Ruhshunos burchagi: adashgan qizga maslahatlar
«Mening telegramdagi raqamimga notanish yigitdan xabarlar kela boshladi. Javob yozdim. Virtual suhbatlarimiz chuqurlashib ketdi va yigit meni sevib qoldi. Men bundan xavotirga tushib, uni «qora ro‘yxat»imga kiritdim...
Orada otam olamdan o‘tdi. Tushkunlikka tushib yurgan kunlarimning birida o‘sha yigit «men bu qizni badnom qildim» deb gap tarqatibdi. Yaqinlarimga bildirmadimu, ammo o‘zim boshi berk ko‘chaga kirib qoldim. Iltimos, baxtiqaro bo‘lib qolmasimdan yo‘l ko‘rsating».
Adashgan qiz.
Telegram kabi ijtimoiy tarmoq vositalari chiqmagan paytlarda ham odamlarning gap-so‘zlari bo‘lgan. Shunday ekan, sababni bundan izlamaslik kerak. SMS qabilidagi suhbatlar oqibatida insonlarda sevgidan ham ko‘ra o‘zaro bog‘lanish ko‘proq yuz beradi. Ularning bioaurasida moslashuv paydo bo‘ladi. Natijada yanada chuqurroq yaqinlashish hissiyoti uyg‘onadi.
Savol bergan qiz tufayli, garchi yomon mavzularda gaplashmagan bo‘lsa-da, yigitda qiziqish jarayoni kechgan. Agar inson 90 kun davomida har kuni bir soatdan kim bilandir muntazam ravishda gaplashib tursa, uning botiniy ongiga ham kirib boradi. Bu ilmiy ravishda isbotlangan.
Savol bergan qizimizga shu tariqa bog‘langan yigit mazkur holatdan chiqib ketishga qiynalgan va, tabiiyki, alamidan gap-so‘zlar tarqata boshlagan. Agar qiz bu gaplarga e’tibor berib, qiynalayotgan bo‘lsa, demak, qayerdadir o‘zini («gaplashmasam bo‘larkan, boshida o‘chirib tashlasam yaxshi edi» deb) ayblayapti.
Unutmang, inson o‘zini har qancha ayblasa, atrofdan ham xuddi shuncha ayblovlar kelaveradi. Bunday natija bo‘lmasligi uchun vaziyatni to‘g‘ri tahlil qilib, begonalar bilan tanishuv oqibatida uzoq suhbatlashish o‘zaro bog‘lanishga olib kelishini tushunib yetmoq kerak.
Qizga maslahatimiz: eng avvalo, fe’l-atvoringizda qandaydir insonlar bilan o‘rtangizda «chegara ushlash» ko‘nikmasini shakllantirishingiz, o‘z hududingizga har kimni ham kiritmaslikni o‘rganishingiz lozim. Siz ichki hissiyotlaringizni jilovlay olsangizgina begonalar bilan gaplashing, o‘zaro suhbatdan maqsadingizni anglab yeting.
Xullas, bu voqea savol bergan qiz uchun saboq bo‘lib xizmat qilyapti. Faqat to‘g‘ri xulosa chiqarsa yutuqqa erishishi mumkin. «Omadsizman, menga baxt kulib boqmayapti» deyish battar tushkunlikka tushiradi. Gap-so‘zlarning noto‘g‘ri ekanligini birma-bir hammaga tushuntirib chiqa olmaydi-ku!
Shunday ekan, vaqti kelib kimning aslida qandayligi ayon bo‘ladi. Bu kabi qizlar esa hayotda bo‘shashmasin, o‘z maqsadi sari ildam yursin. U yutuqlarga erishish orqali o‘sha yigitning gaplari noto‘g‘ri ekanligini isbotlagan bo‘ladi. Demak, xat yozgan qiz kuchli shaxs, zero, faqat kuchli insonlarga doimiy ravishda sinovlar beriladi.
Baxtiniso Azimboyeva,
shifokor-ruhshunos.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter