Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fotomaqola. «Seni Orolqum deyishlarini istamayman!»

Fotomaqola. «Seni Orolqum deyishlarini istamayman!»

Foto: «Xabar.uz»

Ustyurtdan Orol dengizigacha bo‘lgan uzoq yo‘lni bosib o‘tgunimizcha qosh qoraya boshladi.

Bu hududlar bizda xuddi boshqa sayyoraga tushib qolgandek taassurot uyg‘otdi. Uning tabiati, manzarasi O‘zbekistonning boshqa hech bir yeriga o‘xshamaydi. Kanonlar, chinklar... Tuz ko‘pligidan oppoq tus olgan tuproq oyoq ostida xuddi qordek g‘ichirlashi haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Ayniqsa, taqir cho‘lda chig‘anoqlarning sochilib yotgani, odamzodga «ko‘rayapsanmi, yaqindagina bu yerlar dengiz edi, endi esa cho‘lga aylandi» deya mungli boqib turganga o‘xshaydi. Bir avlod ko‘z o‘ngida (tarix uchun bu juda qisqa muddat) qurib borayotgan dengiz o‘rnida hosil bo‘lgan Orolqum sahrosi hali dengiz qoldiqlaridan butkul qutulmagani uchun o‘zini juda noqulay sezayotgandek tuyuldi menga. Cho‘l bostirib kelayotgani bilan dengiz ham taslim bo‘lmayapti... Ikki unsurning beshafqat kurashi ko‘z o‘ngimizda ro‘y berayapti. Albatta, bu kurashda odamlar dengiz taraf (kech bo‘lsa-da), lekin kuchlar teng bo‘lmagach, borini saqlash, qolganidan to‘g‘ri foydalanish, bundan buyog‘iga fojia deb qaramay undan unumli foydalanish yo‘llarini qidirishni boshlashdi. Chayqalib-chayqalib ketayotgan avtomobilda shu haqda o‘ylab borarkanman, kamgap haydovchimiz Oybergan akaning ovozi eshitildi, «tengiz» dedi u sekingina.

Barchamiz birdan hushyor tortdik.

— Tengizga yaqinlashib qoldik deyman, — dedi Oybergan aka eng qadrli narsasi haqida gapirayotgandek ovozi g‘urur va faxrdan titrab, keyin qo‘li bilan o‘ng tarafga ishora qildi.

Hamma mashina oynalariga yopishdi, lekin oldinda oppoq tekislikdan boshqa hech narsa ko‘rinmasdi. Bizdan oldin kelgan mashinalar qatoridan joy olganimizdan so‘ng atrofga hayron bo‘lib qaradim. Chunki bu yaqin atrofda dengiz ko‘rinmas, hech bo‘lmasa shabada ham suv nafasini olib kelmasdi...

— Qani dengiz?! — dedim yo‘l bo‘yi jiddiy kelgan odam nahotki hazillashgan bo‘lsa degan xayolda.

— Shu tomonga qarab yuraverasizlar... U yog‘iga mashina bormaydi, — dedi Oybergan aka quyuq tuman tomonni qo‘li bilan ko‘rsatib.

Shoshgancha tuz bosgan maydon bo‘ylab yurib ketdik. Oyoq osti xuddi qorda yurgandek g‘ichirlaydi. Har qadam bosganingizda oyoqkiyimingiz botib ketaveradi. Yurish oson emas. Biroz yurgandan so‘ng tuman yupqalashib, uzoqdan hamrohlarimiz ko‘rindi. Atrofga g‘alati jimlik cho‘kkan. Hamma dengizni tezroq ko‘rish istagida oldinga intiladi. Birozdan so‘ng tuman butkul tarqab, ko‘m-ko‘k tasmadek bo‘lib suv ko‘rindi.

Dengiz! O‘z-o‘zidan ko‘nglim quvonchga to‘lib, suv tomon yugurdim.

Orol!

Qartayib, xastalangan Orol bizni biroz begonasirab qarshi olgandek tuyuldi. To‘lqinlari shoshmadi. Sekin-sekin jimirlab, oshiqmay qirg‘oq tomon kelar va yana sekingina ortga qaytardi.

Dengizdan qo‘limga bir hovuch suv oldim. Ko‘nglimdan g‘alati tuyg‘ular o‘tdi. Yig‘lagim keldi. «Qurimagin, iltimos! Sen yashashing kerak! Bizga juda keraksan, Oroljon! Seni Orolqum deb atashlarini istamayman! Kechadan buyon shu so‘z ko‘nglimga toshdek botayapti. Sen dengizsan, Orol dengizisan...». Orol ko‘nglimdan o‘tganlarni tushungandek jimirlab qo‘ydi.

Xayollarimni Oktyabr akaning so‘zlari bo‘ldi. Jonkuyar, o‘z dengizini, o‘z Mo‘ynoqini jondan ortiq yaxshi ko‘radigan Oktyabr aka endi Orol fojiasi haqida gapirardi:

— Orol dengizi haqidagi ilk ma’lumotlar X-XI asrlarga tegishli. Uni tarixchilar Qipchoq ko‘li deb yozishgan.

Orol dengizi haqida ma’lumot rasman 1848 — 1849-yillarda qayd etilgan bo‘lib, u xarita Londonda chop etilgan...

Mo‘ynoqda 33 millat vakillari yashagan, ko‘plari surgun qilingan ziyoli kishilar bo‘lgan.

Orol kuychisi deb atalgan Rafael Matevosyan haqida Oktyabr aka to‘lqinlanib so‘zladi.

— 1965-yillarda Rafael Matevosyan bir kuni tongda qattiq yig‘i-sig‘i va shovqindan uyg‘onib ketadi. Xayoliga birinchi bo‘lib «urush boshlanibdi!» degan sovuq fikr keladi va yugurib tashqariga chiqadi.

Baliqchilar bor ovoz bilan yig‘lashar, odamlar tabiatning tushunarsiz hodisasi oldida vahimaga tushishgandi. Rassom vahima sababini aniqlash uchun atrofga alanglab, qotib qoladi. Kechagina to‘lqinlanib turgan dengiz bir kechada salkam ikki yuz metr chekingandi! Qayiqlar suvsiz qolgan baliqdek bir yonga yonboshlab qolgan... To‘satdan kelgan ofat barchani cho‘chitib qo‘ygandi.

Aslida bu ofat to‘satdan kelmagan, suvi kamayib borayotgani haqida dengiz yillar davomida ishoralar bergan, chaykalar o‘z uylarini tashlab ketgan, baliqlarning ayrim turlari o‘z makonini tark etgan, ayrimlari esa qirilib keta boshlagan. Lekin odamlar hushyor tortishmagan!

Bundan qattiq ta’sirlangan rassom ko‘plab suratlar chizadi. Uning Orol dengizini tarannum etuvchi suratlari hozir Mo‘ynoqdagi o‘lkashunoslik muzeyida saqlanadi.

Suvning bir kechada kamayishiga turli sabablar ko‘rsatiladi. Ayrimlar suv osti yerlarining yorilishi tufayli suv Kaspiy tomonga oqib ketgan desa, ayrimlar sobiq ittifoq davrida allaqanday maxfiy operatsiyalar o‘tkazilib, portlash ro‘y bergan deydi. Boshqa taxminlarga ko‘ra suvni o‘ylamay sarflash, Mirzacho‘l qo‘ynida shahar yaratishdek g‘ayrioddiy istak sabab Orol dengizi o‘z qirg‘oqlaridan chekingan.

Bu taxminlarning qay biri haqiqatligini bilmaymiz, balki hech qachon bilmasmiz ham. Lekin fakt shuki, dengiz ketdi, o‘z qirg‘oqlaridan ancha uzoqlarga ketdi. O‘zi bilan birga suv jonivorlari va atrofga ko‘rk berib turgan o‘simliklarni ham olib ketdi.

 Artemiya va rivojlanib borayotgan turizm sohasi

Yaqin-yaqin vaqtlargacha Orol dengizi Markaziy Osiyo iqtisodiyotini rivojlantirish, oziq-ovqat ishlab chiqarish, aholi bandligini ta’minlash va barqaror infratuzilmani shakllantirishda muhim o‘rin tutar edi. Aytishlaricha, Orolbo‘yi suv havzalarida yiliga 35 ming tonnagacha baliq ovlangan, Amudaryo va Sirdaryo millionlab odamlarning qishloq xo‘jaligida ish bilan bandligini ta’minlardi.

So‘nggi ellik yilda Orol dengizining suvi salkam 14 barobar kamaydi, sho‘rlanish darajasi esa 25 barobar ortgan. Natijada dengizdagi baliq va boshqa mavjudotlar deyarli yo‘qolib bitgan.

Aslida Orolbo‘yida ro‘y berayotgan fojia ko‘lamini raqamlar bilan ifodalab bo‘lmaydi. Dengizning qurishi butun Markaziy Osiyoda iqlim keskin o‘zgarishiga olib keldi, yozning o‘ta issiq, qishning o‘ta sovuqligi, tog‘lardagi muzliklarning erishi tezlashgani sharoitni yanada og‘irlashtirdi.

Afsuski, bugungi kunda Orolni to‘liq tiklash imkoni yo‘qligi ayon bo‘lmoqda. Orolning qurigan qismida hosil bo‘lgan millionlab gektardan ortiq maydondagi yangi sahro tobora kengayib bormoqda. U yerda har yili 100 million tonna chang va tuz atmosferaga ko‘tarilib, ancha olislarga ham tarqalmoqda.

Shundan so‘ng tezkor choralar ko‘rila boshlandi, yuqorida aytganimdek, eng avvalo Amudaryo suvi qumga singib ketishining oldi olinib, alohida suv havzalarida baliqchilikni rivojlantirish yo‘lga qo‘yildi.

Oktyabr aka bizga dengiz qirg‘oqlaridagi suvda suzib yurgan qizil jonzotlar haqida ham gapirib berdi. Artemiya deb ataladigan bu jonzotlar savdosi bilan shug‘ullanish hozirgi kunda hududda ancha rivojlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra Orol dengizining har bir litrida 1960-yillarda 10-12 gramm tuz bo‘lgan. Suv tarkibi o‘zgargach, mahalliy baliqlar qirilib ketganligi sababli unga qalqonbaliq singari har xil okean baliqlari olib kelindi. Orol dengizi suvida faqat bitta jonzot yashab qoldi. U ham bo‘lsa — artemiya.

Baliqchilik sohasini rivojlantirishda artemiya sistalarini ko‘paytirish yaxshigina samara berdi.

Bugungi kunda Orol dengizidan artemiya sistalarini yig‘ib olib sotish bilan shug‘ullanuvchi o‘ndan ortiq firma va korxonalar mavjud. Ularni baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi qator davlatlar sotib olmoqda. O‘zimizdagi baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga ham yetkazib berilayapti.

Qolaversa, bugungi kunda dengiz sohili sayyohlar uchun dam olish hududiga aylantirilmoqda. Dunyoning turli mamlakatlaridan keluvchi sayyohlar mazkur hududga odamzotning tuzatib bo‘lmas xatosi tufayli quriyotgan dengizni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istashi tabiiy. Ularga qulay sharoit yaratib berish, turistlarni jalb etish maqsadida ayni paytda Orol dengizining suvi saqlanib qolgan Oqtumsiq burunida sayyohlar sayr qilishi, dengizning tuzli suvida suzishi va betakror Orol, Ustyurt landshaftlaridan bahramand bo‘lishi uchun 12 o‘tovdan iborat turistik majmua tashkil etilgan. Biz ham aynan mana shu majmuaga joylashdik.

Orolbo‘yida yuzaga kelgan ekologik muvozanatni mustahkamlash, cho‘llanishga qarshi kurashish, suv resurslaridan tejab-tergab foydalanish, Orolbo‘yi aholisining genofondi va salomatligini saqlash uchun sharoit yaratish, aholi turmushini yaxshilash uchun sharoit yaratilmoqda.

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga a’zo bo‘lgan deyarli barcha mamlakatlar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi suvni tejash, Orolbo‘yini qayta tiklash va rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturlarni amalga oshirmoqda. Suvni tejaydigan texnologiyalar keng joriy qilinmoqda.

Bundan tashqari tuz bo‘ronlari mintaqaga xavf solishini kamaytirish maqsadida Orolqumning 310 ming gektardan ziyod yerida saksovulzorlar yaratildi, o‘rmon va to‘qaylar barpo etilayapti. Natijada tuz ko‘chirmaydigan yashil belbog‘lar paydo bo‘lmoqda.

Oktyabr Do‘spanovning aytishicha, Orolga obihayot qaytmoqda. Ayrim suv havzalarida baliqchilik tiklanmoqda. Tabiiy havzalarda suv ko‘paygan.

Bu dunyo qanchadan-qancha mo‘’jizalarni ko‘rgan, balki sa’y-harakatlar besamar ketmas, balki kun kelib dengizning bir qismi tiklanar. Har holda yaxshi niyat qilgan yaxshi-da... Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan «UzWaterAware» loyihasi doirasidagi Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan media-turning yakuniy qismini tez orada e’tiboringizga havola etamiz.

Dilfuza Sobirova

Mo‘ynoq — Toshkent

Davomi bor

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring