Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan: Sergelidagi poliklinikada birorta bemor yo‘q

Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan: Sergelidagi poliklinikada birorta bemor yo‘q

Foto: «Mt.uz»

«Albatta, maqola sarlovhasini o‘qigan odamning xayoliga birinchi navbatda «kasalxona bo‘lib, bemor bo‘lmasligi mumkin emas, sharoiti yaxshi emasdir yoki shifokorlar talabga javob bermas», — degan javob keladi. Yoki kimlardir «kasalxona uzoqdadir, «yo‘l azobi»ni tortishga to‘g‘ri kelar», — degan javobni ham o‘ylagandir. Eshitishimizcha, kasalxona sharoiti yaxshi, shifokorlari ham tajribali. Muassasa esa shundoq mahallaning markazida joylashgan, yo‘llari yaqinda ta’mirlangan ekan. Unda kasallar kelmasligining sababi nimada?», deb yozadi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi matbuot kotibi Ravshan Mahmudov.

Maqolada aytilishicha, muallif ham bu savolga javob topolmay Sergeli tumanidagi poliklinikaga yo‘l olgan. U poliklinika darvozasidan kirishi bilan anvoyi gullarning hidi dimog‘iga urilgan. Ichkaridagi tor yo‘laklardan yurib, bemorlarni qabul qilish xonalariga bir-bir ko‘z tashlasaki, haqiqatan ham xonalarda shifokorlar bekor o‘tiribdi — kimdir kitob mutolaasi bilan band, kimningdir qulog‘ida «sotka», xullas, shifokorlarning qiladigan ishi yo‘q!...

«Hayron bo‘lmang, — deb javob beribdi unga poliklinika bosh shifokori Dilbar To‘rayeva. — Bosh shifokor o‘rinbosari, xalq deputatlari Sergeli tuman kengashi deputati Rustam aka Umarovning g‘oyasi va tashabbusi bilan bir oydan buyon poliklinikamizga kelayotgan bemorlarning qadami yaxshi ma’noda uzildi. Xabaringiz bor, Prezidentimiz deyarli barcha uchrashuvlarda rahbar xodimlarni, qolaversa, xalq vakili hisoblangan deputatlarni uyma-uy yurib, odamlarning dardini eshitishga va oilaviy shart-sharoiti bilan yaqindan tanishib, muammolarini iloji boricha shu yerning o‘zida hal qilishga da’vat qilib kelmoqdalar. Ya’ni, «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak» tamoyili asosida bugun hududlarda amaliy ishlar qilinmoqda. Biz ham shundan kelib chiqib, shifokorlarning sayyor guruhini tuzdik. Poliklinikamizning kardiolog, ginekolog, terapevt, laborant va boshqa malakali mutaxassislaridan iborat guruh hamda UZI, EKG apparatlari bilan jihozlangan «03» mashinasi bilan bir oydan buyon sayyor guruhi uyma-uy yuribdi. Sayyor qabul ertalab soat 7-00dan 10-00gacha, kechki payt soat 18-00da 20-00 gacha, ya’ni fuqarolar uylarida bo‘ladigan paytda amalga oshiriladi. Chunki zarurat yuzasidan qaysidir qariyaning shifoxonaga chiqishga kuch-quvvati yetmaydi, kimdir bunga hafsala qilmaydi yoki vaqt topolmaydi. Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish bilan birga jiddiy kasali bor shaxslarga boshqa kasalxonalarda davolanishlari uchun «order» beramiz, ayrimlarga sanatoriylarga yo‘llanma olib berish masalasida yordamlashamiz».

Bosh shifokor o‘rinbosari, deputat Rustam Umarov bu xayrli ishlar haqida shunday debdi: «Bemori bor xonadonga bosh shifokorning shaxsan o‘zi kirib borishi, albatta, «bosh shifokorning o‘zi kelibdi-ya» deya xasta insonning ruhi ko‘tarilishiga, birpasga bo‘lsa-da dardini unutishga yordam berdi. Biz mahalla xaritasini ishlab chiqqanmiz. Xaritada og‘ir xastalikka chalingan bemorlar, faxriylar, qariyalar, bolalar va xomilador ayollar istiqomat qilayotgan xonadonlar kirtilgan va shu asosida uyma-uy yuramiz. Bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, bir hafta, o‘n kunlik muolaja yozib beramiz. Hududiy hamshiralarimiz esa har kunlik muolajalarni qilib boradi. Muolaja tugaganidan so‘ng esa sayyor guruh yana ushbu xonadonga boradi va bemorning keyingi holatini tekshirdi. Lozim topilsa yana muolajani davom ettiramiz. Albatta, qaysi xonadonga bormaylik bemor bilan oilaning boshqa a’zolarini ham ko‘rikdan o‘tkazamiz. Odamlar bizlarni poliklinikada emas, o‘zining uyida kutishga o‘rganyapti va albatta, belgilangan vaqtda biz birma-bir xonadonlarga kirib boramiz. Natijada ko‘rib turganingizdek, poliklinikaga kelayotgan bemorlar soni keskin kamaydi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring