Koronavirusga qarshi vaksina saratonni keltirib chiqarmaydi – Nurmat Atabekov
Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi vaksina olgan insonlar hayoti xavf ostida ekani, xususan, ular saratonga chalinishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovning ma’lum qilishicha, ushbu xabarlar mutlaqo asossiz.
— Avvalo, ushbu xabarlar mutlaqo asossiz ekanligini alohida ta’kidlash kerak. Ma’lumotlarga ko‘ra, pandemiya boshlangandan to hozirgacha dunyo bo‘yicha 710 million kishi bu kasallikka chalingan, 7 milliondan ko‘prog‘i hayotdan ko‘z yumdi. Agar vaksina topilmagan va emlash tadbirlari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmaganda, bu raqamlar bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin edi. Buni vaksina kashf etilgunga qadar o‘tgan bir yil davomida o‘lim ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgani ham yaqqol tasdiqlaydi.
Mutaxassis sifatida shuni aytmoqchimanki, qo‘llanilgan vaksinalar genomga salbiy ta’sir qilmaydi, bu o‘z isbotini topgan. To‘g‘ri, vaksinani qabul qilgan ayrim odamlarda turli salbiy holatlar, masalan, nafas olish qiyinlashuvi, tana harorati oshishi va yurakning tez urishi kabi belgilar kuzatilgan. Ammo bu vaqtinchalik bo‘lib, emlangandan so‘ng 2-3 kun o‘tgach, barchasi ortda qolgan, – deydi Atabekov.
Qayd etilishicha, tarqalgan materialda onkologik kasalliklar xavfi ham vaksinaga bog‘liqligi va emlashdan keyin tanada paydo bo‘lgan salbiy holat (qabul qilingan vaksina)dan qutulish uchun karabash va arslonpanjasi giyohlaridan foydalanish tavsiya etilgan.
– Bu sohadan umuman yiroq bo‘lgan odamning fikridan boshqa narsa emas. Karabash shamollash, nafas yo‘llari yallig‘lanishida, arslonpanjasi esa ayollarda gormonal holatni mo‘’tadil ushlab turish maqsadida qaynatma sifatida ishlatib kelingan. Shundan kelib chiqilsa, ushbu ikki giyoh vaksinadan keyin paydo bo‘lgan immunitetga ta’sir ko‘rsatish va yo‘q qilish xususiyatiga ega emas.
Umuman, pandemiya davrida bir qator vaksinalar qo‘llanilib, epidemik vaziyat yumshatildi, muhimi, dunyo bo‘yicha millionlab insonlar hayoti saqlab qolindi, – deydi Qo‘mita rasmiysi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter