Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qalbga yaqin «Leytenant»: harbiy bo‘lishga chorlagan sehrli navo

Qalbga yaqin «Leytenant»: harbiy bo‘lishga chorlagan sehrli navo

foto: Xabar.uz

«O‘tmasangiz, ko‘cham sizni so‘roqlar,

O‘tsangiz, dil quyosh misol charaqlar...»

Shu top ichimda bir ajib xohish uyg‘ondi, harbiylarimiz, Vatan himoyachilari uchun chiroyli, yurakka yaqin nimadir yozgim keldi. Odatda bunday paytda kinolardan yoki kitoblardan ilhom olinadi. Men esa xayolimda o‘zim bilgan qo‘shiqlarni saralay boshladim. Ular ko‘p emas, lekin sanoqlilari borki, yillar o‘tsa-da qalb to‘rida yashaydi. Yulduz Abdullayevaning «Leytenant» qo‘shig‘ini eshitishni boshladimu, sehrli olamga tushib qoldim.

Qiziq, faqat men edimmi bayram shukuhini his qilmoqchi bo‘lgan? Yo‘q, ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarni o‘qib bugun ko‘pchilik 14 yanvar — Vatan himoyachilari kunini o‘zgacha tuyg‘u bilan his qilayotganini, nishonlashayotganini angladim. Yulduz Abdullayevaning ijtimoiy tarmoqlar orqali yangragan ushbu taronasiga odamlar tong sahardanoq o‘z qalb so‘zlarini qoldirishgan edi. Yaxshi tomoni internetga ushbu qo‘shiq nomini izlab yozsangiz juda ko‘plab kanallar orqali tinglash imkoni borligi.

      

Demak, bunday qo‘shiqlar har bir insonda harbiylarga, Vatanga bo‘lgan cheksiz mehrni shakllantirishga xizmat qilar ekan. Qo‘shiqni qayta-qayta eshitarkanman, uning satrlari yuragimga muhrlanib borardi:

Boqmasangiz, zorman, agar boqsangiz...

Shod ko‘zlarim tugmangizdek yaraqlar.

Bir qarab o‘ting bizga, leytenant,

Zor-u intizor qizga, leytenant...

Ayniqsa, qo‘shiq uchun ishlangan klip o‘ta samimiy edi. Leytenant yigitning har bir harakati, yordamga shoshishi haqiqiy mardlik timsoli. Izohlarni o‘qishda davom etarkanman, qalbimda yurt posbonlariga, armiyamizga bo‘lgan o‘zgacha bir shukuh, o‘zgacha faxr tuyg‘ulari toshib chiqa boshladi.

Agar meni chetdan birov kuzatsa, kulguli va zavqli holatga guvoh bo‘lardi: qulog‘imda quloqchin, kompyuter tugmalarini tez-tez bosib maqola yozayapman -u, beixtiyor musiqa ohangiga mos raqsga ham tushyapman — qalbimga kirib kelayotgan ohang bilan birga so‘zlarni tutib qolgim keldimi bilmayman. Chunki maqolani shunchaki yozib bo‘lmasdi, qo‘shiqni shunchaki eshitib bo‘lmasdi.

Bu qo‘shiq shunday, sizni befarq qoldirmaydi, zavqlanmaslikning iloji yo‘q! Ayniqsa, askarlarimizning jiddiy qiyofalari, shaxdam qadamlari kishini ruhlantirib yuboradi.

Uyqum buzar nag‘alingiz tovushi,

 Bir kuyganning qiyin ekan sovushi...

Izohlar orasida bir onaxonning yozganlariga ko‘zim tushadi, shoshgancha izohni keyin yo‘qotib  qo‘ymaslik uchun yozib olaman: «O‘g‘lim uch yoshligidan sizning qo‘shig‘ingizni aytardi, shu qo‘shiq bilan katta bo‘ldi. «Ytinat (leytenant demoqchi)» deb menga chest berardi, shu o‘g‘lim  bugun leytenant, sizni  to‘yga chaqiraman...» Qarang, bir qo‘shiqning kuchi inson taqdiriga qanchalik ta’sir qiladi! Mana shunday qo‘shiqlar ta’sirida bugun qancha o‘g‘lonlarimiz harbiylikni tanladi, ruhi, qalbi yuksaldi ekan...

«Hozir eshitayotganlar bormi? Qalban birgamiz!», deb yozadi yana bir ixlosmand. Men ham beixtiyor «Men ham shu yerdaman!» deb yozib qo‘ydim. Safimiz tobora kengayib borardi...

Xaloskorsiz ofat kelsa bog‘imga,

Dashtda lochin, burgutimsiz tog‘imda.

Intizorman, beqarorman,  mushtoqman,

Yashnab boqing peshvoz chiqqan chog‘imda.

Shu asnoda musiqa avtomatik ravishda yangilanar, «Leytenant» haqidagi qo‘shiq lentada ketma-ket bir-biriga ulanib borardi. Menga qo‘shiq tugamagani yaxshi edi. Uning ta’sirida yozayotganlarimni o‘quvchiga tiniqroq yetkazishimga ishongandirman ehtimol.   

Birdaniga xuddi o‘sha sehrli musiqa sadolari ostida erkak ovozi yangrab qoldi. Yulduz Abdullayeva «kutgan» o‘sha leytenant qo‘shiq aytib chiqishini kim ham o‘ylabdi deysiz?

Shahriyorbek Ostonbekov ijrosidagi bu javob taronasi xuddi yillar davomida kutilgan maktubdek yangradi:

Ko‘changni to‘ldirib o‘tsam har kuni, 

Olifta yigit deb o‘ylama meni. 

Termulsam ranjima, senga boqmasam, 

Aytchi, ko‘r bo‘lmasmi ko‘zlarim meni?

Bu satrlarni eshitarkanman, ko‘z oldimda nafaqat san’atkor, balki Vatan himoyachisining haqiqiy qiyofasi gavdalandi. U faqatgina qizning ko‘ziga yaqin bo‘lishni emas, balki uning hayotiga mazmun bo‘lib kirishni istaydi:

Bir qarab o‘tay senga, yulduzim, 

Zor-u intizor, tanho yulduzim. 

Senga yoqarmikan javob qo‘shig‘im, 

Sen kutgan leytenant menman, yulduzim!

Albatta faqatgina mard insonlargina mehrga mehr bilan javob berish kerakligini qalban anglaydilar...

Olg‘a yurdim shaxdam qadamlar bilan, 

Ko‘nglingdan joy olsam, chekinadi g‘am. 

Qanday kirgan bo‘lsam tushlaringga ham, 

Shunday kirib borgim hayotingga ham...

Ha, bu qo‘shiqlar bizning hayotimizga ana shunday ko‘tarinki ruhni olib kirdi. Bu satrlar shunchaki musiqa emas, bu taqdirlar qissasi. Qanchadan-qancha oilalarda shu qo‘shiqlarni eshitib ulg‘aygan bolakaylar, ota-onasining oldiga haqiqiy leytenant bo‘lib kirib bordi. Bir paytlar qo‘shiqdagi askarga havas qilgan jajji bolalar bugun el tinchligini qo‘riqlamoqda.

Bu satrlarni eshitganda, kimningdir yodiga chegaradagi hushyor nigohlar, kimningdir ko‘z oldiga tinch-osoyishta hayotimiz keladi. Aslida vatanparvarlik bu baland minbarlarda aytiladigan nutqlar emas, balki ruhiyatimizga singib ketgan mana shunday samimiy ohanglardir.

Bu kun nafaqat harbiylarning, balki har bir mard o‘g‘lonning, har bir suyanish mumkin bo‘lgan keng yelkali himoyachilarning bayrami. Biz bugun ikki xil davrning, ikki xil qissasini kuylagan qo‘shiqlar orqali bayramga nazar tashladik. Biri intizorlik bilan kutgan, ikkinchisi esa «Men keldim» deb javob bergan ikki qalbning ovozi bugun armiyamizning kuch-qudrati va oilalarimizning mehr-muhabbatiga qo‘shilgan ehtiromdir.

 ... Siz ham eshityapsizmi bu qo‘shiqni? Uning har bir notasida mardlik va sadoqat bor.

 «Leytenant» qo‘shig‘ini tinglang, uning ohangidagi shaxdam qadamlarni his qiling! Armiyamizdan, jasur harbiylarimizdan chin dildan faxrlaning. Izohlarda «Men shu yerdaman!» deganlar safiga siz ham qo‘shiling, toki askarlar safi kengaygan sari, shaxdam qadamlarning zalvori ortgani kabi yuraklar duk-duki qo‘shilib olamni tutsin...

Askarlarimizning shaxt bilan tashlagan har bir qadamida Vatan himoyasi mujassam. Bugun shunday kun — bizning har bir osuda tongimizni, tinch kunlarimizni ta’minlaydigan mardlar bayrami. Ular bilan birga bugungi kunning shukuhini, g‘ururini his qiling...

Eshityapsizmi qo‘shiqni? U sizning qalbingizga, sizning uyingizga tinchlik va faxr olib kirmoqda. Bayramingiz muborak bo‘lsin, Vatan posbonlari!

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring