Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Braziliyaning C-390 Millennium harbiy-transport samolyotlarini xarid qildi

O‘zbekiston Braziliyaning C-390 Millennium harbiy-transport samolyotlarini xarid qildi

Braziliyaning Embraer aviasozlik kompaniyasi Singapur aviashousida ilgari mijozi oshkor etilmagan C-390 Millennium harbiy-transport samolyotlariga berilgan buyurtmani O‘zbekiston Respublikasi amalga oshirganini rasman e’lon qildi. Biroq samolyotlar soni haqida ma’lumot bermagan.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari mazkur samolyotlardan asosan yuk tashish va gumanitar operatsiyalarda foydalanadi. Bu esa mamlakatning harbiy-transport salohiyatini sezilarli darajada oshiradi. O‘zbekiston shu tariqa Markaziy Osiyoda C-390 Millennium samolyotini ekspluatatsiya qiluvchi ilk davlatga aylandi.

Embraer Defense & Security prezidenti va bosh direktori Bosku da Kosta Junior O‘zbekistonni C-390 operatorlari qatoriga qo‘shilishi bilan qutladi.

«O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari o‘z transport imkoniyatlarini modernizatsiya qilayotgan bir paytda, biz O‘zbekiston Respublikasini C-390 operatorlari safida rasman qutlab olamiz. Markaziy Osiyodagi yetakchi havo kuchlaridan birining tanlovi biz uchun katta sharaf. Biz ushbu inqilobiy samolyotning mukammal ishlashi uchun O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik qilamiz», – dedi u. 

C-390 Millennium o‘z sinfidagi eng ilg‘or harbiy-transport samolyoti hisoblanadi. U, jumladan, soatiga 470 uzel tezlikda uchib, 26 tonnagacha yuk ko‘tara oladi hamda o‘rta toifadagi boshqa harbiy-transport samolyotlariga nisbatan uzoqroq masofaga parvoz qiladi.

Shuningdek, u vaqtinchalik yoki asfaltlanmagan uchish-qo‘nish yo‘laklaridan ham foydalanishi mumkin. Havodan havoga yonilg‘i quyish uskunasi o‘rnatilgan KC-390 konfiguratsiyasida esa samolyot ham yonilg‘i quyuvchi, ham qabul qiluvchi sifatida ishlay oladi.

C-390 Millennium NATO standartlariga to‘liq mos bo‘lib, Agile Combat Employment (ACE) operatsiyalari (samolyotlar va harbiy kuchlarni tez, moslashuvchan va tarqoq holda ishlatish usuli, -tahr.) uchun ayniqsa qulay hisoblanadi.

Bugunga qadar C-390 Millennium samolyotlari Braziliya, Portugaliya, Vengriya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Avstriya, Chexiya, Shvetsiya, O‘zbekiston, Slovakiya va Litva harbiy-havo kuchlari tomonidan tanlangan. Samolyot yuqori ishonchlilik, ko‘p qirralilik va samaradorlikni taklif etib, dunyo bo‘ylab harbiy havo kuchlarining taktik va strategik ehtiyojlariga javob beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning may oyida braziliyalik mudofaa sanoatini yoritib boruvchi jurnalist Roberto Kayfa O‘zbekistonga ikkita C-390 Millennium samolyotlari sotilgani haqida xabar bergandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring