O‘zbekistonda sayg‘oqlarni ko‘paytirish rejalashtirilmoqda
2026 yilning 4-6 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi “Ekohudud va ovchilikni rivojlantirish departamenti” davlat muassasasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining go‘zal va sirli hududlarida joylashgan «Sudoche - Akpetki» hamda «Sayg‘oq» davlat landshaft buyurtma qo‘riqxonalariga keng ko‘lamli press-tur tashkil etiladi.
Mazkur media-tadbir 5 may - Sayg‘oqlar xalqaro kuni munosabati bilan o‘tkazilib, uning asosiy maqsadi - cho‘l ko‘rki hisoblangan sayg‘oqlarni muhofaza qilish, ularning ekotizimdagi o‘rnini targ‘ib qilish va bu boradagi milliy strategiyamizni jahon hamjamiyatiga namoyon etishdan iborat bo‘ldi.

Press-turda respublika va hududiy ommaviy axborot vositalari vakillari, yetakchi ekologiya mutaxassislari, qo‘riqxona inspektorlari hamda sohaning ilmiy ekspertlari ishtirok etdi.
Sayg‘oqlar kuni
Sayg‘oqlar xalqaro kuni 2011 yildan buyon dunyo miqyosida nishonlanib kelmoqda. Ushbu sana nafaqat bayram, balki bir paytlar yo‘qolish arafasida turgan bu noyob turning omon qolishi uchun birlashishga chorlovchi global platformadir. O‘zbekiston ushbu noyob turning dunyodagi kam sonli yashash manzillaridan biri sifatida, ularni asrashda markaziy o‘rin tutadi.

Ushbu tashabbus, avvalo, Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiya doirasida shakllangan bo‘lib, sayg‘oqlarni muhofaza qilishda davlatlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Muzlik davri vakili
Sayg‘oqlar - muzlik davridan bugungi kunga qadar omon qolgan noyob relikt tur hisoblanadi, "cho‘l kiyigi" tabiatning haqiqiy mo‘’jizasidir. Bugungi kunda sayg‘oqlar nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda qat’iy muhofaza qilinadi. Xususan, «Yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risida»gi konvensiyaning II ilovasiga kiritilgan. Bu esa uning har qanday shakldagi xalqaro savdosini qat’iy nazorat ostiga olish va noqonuniy ovlanishining oldini olishni kafolatlaydi.

Xalqaro sana sifatida 5 may kunining tanlanishi chuqur ramziy va biologik ahamiyatga ega. Aynan shu davr sayg‘oqlarning bolalash mavsumiga to‘g‘ri kelib, turning hayotiy siklidagi eng nozik va mas’uliyatli bosqich hisoblanadi. Shu bois, ushbu sanada jamoatchilik e’tiborini qaratish - turning kelajagini saqlab qolishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Sayg‘oqlar vatani
Sayg‘oqlar asosan Markaziy Osiyo kengliklari - Qozog‘iston, Rossiya (Qalmog‘iston Respublikasi) hamda Mo‘g‘uliston hududlarida tarqalgan. So‘nggi global tadqiqotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida sayg‘oqlar soni 1,5-2 million bosh atrofida baholanmoqda. Bu ko‘rsatkich so‘nggi yillardagi muhofaza choralari natijasida ijobiy o‘sish dinamikasini ko‘rsatayotgan bo‘lsada, tur hali ham to‘liq ekologik xavfdan xoli emas.

O‘zbekistonda ushbu noyob relikt tur asosan Ustyurt platosining bepoyon adirlarida istiqomat qiladi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi «Sayg‘oq» davlat landshaft buyurtma qo‘riqxonasi ularning asosiy makonidir. 2025 yilgi so‘nggi hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistondagi sayg‘oqlar soni qariyb 300 boshni tashkil etadi. Bu raqam dunyo populyasiyasiga nisbatan kam bo‘lsada, mamlakatimiz hududiy ekotizimi uchun o‘ta qadrli va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “oltin fond” hisoblanadi. Zero, ushbu kichik guruhni asrab qolish va ko‘paytirish milliy ekologik xavfsizligimizning muhim bo‘g‘inidir.

O‘zbekistonda sayg‘oqlarni asrab qolish va ko‘paytirish uchun qator tadbirlar rejalashtirilgan. Qo‘riqxona xodimlari tomonidan ma’lum qilinishicha, yaqin vaqtlar ichida Qozog‘istondan umumiy hisobda 500 bosh yosh sayg‘oqlar olib kelinadi va mahalliy iqlimga moslashtiriladi. Shu tariqa yaqin yillar ichida Ustyurt kengliklarida yana sayg‘oqlar podasi kezib yurganini ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Nima uchun sayg‘oqlarni asrash hayotiy zarurat sanaladi?
Sayg‘oq - shunchaki hayvon turi emas, balki cho‘l ekotizimining «yuragi» va asosiy muvozanat saqlovchisidir. Ular cho‘l ekotizimining ajralmas bo‘g‘ini bo‘lib, ular o‘z ko‘chishlari orqali tuproqni yumshatadi va o‘simliklar dunyosining xilma-xilligini ta’minlovchi tabiiy «bog‘bon» vazifasini o‘taydi. Ushbu tur cho‘l tabiatining salomatlik ko‘rsatkichi hisoblanadi, shuning uchun ularning kamayishi zanjirsimon reaksiya hosil qilib, butun boshli ekotizim barqarorligiga va boshqa o‘nlab turlarning yashash muhitiga jiddiy xavf tug‘diradi.

Ustyurt platosi o‘zining betakror landshaftlari bilan ekoturizmni rivojlantirish, O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish va mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratishda ulkan iqtisodiy salohiyatga ega. Sayg‘oqlarni asrash orqali ushbu hududni “tirik laboratoriya” sifatida dunyoga tanitish - nafaqat tabiatni saqlash, balki kelajak avlodlar uchun barqaror va boy ekologik meros qoldirish demakdir.
«Sudoche-Akpetki»
Safar davomida jurnalistlar shuningdek «Sudoche-Akpetki» davlat landshaft buyurtma qo‘riqxonasida ham bo‘ldilar.

«Sudoche-Akpetki» hududi o‘zining noyob suv-botqoq ekotizimi va boy biologik xilma-xilligi bilan ajralib turadigan strategik maskandir. Bu yerda 314 turdagi hayvonot dunyosi, jumladan, 80 dan ortiq “Qizil kitob”ga kiritilgan noyob turlar va go‘zal pushti flamingolar muhofaza qilinadi.

Markaziy Osiyodagi eng muhim ornitologik markazlardan biri sifatida migratsiya davrida o‘n minglab qushlarga boshpana bo‘ladigan ushbu hudud, tabiat shaydolari va ekofotograflar uchun yovvoyi tabiatning haqiqiy muvozanatini his qilish imkonini beruvchi beqiyos manzildir.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter