Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Sirli sukut»: Qo‘qon hokimiyati o‘zi pishirgan «kasha»ni kimga yedirmoqchi?

«Sirli sukut»: Qo‘qon hokimiyati o‘zi pishirgan «kasha»ni kimga yedirmoqchi?

«Kasha»ning o‘zbekchasi «bo‘tqa»midi? Rahmat. Bo‘tqa - parhez taom. Oshqozonga botmaydi. Sog‘-u nosog‘ birdek paqqos tushirishi mumkin. Ishtaha karnay bo‘lishiyam shartmas. Ta’b tortsa - bo‘ldi!  Biroq oshxona bo‘tqasi boshqa, davlat idorasida tayyorlangani boshqa-da. Oshxona bo‘tqasining ishqivozlari serob. Mutasaddi idoralarda «pishirilgan»ning xo‘randasi yo‘q: bunaqasi odatda  o‘zgaga yediriladi. Kerak bo‘lsa, majburlab.

Qo‘qon  shahar hokimiyatida arzimagan masalaning «bo‘tqasi» chiqsa deng.  

Voqelikning muxtasar bayoni andoq: 2016 yilning 24 iyun kuni shaharning o‘sha paytdagi hokimi fuqaro Z. Sharipovaga  Shoxruhobod ko‘chasidan 2 qavatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchasi hamda ofis-bino inshootlari qurish uchun to‘rt sotix yer maydoni ajratish  to‘g‘risida qaror chiqaradi.  Qo‘qon kaftdekkina shaharcha. Aholi haddan ziyod zich.  Demakki, shaharning qoq kindigidan bir parcha yerli bo‘lish salkam mo‘’jizadek gap! Aksariyat aholisi savdogar-u tadbirkor bo‘lgan shaharda boshqacha bo‘lishi mumkinmi? Ha deysizmi? O‘lmang.

 Fuqaro Z. Sharipovaga bunday saodat qanday nasib etdi?

 Ayolning marhum turmush o‘rtog‘i bir paytlar «Marhabo» jamoa korxonasi a’zosi bo‘lgan ekan. Jamoa korxonaga qarashli bino buzilishga tushgani bois merosxo‘r sifatida unga yuqoridagi yer maydoni ajratilibdi. Hujjatlarda shunday.

Marhumga hurmat, bevasiga izzat ko‘rsatish a’lo fazilat, albatta. Biroq bunaqa e’tibor mavjud qonunlar-u qoidalardan «sakrab o‘tish»ga imtiyoz bermaydi-da. Boz beva ayolni «nayzaning uchi»ga aylantirib, asosiy manfaatdorlar «parda orti»da bo‘lishsa-chi? Bu endi, avvalo, ayolning o‘ziga, qolaversa, marhumning ruhiga, hatto davlatga ham xiyonatdan boshqa narsa emas... Bu gapga e’tirozingiz bormi? Yo‘q?.. Rahmat.

Davom etamiz: xo‘p,  yer ajratildi. Xo‘sh?

Hokimning yuqoridagi qarorini tayyorlagan shovvozlar  qonunning oddiy talablariga ko‘z yumgani qiziq. Qator-qator savollar ochiq qolib ketgan. Masalan, ajratilgan yer maydoni hokimiyat zaxirasida edimi? Yo‘q. Marhumning jamoa korxonasidagi ulushi qancha edi? Bu savol ham muallaq. Ulush miqdori aniqlanmay yer maydoni ajratishni qonun oqlaydimi? Albatta, yo‘q. Ayolning qo‘lida huquqiy voris ekanini tasdiqlovchi hujjat bormidi? Yo‘q-da. Buzilgan bino uchun kompensatsiya shartlari, to‘lov shakli va miqdori kelishilganmidi? Yo‘q, yo‘q...

Shu savollarning o‘ziyoq ajratilgan yer maydonining qonuniyligini katta so‘roq ostida qoldiradi.

Hayratingizni jilovlab turing. Yuqoridagi qator-qator savollarga qaramasdan ko‘zni chirt yumgan holda shu ayol nomiga shaharning Movarounnahr ko‘chasidan avval ham (24.12. 2009y. 467-sonli qaror!) yer maydoni ajratilganiga nima deysiz?

Qalay, qalovi  topilsa, qor yonar ekanmi?!

Buni Qo‘qon deb qo‘yibdi. Bir parcha yer tillo teng. Tasavvur qilishingiz uchun aytamiz: shahar markazidan to‘rt sotix yeri bor odamga  o‘sha yer maydoni uchun uchta yangi «Neksiya-3» taklif qiling, Sizni jinniga chiqaradi: hisobni bo‘ri yegani yo‘q, akaxon?!

Biroq bo‘rining tishi tillodan bo‘lsa, uncha-muncha hisobni yamlamay yutarkan-da.

Qonundan «hatlab o‘tgan» holda yer ajratish mumkinligi xususida Z. Sharipovaning hatto tasavvuri bo‘lmasa kerak. Uning bor-yo‘q «aybi» – marhum turmush o‘rtog‘i nomi qachonlardir jamoa korxona ta’sischilari ro‘yxatiga tirkalgani, o‘zi esa bugunga kelib, «yer biznesi» uchun «munosib nomzod»ga sal-pal o‘xshab ketishida, xolos. Hokimiyat ostonasida yillab sarg‘aymadi, shikoyat yozib riyozat chekmadi. Ikkita-uchta  qog‘ozga imzo chekdi — bas!.. Uch-to‘rt so‘m choychaqa  kimga ortiqchalik qilibdi?!

Hamma gap u va unga o‘xshaganlarning «orqasi  berkinib» ish ko‘radigan azamatlarda! Azamatlarki, yuqorida bayon qildik, qorni yondirib, muzni o‘tin qilishi, hay-hay, demasang, hatto pashshaning qorniga motor qo‘yib minishi  mumkin...

Maqola boshida aytganimiz – Shoxruhobod ko‘chasidan  sirligina ajratilgan yer maydonining qog‘ozdagi emas, Amaldagi Egasi yon qo‘shnisi bilan nizo chiqarmaganda, yuqoridagi sir-sinoatlarda qog‘ozlar qabatida qolib ketarmidi, kim bilsin?! Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda chiqarkan-da. Hozirgi zamonda qirq yil tugul, to‘rt yilga bormayotir.

Hokim qarorini tayyorlagan azamatlar biroz hayajonga berilganmi yoki shunchaki e’tiborsizlikmi Shoxruhobod ko‘chasidan  yer ajaratishayotganda qurilish ishlari uchun yo‘lakni xayoldan faromush qilishgan ekan. Yer maydonining Amaldagi Egasi qo‘shni – o‘ziga o‘xshagan tadbirkor Akmal Ashurboyevga yo‘lak uchun joy berish talabini qo‘ydi. A.Ashurboyevning javobi muxtasar bo‘ldi: bir parcha yerning bahosini yaxshi bilasiz, hoji, men bilan mojaro qilguncha qo‘lingizga qaror tutqazgan akaxonlarga borsinlar, xo‘pmi?

«Akaxonlar»-u «ukaxonlar»ning  tomonlarni murosaga keltirishga urinishidan naf chiqmadi. Shugina masala chuvalanib-chuvalanib sudgacha yetdi: Z.Sharipova nomidan sudga da’vo kiritildiki, o‘zganing yer uchastkasidan  cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) bering, deb... Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudi sudyasi nizoni joyiga bori o‘rgandi, taqdim etilgan hujjatlarni obdon tahlil qildi. Qarasaki, servitut  berishga asos yo‘q.  Shuningdek,  ayni jarayonda  hokim qarorining qonun talablariga mos kelmaydigan nuqtalari «bo‘y ko‘rsatib» qoldi. Shu bois da’voni rad etar ekan, hokim qarorini tayyorlagan azamatlarning xatti-harakatiga huquqiy baho berish lozimligi  bois xususiy ajrim chiqarib, prokuraturaga yubordi. Xususiy ajrim sabab mutaxassilar jalb qilgan holda vaziyat o‘rganilganda haqiqatda Z. Sharipova nomiga yer maydoni ajratilishida qo‘pol qonunbuzilishlar  tasdiqlandi. Natijada Qo‘qon shahar prokurori hokim M.A.Usmanov nomiga protest kiritdi: hokim buva, qarorlarning tagi loy-ku, ularni qonunga muvofiqlashtirish kerak, masalani o‘n kunda hal qiling!

Prokuror talab qilgan «o‘n kunlik» muddatdan naq o‘n ikkitasi o‘tdi:  hokim protestga qiyo boqmaydi?!

Aytgancha, hokimiyat tortmalarida «dimiqib yotgan» prokuror protestigina emas.

Yo‘q joydan paydo bo‘lgan mojaro A. Ashurboyev rejalariga tushov soldi. O‘ziga qarashli hududning bo‘sh joyiga avtobomil ta’mirlash ustaxonasi, ma’muriy bino, omborxona qurmoqchi edi (shu ishlar amalga oshsa, kamida olti nafar yosh ishli bo‘lardi). Biroq  mojaro  sabab na ko‘ngilda xotirjamlik bor, na hokimiyat qurilishga ruxsat beradi?! Toqati toq bo‘lgan tadbirkor Qo‘qon shahar ma’muriy sudiga murojaat qildi.  Arizasi qanoatlantirilib, sud  Qo‘qon shahar hokimligi zimmasiga «...A. Ashurboyevga tegishli   bo‘sh yer maydoniga  loyiha asosida  kengaytirilgan ustaxona, ma’muriy bino va  omborxona qurishga ruxsat berish haqidagi masalani qonuniy  tartibga ko‘rib chiqish  majburiyati»ni yukladi.

Mazkur sud qarori qonuniy kuchga kirganiga uch oy bo‘lmoqda. Hokimiyat sud (!) yuklagan majburiyatni ham  ado etmoqqa shoshilayotgani yo‘q. Sukut.

Bu sirli  sukutning quvvati qanday omillarga borib taqaladi?

Nima, ma’muriy sud qarori ham, prokuror protesti ham bir tiyinmi?

Shu paytgacha shahar prokurori: «hokim buva, protest natijasi nima bo‘ldi?» deya  talab qilishga jur’ati yetmayotgani-chi?..

Bu savollarning javobi biz uchun ham qiziq.

...Yuqoridagi bayonlardan angladingizki, masalaning anchayin bo‘tqasi chiqqan. Hokimiyat uni kimga ichirishni bilmay halakdek, go‘yo.

Biror hudud yetakchisi uchun  o‘sha muzofot aholisi orasida yaqinlari bo‘lishi mumkin, illo o‘gayi bo‘lmasligi kerak. Aks holda, muvozanatga putur yetadi. Adolat va Xolislik – rahbar uchun asosiy mezon shu. Qo‘qonga xos shirin lutf yoki shaharning ko‘rinarli joyiga bayroqni baland tikib qo‘yish bilangina odamlarni rozi qilib bo‘lmaydi, axir?!

Ahmad Polvon,

Otabek Yusupov


P.S.  Maqolaga oxirgi nuqtani qo‘yib ulgurmay xabar keldi: da’vogar fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga nisbatan kassatsiya shikoyati beribdi. Yaxshi. Bu uning huquqi. Fuqarolik ishi Farg‘onada kvorum bo‘lmagani sabab Namanganga yuborilibdi. Yo‘lkira uchun qo‘shimcha chiqimni aytmasa hech qanday ajablanarli joyi yo‘q buning.  Yana aytildiki, fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudining ajrimiga muvofiq,  «Yermulkadastr» DKning Qo‘qon filiali rahbari  N. Ahmedov  xulosa yozibdi: nizoli joyda servitut belgilash mumkin, deb...

 Buni ochilayotgan etakni yopishga urinish deyish mumkin, xolos. Vassalom.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring