshbozorsavdo» uyushmasi «Matubotchilar uyi» uchun «O‘zsanoatqurilishbank»dan olingan kredit pullarini o‘z hisobidan to‘laydi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

2016 – 2017-yillarda «O‘zsanoatqurilishbank»dan «Toshbozorsavdo» uyushmasi uchun Toshkent shahridagi bozorlarni rekonstruksiya qilish uchun Toshkent shahar hokimligi qarori bilan pul mablag‘i olingan. Garov ta’minoti sifatida esa «Matbuotchilar uyi» ko‘rsatilgan. Oradan bir yarim yil vaqt o‘tishiga qaramasdan, uyushma tomonidan kredit qarzlari qoplanmagan. Oqibatda «Matbuotchilar uyi» Mirobod tumani Majburiy ijro byurosi tomonidan auksionga qo‘yilgan edi.

«Toshbozorsavdo» tomonidan kredit qoplanmagani oqibatida shahar markazidagi jurnalistlar binosi o‘z bahosidan ancha arzon miqdorda auksionga qo‘yilgani haqidagi maqolaga Toshkent shahar hokimligi befarq bo‘lmadi.

Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchisi J.Ortiqxo‘jayev mazkur ish hujjatlari qayta ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi. Endilikda «Toshbozorsavdo» bankka kredit pullarini o‘z hisobidan to‘laydi.

«Matbuotchilar uyi» kredit garov ta’minoti sifatida bekor qilingan. «Matbuotchilar uyi» jurnalistlarda, ya’ni avvalgidek, Toshkent shahar hokimligi tasarrufida (balansida) qolgan. Markaziy gazetalar boshqa manzilga ko‘chirilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Mirobod tumani Majburiy ijro byurosi tomonidan «Gazeta korpusi» nomini olgan Toshkent markazidagi yetti qavatlik bino boshlang‘ich bahosi 18 mlrd. so‘m bilan auksionga qo‘yilgan edi.

Shundan so‘ng «Xabar.uz»da 27-aprel kuni jurnalist Toshtemir Murodning «Bino cotilmoqda. Tahririyat jurnalistlari endi ko‘chada qoladimi?», 4-may kuni publitsist Shuhrat Salomovning «Jurnalistlarning uyini tortib olishmoqchimi?», 5-may kuni esa O‘zAning saytida «Qarzga botirgan boshqalar, «uysiz» qolayotgan jurnalistlar» nomli maqolalar e’lon qilingan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring