Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ota-onasiz qolgan ikki qizga uy berildi (foto)

Ota-onasiz qolgan ikki qizga uy berildi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Buxoro viloyati, Romitan tumanida ota-onasidan bevaqt judo bo‘lgan opa-singilga ikki xonali uy berildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga tuman hokimi matbuot xizmati rahbari ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Romitan tumanidagi «Zarafshon» mahallasida yashab kelayotgan opa singil Yayra va Jasmina Azimovalar 2021 yilning 15 avgustida ota-onasi vafot etgach, ular qaramog‘idan mahrum bo‘lishgan.

Joriy yilning 11 avgustida qabul qilingan «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, Romitan tumani hokimi Umidjon Barnoyev ota-onasidan bevaqt judo bo‘lgan bu opa-singillarga yangi qurilgan ko‘p qavatli uy-joylardan ikki xonali uy kalitini topshirdi.

«Buxoro davlat universitetida tahsil olaman. Singlim maktab o‘quvchisi. Ota-onamizning bir kunda vafoti bizni judayam og‘ir qayg‘uga soldi. Ota-onamiz uy-joy qilaman, qizlarimni o‘qitaman, deb ko‘p mehnat qilishardi. Ammo, hayotliklarida iqtisodiy qiyinchilik tufayli bu orzu-niyatlariga yeta olishmadi. Tuman mutasaddilarining e’tibori bilan bizga uy berildi. To‘g‘risi, kutmagandik, hatto «syurpriz» qilishdi», — deydi Yayra ko‘ziga yosh olib.

Bildirilishicha, qizlar ota-onasi vafotidan so‘ng yaqin qarindoshlarining xonadonida yashab yurishgan. Biror tashkilot yoki idoraga ko‘mak so‘rab, murojaat qilishmagan. Tuman hokimligi mutasaddilarining chin e’tibori va ko‘magi bilan yetim qizlar uyli bo‘lishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring