Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishda qushlarga ko‘mak: Toshkentda faollar aksiya o‘tkazdi

Qishda qushlarga ko‘mak: Toshkentda faollar aksiya o‘tkazdi

Foto: Eco.gov. uz

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan 3-fevral — Xalqaro qushlarni oziqlantirish kuniga bag‘ishlab “Qishda qushlarga ko‘mak” aksiyasi o‘tkazildi.

Toshkent Botanika bog‘idagi tadbirda 200 ga yaqin yosh ekofaollar, volontyorlar qatnashdi.

“Ekologiya vazirligi tomonidan har yili qishning sovuq kunlarida hayvonlarni, jumladan, qushlarni sovuqdan asrash, bioxilma-xillikni saqlab qolish maqsadida respublikamizdagi barcha muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda biotexnik tadbirlar o‘tkaziladi. Bu yil ham muhofaza hududlaridagi qushlar, hayvonlar ko‘p to‘planadigan joylarga yem, don, xashak kabi ozuqa vositalari qo‘yib chiqildi, — dedi Ekologiya vazirligining bioxilma-xillik siyosati bo‘limi boshlig‘i Abdurashid Sodiqov. — Bugungi aksiyamiz ham biotexnik tadbirlarning davomi hisoblanadi. Maqsadimiz nafaqat qushlarni asrab qolish, balki, kelajak avlodda, yoshlarda qushlarga, hayvonlarga nisbatan mehr-muhabbat tuyg‘usini, ularni saqlab qolishga daxldorlik hissini shakllantirishdir”.

Aksiya davomida ishtirokchilar bog‘dagi daraxtlarga qush inlarini o‘rnatib, unga ozuqalarni qo‘yib chiqishdi. Shuningdek, bog‘ning turli hududlariga ham ozuqalar tarqatildi. 

“Bu aksiya nafaqat Toshkent, balki, respublikamizning boshqa hududlarida o‘tkazildi. — dedi Ekologiya vazirligi Volontyorlar va ekofaollar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Zarrina Abdullayeva. — Ko‘ngillar, ekofaollar tomonidan qushlar ko‘p to‘planadigan joylarga ozuqa mahsulotlari qo‘yib chiqildi. Nafaqat qushlar, balki, barcha tirik jonzotlarni asrab qolishga qaratilgan tadbirlarimiz keyingi yillarda ham davom ettiramiz”.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda yurtimizda jami 487 turdagi qushlar mavjud. Bulardan 52 turdagi qushlar Qizil kitobga kiritilgan, ya’ni noyob qushlar hisoblanadi.

Uchrash xususiyatiga ko‘ra, qushlarning 86 turi o‘troq, 122 turi uyalovchi, uchib o‘tuvchi, 63 turi faqat uchib o‘tuvchi, 80 turi uchib o‘tuvchi, qishlovchi, 16 turi qishlovchi, 54 turi uyalovchi, uchib o‘tuvchi va qishlovchi, 55 turi tasodifan uchib keluvchi (kamdan-kam holda uchrovchi) qushlar hisoblanadi. Umumlashtirib aytganda, yurtimizda uchrovchi qushlarning 320 turi migratsiyada ishtirok etadi.

Xalqaro qushlarni oziqlantirish kunining tarixi 1890–1891-yillarga borib taqaladi. O‘sha yillari Yevropadan qish juda sovuq keladi, Sena va Temza daryolari muzlaydi. Angliya nashrlarida esa odamlardan qushlarni boqib olish, parvarishlash so‘ralgan e’lonlar chop etiladi. Bora-bora Angliyada har yili qish faslida qushlarni oziqlantirish odat tusiga kiradi. Ko‘p o‘tmay qushlarni boqish butun dunyoda an’anaga aylanadi. 1984-yilda Xalqaro qushlarni oziqlantirish oyligi bo‘lib o‘tadi va 1994- yilda 3-fevral Xalqaro qushlarni oziqlantirish kuni deb e’lon qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring