Ko‘chmas mulk va avtomobillar oldi-sotdisini bank orqali qilish 5 bosqichda amalga oshiriladi – Markaziy bank
Ko‘chmas mulk ob’yektlari hamda ishlab chiqarilganiga o‘n yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalari oldi-sotdisini banklar orqali amalga oshirish 5 bosqichda amalga oshiriladi.
Markaziy bankning bildirishicha, bu boradagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun notariuslar va banklar o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashish tartibini belgilovchi Nizom tasdiqlanadi.
Ko‘chmas mulk obekti va transport vositasini notarial tartibda oldi-sotdi qilishda xaridor, sotuvchi yoki ularning vakili o‘zaro kelishuvga erishgandan so‘ng quyidagi amaliyotlarni bajarishi kerak bo‘ladi.
1-bosqich:
Xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron shakldagi ariza bilan murojaat qiladi.
Arizada:
- taraflarning familiyasi, ismi va otasining ismi;
- taraflarning shaxsini tasdiqlovchi hujjat raqami va seriyasi;
- taraflarning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR), agar taraflar yoki ulardan biri yuridik shaxs bo‘lsa, uning nomi va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
- shartnoma obektining ma’lumotlari;
- shartnoma summasi;
- taraflarning bank rekvizitlari ko‘rsatiladi.
2-bosqich:
Bank tomonidan ariza asosida eskrou hisobvarag‘i shartnomasi tuziladi va eskrou hisobvarag‘i ochiladi.
Xaridor yoki uning vakili bir nechta bo‘lishidan qat’i nazar bitta oldi-sotdi shartnomasi uchun bitta eskrou hisobvarag‘i ochiladi.
Bank va xaridor yoki uning vakili bilan eskrou hisobvarag‘i shartnomasi tuzilgandan so‘ng, xaridor yoki uning vakili tomonidan pul mablag‘lari naqd yoki naqdsiz shaklda eskrou hisobvarag‘iga kirim qilinadi.
Bunda shartnoma taraflari o‘rtasida hisob-kitoblar bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan amalga oshirilishiga kelishilsa, xaridor yoki uning vakili tomonidan tegishli eskrou hisobvarag‘iga taraflar o‘rtasida kelishilgan pul mablag‘lari kirim qilinadi.
Eskrou hisobvarag‘i shartnomasini tuzgan bank Tizimdan shartnoma tasdiqlanganligi bo‘yicha ma’lumotni olgandan so‘ng, dasturiy ravishda memorial order bilan, xaridorning yoki uning vakilining eskrou hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini shu bank ish kunida (agar ma’lumot ish kuni tugagandan keyin kelib tushsa, keyingi ish kunida) sotuvchining yoki uning vakilining hisobvarag‘iga (hisobvaraqlariga) o‘tkazadi.
3-bosqich:
Eskrou hisobvarag‘iga taraflar o‘rtasida kelishilgan mablag‘lar kirim qilingandan so‘ng, taraflar belgilangan tartibda notariusga murojaat qiladi.
4-bosqich:
Notarius shartnomani tasdiqlashdan oldin Tizim orqali xaridorning yoki uning vakilining eskrou hisobvarag‘ida mablag‘lar mavjudligi bo‘yicha dastlabki tarzda tekshirib olish uchun eskrou hisobvarag‘i ochilgan bankka elektron so‘rov yuboradi.
Bank tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar notarius tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda ularga nisbatan taraflarda e’tiroz mavjud bo‘lmagan taqdirda shartnoma tasdiqlanadi.
Shartnoma tasdiqlangandan so‘ng, notarius tomonidan Tizim orqali eskrou hisobvarag‘i ochilgan bankka shartnoma tasdiqlanganligi bo‘yicha ma’lumotlar elektron shaklda yuboriladi.
Shartnoma tasdiqlanmagan hamda bankka ma’lumotlar yuborilmagan bo‘lsa xaridor yoki uning vakilining so‘roviga asosan tegishli eskrou hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari qaytarib beriladi.
5-bosqich:
Bank notariusdan shartnoma tuzilganligi haqidagi ma’lumotlarni olganidan so‘ng, eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘larni sotuvchi yoki uning vakili hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 10 dekabrdagi PF-246-son farmon bilan 2026 yil 1 apreldan boshlab ko‘chmas mulk ob’yektlari, ishlab chiqarilganiga o‘n yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi belgilangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter