Toshkentda xalqaro investitsiya forumi kunlari ayrim ko‘chalar yopiladi
16-iyun kuni Toshkent shahri V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga mezbonlik qiladi. Shu munosabat bilan xavfsizlik choralarini ta’minlash maqsadida 16–18 iyun kunlari shaharning ayrim ko‘chalarida transport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi.
IIV matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Islom Karimov ko‘chasining Sharof Rashidov va Furqat ko‘chalari oralig‘idagi qismida, shuningdek Maxtumquli, Temur Malik va Yangi O‘zbekiston ko‘chalari tutashgan ko‘prikdan Yangi O‘zbekiston hamda Istiqlol ko‘chalari chorrahasigacha bo‘lgan hududlarda transport harakati vaqti-vaqti bilan to‘xtatiladi.
Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi atrofidagi ayrim yo‘llarda ham cheklovlar joriy etiladi. Xususan, Sharof Rashidov va Abdulla Qodiriy ko‘chalari chorrahasidan Qorasaroy hamda Nurafshon ko‘chalari kesishmasigacha bo‘lgan yo‘nalishlarda transport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi.
Ma’lum qilinishicha, haydovchilar uchun muqobil aylanma yo‘nalishlar tashkil etiladi. Tezkor xizmatlar transporti mazkur cheklovlardan mustasno hisoblanadi.
Bundan tashqari, forum kunlari yuk avtomobillarining Toshkent shahriga kirishi ham vaqtincha taqiqlanadi. Ularning harakati Toshkent viloyatining aylanma yo‘llari orqali yo‘naltiriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter